O‘zbekiston | 19:33 / 15.11.2016
6398
4 daqiqa o‘qiladi

Sarvar Otamuratov O‘zbekistonda qazib olinayotgan gazning 64 foizi Qashqadaryo hissasiga to‘g‘ri kelayotganini ta'kidladi

2016 yil 15 noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zMTDP Qashqadaryo viloyat kengashi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a'zolari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuv Qashqadaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn videokonferensiya orqali muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi a'zosi Allamurod Keldiyev ochib berdi va olib bordi.

Dastlab nomzodning viloyatdagi ishonchli vakili Sayfulla Maxmatmo‘minov yig‘ilganlarni Sarvar Otamuratov tarjimai holi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng nomzod saylovoldi Dasturining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan nutq so‘zladi. 

Nomzod ta'kidlaganidek, saylovoldi Dasturda xalqaro miqyosda e'tirof etilgan va bugungi taraqqiyotimizning hayotiy dasturiga aylangan besh tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar bardavomligini ta'minlash, tarixiy, madaniy, boy ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va an'analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash, ma'naviy yuksalishga erishish hamda milliy iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Dasturda belgilangan maqsad-vazifalar mamlakatimizning barcha hududlari qatori Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ham juda muhimdir. Sarvar Otamuratov aytib o‘tganidek, Qashqadaryo viloyati respublikada iqtisodiy salohiyati bilan ajralib turadi. Bugungi kunda yurtimizda qazib olinayotgan gazning 64 foizi, neftning 67, gaz kondensatining 87,4 foizi Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Viloyatdagi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, “Muborakneftgaz” unitar sho‘'ba korxonasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi kabi zamonaviy sanoat korxonalari, “Hisorneftgaz”, “Ko‘kdumaloqgaz”, “Sho‘rtangazmahsulot” singari yirik qo‘shma korxonalar iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov viloyatdagi yirik sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish masalalari muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasiga bog‘liq ekanligini ta'kidladi. Shuning uchun dunyo bozoriga yangi yo‘llar ochish, O‘zbekistonni boshqa davlatlar, mintaqalar bilan bog‘laydigan transport kommunikatsiyalari barpo etish masalasiga alohida e'tibor qaratdi.

Nomzod yengil va ixcham to‘qimachilik korxonalarining sonini ko‘paytirish, ularga mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati shaffofligini ta'minlash orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirish lozim, deb hisoblaydi. Sarvar Otamuratov milliy iqtisodiyot rivoji yetuk mutaxassis-kadrlarga bog‘liq ekanligini hisobga olgan holda zamonaviy bilim va malakaga ega injyener-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish va mazkur sohalardagi iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tarafdori ekanligini bildirdi.

Uchrashuvda nomzod saylovoldi Dasturning boshqa sohalari xususida ham atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Sarvar Otamuratov ilgari surayotgan vazifalar qashqadaryolik saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. So‘zga chiqqan saylovchilar saylovoldi Dastur yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirdilar. Ular tomonidan bildirilgan fikrlarning xilma-xilligi, saylovchilar va nomzod o‘rtasida savol-javob tarzida kechgan muzokaralarning qizg‘inligi odamlarning nomzod Dasturiga befarq emasligidan dalolat beradi.

 

Mavzuga oid