O‘zbekiston | 16:21 / 19.07.2025
8081
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways bortida chaqaloq dunyoga keldi

Bugun, 19 iyul kuni Uzbekistan Airways'ning HY282 Istanbul–Toshkent reysida chaqaloq tug‘ildi. Aviakompaniya xabariga ko‘ra, parvoz davomida yo‘lovchilardan birida muddatidan oldingi tug‘ruq boshlangan. Yaxshiyamki, yo‘lovchilar orasida ikki nafar shifokor bor edi, ular ekipaj bilan hamkorlikda zarur tibbiy yordamni tezkorlik bilan ko‘rsatishgan.

Foto: Kun.uz

Ekipaj komandiri qarori bilan samolyot Urganch aeroportiga favqulodda qo‘ngan. U yerda ona va yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolani shifokorlar kutib olishgan. Oila tezkor tarzda mahalliy klinikaga yetkazilgan.

Uzbekistan Airways bu haqdagi rasmiy xabarida oilani farzandli bo‘lgani bilan tabrikladi va ekipaj a’zolariga minnatdorlik bildirdi.

“Havo kemasi komandiri Mixail Ajgirevich, ikkinchi uchuvchi Eler Xoshimov. Bortkuzatuvchilar: Lyudmila Li, Alina Ibragimova, Diana Dyu, Intizor Yusupova, Shuhrat Ernazarov, Fozil Zuhurov, Feruza Rajarova va Shahzoda Nurullayeva. Shuningdek, reysda tasodifan bo‘lgan va o‘z yordamini ko‘rsatgan shifokorlar – Dilbar Sheripbayeva va Dilshod Nortojiyevga alohida tashakkur bildiramiz.

Bulutlar orasida boshlangan hayot yo‘li parvozdek yengil va yorug‘ bo‘lsin!” – deyiladi aviakompaniya press-relizida.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida UzAirways'ning Toshkent–Nyu York reysida ham chaqaloq dunyoga kelgan, samolyot favqulodda Islandiyaga qo‘ngandi.

Mavzuga oid