Jahon | 12:00
2542
10 daqiqa o‘qiladi

Urushga tayyor Jo‘laniy, taksidagi Pizishkiyon – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 20 iyul, yakshanba. O‘tgan hafta dunyoning yana bir davlatida urush avj olib, Isroil endi Suriyaga hujum qildi. AQSh prezidenti Tramp Rossiyaga muhlat berdi. Okean ortida futbol klublari o‘rtasida jahon chempionati yakunlandi, Eron prezidenti Tabrizga taksida bordi. Quyida hafta davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan ba’zi muhim voqealarni birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroilning Suriyaga hujumi

Isroil Yaqin Sharqdagi yana bir davlat – Suriyaga hujum qildi. Rossiya qo‘llovidagi diktator Bashar Asad ag‘darilganidan keyin Isroil tez-tez bu davlatga raketa uchirayotgandi, lekin bu gal TSAHAL avvalgi kabi Asad armiyasidan qolgan tashlandiq binoni emas, Suriyani jang bilan olgan Jo‘laniy hukumatiga tegishli mudofaa vazirligi binosini nishonga oldi. Bu – jiddiy zarba.

Netanyahuning aytishicha, Isroil Suriyaga «u yerdagi druzlarni himoya qilish uchun» hujum qilibdi. Isroil Damashqdan janubiy hududlarni «demilitarizatsiya qilmoqchi». «Druzlar urushayotganda biz jim qarab turmaymiz», dedi Isroil bosh vaziri.

Ma’lumot uchun, Ahmad ash-Shar’a boshchilik kuchlar hukumatga kelganidan keyin Suriyada druzlarga nisbatan zo‘ravonlik kuchaydi. Suriya yangi lideri bu muammo hal qilinishini aytdi. Biz Isroilning Suriyadagi iddaolari bo‘yicha alohida material ham e’lon qilganmiz. Uni o‘qishingizni tavsiya qilaman.

Hafta bayonoti

Haftaning eng muhim bayonoti Suriya yangi prezidenti Ahmad ash-Shar’a tomonidan berildi. Jangovar taxallusi Jo‘laniy bo‘lgan qo‘mondon-prezident Isroilning navbatdagi hujumidan keyin Tel-Aviv manziliga keskin chiqish qildi. Xususan, Suriya urushdan qo‘rqmasligini aytdi.

«Millatimiz ajralmas qismi bo‘lmish druzlarga murojaat qilaman: Suriya hech qachon o‘z farzandlari o‘rtasida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaydi. Sizning huquq va erkinligingizni himoya qilish – bizning vazifamiz. Sizni tashqi kuchlar bilan ittifoq bo‘lishga undaydigan ishlarni qilmaymiz.

Isroil sobiq tuzum qulaganidan buyon oraga nifoq solishga urinib kelmoqda. Ular bugun muqaddas yurtimizni yana jang maydoniga aylantirishmoqchi. Kuchli bo‘lish g‘alaba degani emas. Siz urush boshlashingiz mumkin, lekin uning oqibatini nazorat qilolmaymiz. Biz urushdan qo‘rqmaymiz, bu bizning yerlarimiz axir. Umrimiz davomida ko‘p sinovlarga duch kelib doim suriyaliklar manfaatini vayrongarchiliklardan ustun qo‘ydik. Hozir biz qiladigan eng to‘g‘ri qaror – vatanimiz birligini ta’minlash», dedi Ahmad ash-Shar’a.

Bu jiddiy bayonot, azizlar. Bu biror fuqarosi qo‘liga qurol olib himoya qilmagan, doim Rossiyaga orqa qilib xalqini ezgan qo‘rqoq Bashar Asadning, faqat raketa otish bilan cheklanadigan «Hizbulloh» liderining yoki «kemalarni ovlashni» yoqtiradigan Yaman husiychilarining emas, Suriyadek katta davlatni jang bilan olgan, urush nimaligini, qo‘pol qilib aytganda, odam o‘ldirishni biladigan Abu Muhammad Al Jo‘laniyning bayonoti. U Isroilga «Urush ochavering, biz urushdan qo‘rqmaymiz», deyapti.

Ishoning, Ahmad ash-Shar’a nomiga qaytgan qo‘mondon Jo‘laniy bugungi kunda dunyodagi eng unikal lider. Uning yaxshi-yomonligi haqida gapirmoqchi emasman, lekin hech kimga o‘xshamasligi aniq. Aytmoqchi bo‘lganim, Isroil Suriyada Falastinda yoki Livanda qilgan ishlarini qila olmaydi. Jo‘laniy oxirgi bayonotida mazmunan shunday dedi.

Tramp Rossiyaga muhlat berdi

Hafta davomida AQSh prezidenti Donald Tramp NATO bosh kotibi Marko Ryutte bilan uchrashuv vaqtida Rossiya – Ukraina urushi bo‘yicha bayonot berdi. Tramp kutilganidek Ukrainaga harbiy yordam paketi haqida e’lon qilmadi, shunchaki Kiyev 17 ta «Patriot» havo hujumidan mudofaa tizimlari olishini tasdiqladi. Bayonotning eng muhim qismi – Tramp Putinga muhlat bergani bo‘ldi. «Agar 50 kun ichida Rossiya Ukraina bilan sulh bo‘yicha kelishuv imzolasa, Moskvaga qarshi cheklov e’lon qilinadi», dedi Tramp. Bu Rossiyaga nechanchi marta muhlat berishi ekanini Trampning o‘zi ham bilmasa kerak...

