Sport | 10:09 / 29.05.2017
9502
3 daqiqa o‘qiladi

Karlush Keyrush: O‘zbekistonga qarshi o‘yin biz uchun xuddi JCh finalidek bo‘ladi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 12 iyun kuni JCh–2018 turniriga saralash bosqichi A guruhi 8-turida Tehron shahridagi «Ozodi» stadionida Eron termasiga qarshi ro‘baru keladi.

Eron terma jamoasi O‘zbekistonga qarshi o‘yin oldidan Avstriyada tayyorgalik ko‘rmoqda. Eronliklar terma jamoasi ustozi Karlush Keyrush Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bo‘lajak bahs oldidan o‘z fikrlarini yozib qoldirgan.

«Avstriyadagi o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inida ekanmiz, o‘z-o‘zimizga bir savol berish vaqti keldi: O‘zbekistonga qarshi JCh saralash o‘yini oldidan fidoyilik yoki qoniqish hosil qilishmiz kerakmi? Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsam, O‘zbekistonga qarshi bellashuvda kiritiladigan 3 ochko JCh yo‘llanmasi uchun  «match-point» bo‘ladi.

O‘zbekistonga qarshi o‘yin biz uchun xuddi JCh finalidek bo‘ladi. Har doim aytib kelganim kabi, biz o‘zimizning Jahon chempionatimizni o‘ynayapmiz! O‘zbekiston bilan o‘yin eng qiyini va  muhimi bo‘libgina qolmay, jamoa sifatida kuchimizni ko‘rsatishga katta imkoniyat beradi. Bo‘lajak o‘yindan qoniqish hosil qilish emas, har bir daqiqa va har bir lahzada to‘liq burch, to‘liq e'tibor, to‘liq professionallikni ko‘rsatishimiz kerak.

Bundan kami bizni qoniqtirmaydi, chunki muvaffaqiyat osonlik bilan kelmaydi. Jamoaning har bir futbolchisi, har bir xodimi va saralash bosqichi uchun mas'ul bo‘lgan har bir inson borini berishi va fidoyilik qilishi lozim», – degan Karlush Keyrush. 

Ma'lumot uchun, A guruhi 7-turidan keyin Eron 17 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, 13 ochko jamg‘argan Janubiy Koreya ikkinchi pog‘onada bormoqda. O‘zbekiston terma jamoasi 12 ochko bilan uchinchi o‘rinni band qilgan. 4–6 o‘rinlarni mos ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar termalari egallagan. 

Mavzuga oid