Sport | 08:21
9443
5 daqiqa o‘qiladi

Usik Dyubuani chuqur nokautga tushirdi

Yilning eng ko‘p kutilgan jangida Aleksandr Usik ikki yil oldin Daniel Dyubuaga qarshi jangidagi g‘alabasini shubhali deb hisoblaganlarning shubhalariga chek qo‘ydi.

Foto: Bradley Coller/Getty Images

19 iyul kuni «Uembli» stadionida keng ko‘lamli professional boks kechasi tashkil etildi. Turnirning asosiy voqeasi superog‘ir vazn toifasida Aleksandr Usik (24-0, 15 KO) va Daniel Dyubua (22-3, 21 KO) o‘rtasida mutlaq jahon chempioni unvoni uchun birlashtiruvchi jang bo‘lib o‘tdi.

Usik va Dyubua o‘rtasidagi revansh jangi yilning eng ko‘p kutilgan to‘qnashuvi bo‘ldi. Ular ilk bor 2023 yil avgustda ringga chiqishgan va Aleksandr to‘qqizinchi raundda nokaut bilan g‘alaba qozongandi. Ammo o‘sha jang keyin ham uzoq muhokama qilingan, Dyubua beshinchi raundda raqibining bel sohasiga zarba bergan epizod uchun hakam qaroriga shubha bildirilgan. Referi ukrainalik sportchiga tiklanish uchun vaqt bergandi, ammo ko‘plab ekspertlar bu korpus qismiga yo‘llangan zarba bo‘lgani va darhol nokdaun holatini qayd etib, sanashni boshlash kerak bo‘lganini aytishgandi.

Shundan keyin Dyubua va Usikning yo‘llari vaqtincha ayro kechishdi. Aleksandr nihoyat Tayson Fyuri bilan kamarlarni birlashtiruvchi jangga chiqib, g‘alaba qozondi, keyin britaniyalik bilan revansh o‘tkazib, yana g‘olib bo‘ldi. Daniel esa Jarrell Miller va Filip Xrgovichni yengib, jahon chempioni tituli uchun yana bir jang o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunday imkoniyat unda Usik Tayson bilan ikkinchi jangni o‘tkazish uchun o‘z ixtiyori bilan IBF kamaridan voz kechishi tufayli paydo bo‘lgandi. Bo‘sh qolgan titul uchun jangda Dyubua o‘zining yorqin uslubida Entoni Joshuani mag‘lub etib, Britaniya boksining yangi superyulduziga aylandi.

Albatta, bunday vaziyatda Daniel va Aleksandr o‘rtasidagi revansh o‘ziga xos ma’no kasb etdi. Ularning tugallanmagan o‘z hikoyalari bor edi va har biri unga nuqta qo‘yishni xohlardi. O‘rtaga mutlaq jahon chempioni unvoni qo‘yilgandi, bu ikkalasiga ham qo‘shimcha motivatsiya qo‘shdi. Bokschilarga va’da qilingan haddan tashqari yuqori gonorarlar ham: ikki kishi uchun deyarli 200 million dollar belgilangandi, shundan 132 million dollar Usik uchun edi. Bu har tomonlama tom ma’noda katta va yulduzli jang bo‘lib, har bir bokschi g‘alaba qozonishga juda ishtiyoqmand edi.

Dyubua kutilganidek ilk daqiqalardan pressing uyushtirdi, Usik ko‘p harakatlandi va britaniyalikni jyeb zarbalari bilan qarshi oldi. Daniel raqibning korpus qismiga ishlab, yondan zarbalar seriyasini amalga oshirishga e’tibor qaratdi, Aleksandr ham buni javobsiz qoldirmadi — bokschilar jangning start qismida yuqori start namoyish etishdi.

Dyubua hududiy ustunlikka ega bo‘ldi, uning zarbalari zichroq edi, ammo Usik har safar oldinga tashlanayotgan britaniyalikni xatolarda mohirona tutib oldi va samarali harakat qildi. Shu bilan birga, Daniel o‘z liniyasini davom ettirib, ukrainalikni burchakka taqashga harakat qildi va vaqti-vaqti bilan bunga erishdi ham.

Ammo beshinchi raundda jang kutilmaganda yakunlanib qoldi. Raqiblar bor kuchni ishga solib, jon-jahdi bilan harakat qilishga kirishdi va zarbalar almashinuvi vaqtida Usik o‘ngdan kuchli zarba yo‘lladi — Dyubua polga quladi. Daniel jangni davom ettirdi, ammo negadir yana yaqin masofada turib, zarbalar almashinuvidan qochmadi, Aleksandr uni endi chap qo‘l yon zarbasi bilan qarshi oldi va kapasini ham uchirib yubordi: bu safargi zarba ancha jiddiyroq edi va Dyubua referi sanashni tugatguncha o‘rnidan ko‘tarila olmadi.

Aleksandr Usik IBF titulini o‘ziga qaytardi va yana superog‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioniga aylandi.

Mavzuga oid