O‘zbekiston | 16:32 / 08.04.2018
12047
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadan O‘zbekistonga ilk charter reyslar yo‘lga qo‘yildi

Yaponiyadan O‘zbekistonga 15 charter reysni yo‘lga qo‘yishga doir kelishuvga erishildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevining "O‘zbekiston Respublikasining turistik salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni (2018 yilning 3 fevralidagi 5326-sonli farmon) ijrosi doirasida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi va "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKning Tokiodagi vakolatxonasi Yaponiyaning yirik turistik kompaniyalari bilan hamkorlikda, Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi qo‘llab-quvvatlashi ostida mazkur charter reyslarga start berildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning KUN.UZ'ga ma'lum qilishicha, Yaponiyaning Tokio, Nagoya, Osaka va Fukuoka shaharlaridan O‘zbekistonga charter reyslar 2018 yilning aprel oyidan shu yilning oktabr oyigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirga kelib bahorgi va yozgi bir haftalik turpaketlar to‘liq sotib bo‘lingan, kuzgi reyslar esa to‘ldirilmoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

6 aprel kuni Yaponiyadan O‘zbekistonga ilk charter reys (Tokio-Samarqand-Toshkent) amalga oshirildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand hokimligi bilan birgalikda Samarqand aeroportida yaponiyalik mehmonlarni karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olish marosimini o‘tkazdi. Har bir sayyohga guldastalar va quritilgan mevalardan iborat sovg‘alar topshirildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

"Hozircha Yaponiyadan O‘zbekistonga amalga oshiriladigan charter reyslar soni 15 ta bo‘lishiga kelishilgan. Kelgusida ularning sonini 25 tagacha oshirish rejalashtirilmoqda", - deydi Abduhakimov.

Ma'lum bo‘lishicha, yaponiyalik sayyohlar uchun "Registon" maydonida O‘zbekistonning taniqli madaniyat va san'at arboblari ishtirokida milliy qo‘shiqlar va raqslardan iborat konsert dasturi, o‘zbek milliy liboslari namoyishi, 3D-mapping shousi tashkil etiladi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Mehmonlar tashrif davomida O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva, Urganch va Toshkent shaharlarida bo‘lishadi.

 

Mavzuga oid