Sport | 22:30 / 13.12.2017
14429
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qishki sport turlari bo‘yicha 4 ta federatsiya tashkil etiladi

http://olympic.uz

13 dekabrda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Qishki sport turlari assotsiatsiyasi va homiylik tashkilotlari O‘zbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazishdi. 

Uchrashuvda O‘zbekistonda xokkey, figurali uchish va short-trek, kyorling, chang‘i uchish qishki sport turlari bo‘yicha 4 ta yangi mustaqil federatsiya tashkil etishga qaror qilindi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Bular: Xokkey federatsiyasi, Figurali uchish va short-trek federatsiyasi, Kyorling federatsiyasi va Chang‘i sporti federatsiyasi. Ular tarkibiga, shuningdek, snoubording, tog‘-chang‘i sporti, fristayl, chang‘ida tramplindan sakrash va boshqa qishki sport turlari kiradi.

Uchrashuvda O‘zbekiston vakillari qishki sport turlari bo‘yicha xalqaro arenalarda muhim yutuqlarga erisha olmaganlari ta'kidlab o‘tilgan. O‘zbekistondan qishki Olimpiadalar medallarining yagona sovrindori, 1994 yilda Lillexammerdagi Olimpiadada g‘olib bo‘lgan Lina Cheryazova hisoblanadi.

Uchrashuvda professional mutaxassislarni jalb qilgan holda 4 ta federatsiyani tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi tashabbus guruhi tuzildi. Bu guruh, shuningdek, yangi federatsiyalarning samarali ishlashi uchun sarmoyachilar va homiylarni izlash bilan ham shug‘ullanadi.

Yaratilayotgan federatsiyalar qishki sport turlari bo‘yicha bolalar va o‘smirlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, milliy terma jamoalar uchun munosib nomzodlarni yetishtirishi, viloyatlarda bo‘limlari, muz saroylari va o‘quv-mashg‘ulot lagerlari ochishlari lozim bo‘ladi.

Mavzuga oid