Jahon | 18:00 / 30.03.2018
30003
2 daqiqa o‘qiladi

Javob choralari: Rossiya xorijlik diplomatlarni chiqarib yuborishni boshladi

Foto: AFP

Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Finlyandiya, Chexiya, Shvetsiya, Italiya, Polsha, Litva va Niderlandiyaga ushbu davlatlar rossiyalik diplomatlarni o‘z hududidan chiqarib yuborganiga javob qaytarib, xuddi shunday choralar qo‘lladi. 

Finlyandiyaning Moskvadagi diplomatiga Rossiyadan chiqib ketish uchun 2 hafta muhlat berilgan, bundan tashqari, Italiya diplomati 7 kun ichida Rossiyani tark etishi zarur. 

«30 mart kuni Polsha elchisi RF TIVga chaqirildi, u Polsha diplomatik missiyasining 4 nafar a'zosi Rossiya hududini tark etishi kerakligi haqida xabardor qilindi», deyilgan Polsha TIV xabarida.

Polshalik diplomatlar 7 aprelga qadar Rossiyani tark etishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, hozirga kelib, Rossiyani Litvaning 3, Chexiyaning 3, Latviyaning 1, Shvetsiyaning 1 diplomati, Estoniyaning 1 nafar harbiy attashesi tark etishi kerakligi ma'lum qilingan.

Skripal ishi
Shu yilning 4 martida rossiyalik sobiq josus Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Angliya janubidagi Solsberi shahrida behush holda topilganidan keyin Rossiya va G‘arb o‘rtasida diplomatik inqiroz boshlandi. Buyuk Britaniya ushbu shaxslar Rossiyada tayyorlangan, asab tizimini falajlovchi kimyoviy modda bilan zaharlanganini aytib, Rossiyadan izoh so‘radi. Rossiya tomoni esa bu so‘rovni e'tiborsiz qoldirdi, shundan keyin rasmiy London Rossiyani Buyuk Britaniya Birlashgan qirolligi hududida qurol ishlatish deb baholab, mamlakatdan 23 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yubordi. Bunga javoban Moskva ham 23 nafar britaniyalik diplomatni vataniga qaytardi.

Mart oyi oxirida AQSh rossiyalik 60 nafar diplomatni chiqarib yuborishini ma'lum qildi, shuningdek, yana 27 mamlakat, xususan, Ukraina va Avstraliya Rossiya diplomatlarini non-grata deb e'lon qildi. Jami 140 nafar rossiyalik diplomatga javob berildi.

Rossiya barcha ayblovlarni inkor etib kelmoqda.

Mavzuga oid