Jamiyat | 13:37 / 31.01.2018
14763
3 daqiqa o‘qiladi

Qarag‘andalik qariya 40 daraja sovuqda bir futbolkada yurishni odat qilgan

Foto: SARYARQA

Qozog‘istonning Qarag‘andasida yashovchi pensioner Bayildi Tere 40 daraja sovuqni pisand qilmay, egnida bir futbolka va yupqa shimda yurishdan qo‘rqmaydi. 65 yoshli erkak uchun bunday sovuq havoda yupun kiyinish odatga aylangan. Saryarqa telekanali bu noodatiy erkak haqida lavha tayyorladi.

Qariya pensiyaga chiqqach, uyida qo‘l qovushtirib o‘tirishni istamadi. U Qarag‘andadagi harbiy qismlardan biriga farrosh bo‘lib ishga kirgan. “Sovuq havo tanani jangovar holatda ushlab turadi. Tana qizg‘in holda bo‘lganda, hech qanday kasalliklar bo‘lmaydi. Fikrimcha, barcha kasalliklarning davosi bizning miyamizdadir. Aytishadi-ku, nima o‘ylasang, shuni olasan”, deb aytadi erkak.   

Qariya qishki havoda ko‘chaga yupun holda chiqishni 25 yil avval boshlagan. O‘shanda u hech qancha sovuq qotmagan. U shundan keyin buni takror-takror qaytargan. Keyin esa organizmi bunga ko‘nika boshlaganini anglagan. O‘shandan beri u biror marta kasal bo‘lmagan va shifokorga murojaat qilmagan. 

Foto: SARYARQA

“Buni birinchi marta qilganimda yo noyabr, yo dekabrmidi, qor yoqqandi. Men yo‘lakka chiqib, eshikka yaqinlashganimda kurtkamni esdan chiqarganim yodimga tushgan. Shunda qandaydir kuch menga ortimga qaytishga yo‘l bermagan. Va men shunday holimda ko‘chaga chiqib ketganman. Meni yupun holda ko‘rganlar kiyimlarini yechib menga bermoqchi bo‘ladilar. Men esa ularga menga sovuq emasligini, kiyim kerakmasligini tushuntirib, rahmat aytaman”, deydi “sovqotmas odam”.  

Foto: SARYARQA

Qariya chiniqishni istovchilarga dastlab o‘z organizmini bunga tayyorlash kerakligini maslahat qilmoqda. Qalin kiyimlarni yechib, ko‘chaga darrov chiqib ketish yaramaydi, chunki bunda shokka tushish mumkin. Shu sababli buni sekin-astalik bilan amalga oshirish lozim. Ayniqsa, bu yoshi kattalarga taalluqlidir.

Mavzuga oid