O‘zbekiston | 16:34 / 09.03.2023
10681
3 daqiqa o‘qiladi

Tuman hokimlarining kengash raisi maqomi 2026 yilda bekor qilinadi

Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari 2024 yilgi deputatlik saylovlaridan keyin kengash raisi lavozimidan ketadi. Yangi tarkibdagi deputatlardan biri kengashga rais bo‘ladi. Raisni to‘g‘ridan to‘g‘ri xalq saylamaydi, kengash a’zolari saylaydi. Bu amaliyot tuman va shaharlar miqyosida 2026 yildan boshlab qo‘llanadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston parlamentida konstitutsiyani yangilash haqida ma’ruza qilgan deputat Jahongir Shirinov asosiy qonunga kiritilayotgan ayrim o‘zgarishlarni sanab o‘tdi.

“Konstitutsiya loyihasiga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarida hokimlarning xalq deputatlari kengashlariga rahbarlik qilish amaliyoti tugatilib, kengashlarga hokimdan mustaqil bo‘lgan alohida kengash raisi rahbarlik qilishi belgilanmoqda.

Sodda qilib aytganda, endilikda viloyat va tuman (shahar)da xalq saylagan deputatlar hokim faoliyatini bevosita va xolisona nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Endi hududda ijro hokimiyatiga hokimlar, vakillik organiga hokimdan mustaqil bo‘lgan mahalliy kengashlar raislari rahbarlik qilishadi. Hokimlarning mahalliy kengash oldida hisobot berishi esa, ularga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Ta’kidlash lozimki, mahalliy kengashlarning ish tartibi hozirgi tartibga moslashib ketgani hech kimga sir emas. Shu sababli, kengash raisi va hokim lavozimlarini bir-biridan birdaniga ajratib bo‘lmaydi, buning uchun qonunchilik bazasini qayta ko‘rib chiqish, kadrlarni tayyorlash, moddiy-texnika masalalarini hal qilish kerak bo‘ladi. Eng muhimi, hududlarda ikkita organ o‘rtasida vazifalar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, ularning vakolat va vazifalarini aniq qilib ajratib berish lozim.

Shunga ko‘ra, kengashlar raisi va hokim lavozimlarining bir-biridan ajratilishi – Toshkent shahar va viloyatlarning davlat hokimiyati organlariga nisbatan 2024 yildagi navbatdagi mahalliy kengashlarga saylov natijalari bo‘yicha, tuman va shaharning vakillik va ijro organlariga nisbatan esa 2026 yil 1 yanvardan boshlab qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Yana bir masala. Loyihaning ilgari e’lon qilgan tahririda xalq deputatlari kengashi tomonidan mahalliy budjetni ko‘rib chiqish faqatgina hokimning taqdimiga binoan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan edi. Bu esa deputatlarning bu boradagi vakolatini bevosita hokimga bog‘lab qo‘ygan edi. Endilikda mana shunday tobelik chiqarib tashlanmoqda, ya’ni mazkur normaning yangi matnida xalq deputatlari kengashi “mahalliy budjetlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish” vakolati hech qanday shartlarsiz va to‘siqlarsiz amalga oshirilishi ko‘rsatilmoqda. Bunday qoida hududiy dasturlarni tasdiqlash jarayoniga nisbatan ham tatbiq etilmoqda”, – dedi Jahongir Shirinov.

Mavzuga oid