Saudiya Arabistonida hibsga olishlar qimmatli qog‘ozlar bozori uchun nimani anglatadi?
Saudiya Arabistoni podshohligini boshqaruvchi elita orasida so‘nggi kunlarda yuz berayotgan hodisalar, ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, 32 yoshli valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning radikal iqtisodiy va ijtimoiy islohotlari doirasida hokimiyatni o‘z ixtiyoriga olish uchun keskin qadamlardir.
Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, 4 noyabrda Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdul Aziz Ol Saud korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha farmonni imzoladi. Shundan so‘ng, Al Arabiya telekanaliga ko‘ra, podshoh oilasining 11 a'zosi, o‘nlab vazirlar va tadbirkorlar ushlandi. Ularning barchasi poraxo‘rlikda ayblanmoqda.
Ba'zi ekspertlar radikal islohotlarga bosh-qosh bo‘layotgan Muhammad bin Salmon shu yo‘l bilan o‘z o‘rnini mustahkamlab olayotganini aytishmoqda.
RBS (Royal Bank of Scotland) bankining tovar bozorlaridagi strategiyasi bo‘yicha rahbari Halima Kroftning aytishicha, Saudiyadagi voqealar eng yangi tarixda kuzatilmagandir. «Hozirda vaziyatni oldindan taxmin qilib bo‘lmaydi», — degan Kroft. Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya podshohlik oilasi 1975 yildan beri, kelishuv asosiga qurilgan hokimiyat tuzilmasiga rioya etib keladi.
«Bu safargi hodisalar avval ko‘rganlarimizdan farq qiladi», — deydi Kroft.
Avvalroq, mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha Vision 2030 dasturini taqdim qilgan valiahd shahzoda Saudi Aramco davlat neft kompaniyasining qimmatli qog‘ozlarini birjaga joylashtirishini bildirgan edi. Undan tushgan mablag‘lar esa, iqtisodiyotning boshqa sohalarini rivojlantirishga sarflanishi belgilangan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Saudiya Arabistonidagi voqealar bozorlarni beqarorlashtirishi mumkinmi? Hafta boshida neft narxi birdaniga ko‘tarilib, Brent navli neftning bir barreli 64 dollarni tashkil etdi.
«Narxlarning ko‘tarilishi Saudiya Arabistonidagi noaniqliklarga nisbatan bozorning munosabatidir. Xususan, Brent 2015 yil iyulidan buyon kuzatilmagan narxga intilmoqda», — deydi Sun Global Investments kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Mxir Kapadia MarketWatch nashriga intervyusida.
Capital Economics firmasining Yaqin Sharq bo‘yicha eksperti Jyeyson Tuvining aytishicha, Saudiya podshohligidagi hodisalar, mamlakatda odatdagi kelishuv siyosatidan oz kechilganini anglatsa, bozorlarda keskin harakatlarga asos bo‘lishi mumkin. RBS eksperti Kroftning so‘zlariga binoan podshohlikda kuchlar almashinuvi oqibatlariga endi guvoh bo‘linadi.
«Bu shahzoda Muhammadning siyosati bir yildan muvaffaqiyat qozonishi yoki yo‘qligiga bog‘liqdir. Agar o‘sha vaqtga kelib, muhim lavozimlarga o‘z tarafdorlarini tayinlay olsa, u mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘lidagi zaruriy qadam bo‘ldi, deya oladi», — deydi Kroft.
Mavzuga oid

10:38 / 12.06.2025
O‘zbekistonlik hojilar 12 iyundan vatanga qaytishni boshlaydi

13:53 / 07.06.2025
2025 yilgi Haj mavsumi: 1,6 million ziyoratchi va oqimning kamayishi sabablari

17:32 / 04.06.2025
Saudiya Arabistonida Haj qoidasini buzgan 76 ming kishi hibsga olindi

07:52 / 28.05.2025