Tramp va Putin Xitoyda uchrashishi mumkin

Xitoy 3 sentabr kuni Ikkinchi jahon urushi yakunlanganiga bag‘ishlangan tantanali parad o‘tkazmoqchi. To‘g‘ri aytasiz, o‘zi shular qoluvdi parad o‘tkazmagan. Xullas, Xitoy raisi Si Jinping ana shu paradga Putin va Trampni taklif qilgan emish. Bu haqda Times nashri yozib chiqdi. Xabarda aytilishicha, paradlar ishqibozi Putin bu tadbirda qatnashishini tasdiqlagan. Tramp Xitoyga borishi esa qiyin masala.

Qizig‘i, Xitoydagi parad aynan Tramp Putinga bergan muhlat tugashiga to‘g‘ri keladi. Times'ga ko‘ra, Xitoy bu paraddan «tinchlik uchun foydalanib qolish kerakligini» bildirgan.

«Chelsi» PSJning «popugini pasaytirib qo‘ydi»

Hafta boshida AQShda futbol klublari o‘rtasida jahon chempionati yakunlandi. Finalda kutilganidek Yevropa klublari yetib keldi. Ko‘pchilik Chempionlar Ligasi g‘olibi, final yo‘lida «Real»ni tor-mor qilgan PSJ qit’aning uchinchi musobaqasi – Konferensiyalar Ligasi g‘olibi «Chelsi»ni osonlik bilan yengadi deb o‘ylagandi, lekin bunaqa bo‘lmadi.

Italiyalik Enso Mareska boshqaruvidagi «Chelsi» Tramp ko‘z o‘ngida o‘tgan o‘yinda 3:0 hisobida oson g‘alabaga erishdi. Inglizlar safida dunyoning eng kuchli futbolchilaridan bo‘lmish Kol Palmer ikkita gol urib, bitta golga assistentlik qildi. «Chelsi»ning uchinchi golini Joau Pedru urdi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsum «Brayton»da porlagan braziliyalik hujumchi iyul boshida «Chelsi»ga qo‘shilib, KJChda uchta gol urishga ulgurdi.

Kol Palmer musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Shu tariqa PSJ og‘ir mavsum yakunida «sovuq dush qabul qildi» va bahonoda «osmonlardan yerga tushdi». «Chelsi» esa yangi mavsum APLni yutish uchun asosiy da’vogarlardan biri ekanini ko‘rsatdi. Ishoning, yangi mavsumda Angliyadagi chempionlik poygasida «Arsenal» va «Liverpul»ga oson bo‘lmaydi...

Ukrainada hukumat yangilandi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yangi hukumat tarkibini tasdiqladi. Endilikda sobiq iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko bosh vazir lavozimiga tasdiqlandi. Oldingi bosh vazir Denis Shmigal mudofaa vaziri bo‘ldi. Bu lavozimni egallab kelgan Samarqandda tug‘ilgan Rustem Umerov Ukraina xavfsizlik kengashi kotib bo‘lib, asosan Rossiya bilan muzokaralarga mas’ul qilindi.

Prezident Zelenskiy yangi hukumatning vazifasi Ukraina harbiy qudratini oshirish ekanini aytdi. Zelenskiyga ko‘ra, hozir Ukraina frontdagi 40 foiz qurollarni o‘zi ishlab chiqarmoqda va bu ko‘rsatkich 50 foizga chiqishi kerak. Matbuotda 39 yoshli Sviridenko bosh vazir bo‘lgani faol muhokama qilinmoqda. Chunki bu ayol prezident devoni rahbari Ondriy Yermakning yaqini ekani aytiladi. Yangi bosh vaziri AQSh bilan nodir metallar bo‘yicha kelishuvga erishilishida asosiy ishni bajargan. Aftidan, Zelenskiy uni mana shu muhim kelishuvdagi xizmatlari uchun mukofotlagan.

Eron prezidenti taksida

Haftaning eng qiziq voqealaridan biri Eronda sodir bo‘ldi. Tabrizga ishchi tashrif bilan borgan Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon kortejidagi barcha uch mashina o‘chib qoldi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, Rasht trassasida mashinalarga benzin quyilgan. Noinsof benzinfurush yoqilg‘iga suv qo‘shgani uchun mashina yo‘lda ketayotib taqqa to‘xtagan. Kamtarin Pizishkiyon shoshayotgani uchun vertolyot yoki boshqa «avliyo mashina» kelishini kutib o‘tirmay, taksida yo‘lini davom ettirgan.

Prezidentga suv qo‘shilgan benzin sotgan shoxobcha ustidan surishtiruv boshlangan. Noinsof, benzinga suv ham qo‘shasanmi. Mana, bizning «zapravka»chilarga o‘xshab kondensat qo‘sh, hech bo‘lmasa, «80»ni «92» deb sot. To‘g‘risi, neftga boy Eronda benzinga suv qo‘shib sotishlari juda g‘alati holat. Bir tomondan prezidentga shunaqa benzin sotishgani eronliklar uchun yaxshi bo‘lgan. Bahonada bunaqa muammolar bartaraf etilishi mumkin...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid