O‘zbekiston | 11:17 / 06.12.2018
5003
5 daqiqa o‘qiladi

Hukumatning madaniyat markazlari faoliyatiga doir qarori qabul qilinadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Madaniyat markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2018 yil 28 noyabrdagi PQ-4038-son qarori bilan madaniyat markazlari faoliyatini, jumladan, madaniyat markazlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash ishlarini tashkil etish, shuningdek, samarasiz faoliyat yuritayotgan madaniyat markazlarini maqbullashtirish belgilangan.

Faoliyati tugatiladigan madaniyat markazlarining ro‘yxati tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga:

Dasturni amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring olib borish;

Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning bajarilishiga mas'ul bo‘lgan manfaatdor vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tizimli asosda muvofiqlashtirib, belgilangan tadbirlarning to‘liq va sifatli bajarilishini;

2019 – 2022 yillarda tasdiqlanadigan manzilli ro‘yxatlarga muvofiq madaniyat markazlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash parametrlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan monitoring guruhi faoliyatini shakllantiradi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) qurilish va ta'mirlash ishlari bo‘yicha:

2019 – 2022 yillarda tuman (shahar) markazlarida madaniyat markazlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash ishlari madaniyat va aholi dam olish markazlari uchun ishlab chiqilgan namunaviy loyihaga asosan amalga oshiriladi;

madaniyat markazlari ularda tashkil etilgan to‘garaklar, ijodiy jamoalar va tegishli mutaxassislar bilan ta'minlanganligidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining talabnomasiga asosan pudratchi tashkilotlar tomonidan jihozlanadi.

b) manzilli ro‘yxatga kiritilmagan madaniyat markazlarida amalga oshiriladigan yangi qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash ishlari:

madaniyat markazlarining faoliyatini, shu jumladan, qamrab olingan aholi soni, tegishli mutaxassislar bilan ta'minlanganligi, tashkil etilgan to‘garaklar samaradorligi, ijodiy jamoalarning ish faoliyatini baholash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda olib boriladigan o‘rganishlar natijasidan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlari loyihalarini belgilangan tartibda 2019 yil va undan keyingi yillarga O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini ta'minlaydi.

Dasturni amalga oshirishning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

a) madaniyat markazlari binolarini:

yangi qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratiladigan markazlashtirilgan kapital qo‘yilma mablag‘lari;

kapital ta'mirlash va jihozlash ishlari bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyeti mablag‘laridan maqsadli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining markazlashgan xarajatlar smetalarida nazarda tutiladigan mablag‘lar;

b) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

v) xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari va grantlari;

g) jismoniy va yuridik shaxslarining homiylik xayriyalari;

d) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Madaniyat vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra, 2019 yil va keyingi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining parametrlarini shakllantirishda madaniyat markazlari binolarini kapital ta'mirlash va jihozlash loyihalari uchun zarur mablag‘larni ajratish choralarini ko‘radi.

Madaniyat markazlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash ishlari bo‘yicha buyurtmachi etib, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “Markazlashgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiruvchi obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta'mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmati” belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

zarur hollarda, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda madaniyat markazlariga yangi bino qurish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli yer maydonlarini ajratadi;

bir oy muddatda madaniyat markazlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlashning hududiy manzilli dasturlarini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi madaniyat markazlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash bo‘yicha bajarilayotgan ishlarining sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatadi.

Mavzuga oid