Sport | 17:56 / 27.06.2018
4797
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston dunyo shifokorlari o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Rossiyada futbol bo‘yicha jahon chempionati qizg‘in pallaga kirgan bir paytda dunyo shifokorlari o‘rtasidagi jahon birinchiligi musobaqalari ham boshlanmoqda. 30 iyundan 8 iyulga qadar Chexiya poytaxti Praga shahrida bo‘lib o‘tadigan ushbu nufuzli bellashuvda futboli taraqqiy etgan Braziliya, Argentina, Germaniya, Angliya, Meksika kabi 22 mamlakatning shifokorlaridan iborat terma jamoalar ishtirok etadi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston shifoxonalarida mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlaridan tarkib topgan terma jamoamiz ham o‘z tarixida to‘rtinchi bor mazkur musobaqada qatnashmoqda. Ma'lumot uchun, o‘tgan yili Avstriyada o‘tkazilgan jahon chempionatida futbolchi-shifokorlarimiz o‘zlarining munosib ishtiroklari bilan yarim finalgacha yetib borib, kuchli to‘rtlikdan joy olgani katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Shifokor futbolchilarimiz bu yilgi chempionatda ham yuqori pog‘onalarni egallashlari, turnirda munosib ishtirok etishlari uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan har tomonlama yordam berildi. Dastlab, yil boshida mamlakatimizning barcha viloyatlaridan shifokor futbol jamoalari ishtirokida saralash turniri o‘tkazildi. Bu turnirda jami 180 nafardan ortiq shifokor futbolchilar ishtirok etgan bo‘lsa, turnir yakuniga ko‘ra, eng kuchli 26 nafar mahoratli o‘yinchi terma jamoa uchun tanlab olindi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Jamoani musobaqalarga tayyorlash maqsadida “Bunyodkor” professional futbol klubi murabbiyi Sergey Chagudayev va Denis Karsnichenkolar bilan shartnoma ham imzolandi. Murabbiylar tomonidan mart oyidan boshlab, haftada 4 kun davomida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, 3 marotaba tashkil etilgan o‘quv yig‘inida o‘yinchilar jismoniy va texnik jihatdan puxta tayyorgarlikdan o‘tishdi.

Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Maxmadaliyev ishtirokida futbolchilarni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Tadbirda havaskor tibbiyot xodimlaridan iborat terma jamoa o‘yinchilari har yili an'anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur chempionatga tayyorgarlik ko‘rish uchun yuksak darajada sharoit yaratib berilganligi uchun mutasaddi tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor etib, bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlariga va'da berishdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Mavzuga oid