Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qish kelganda shu bo‘lar takror». Vodiydagi metan «zapravka»larida 5 kilometrlik navbatlar paydo bo‘ldi

18 dekabrdan buyon Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari, oddiy xalq tili bilan «zapravka»larda oxiri yo‘q navbatlar paydo bo‘la boshladi.
Har yili qish fasli kelganida ana shunday muammolar kelib chiqishi odatiy holga aylanib qolmoqda. Bahorning birinchi oyidan boshlab «Ijtimoiy-iqtisodiy soha obektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash» to‘g‘risida hujjatlar qabul qilinadi. Lekin, hech qishga tayyor bo‘lmaymiz.
«Muxbir aka, Namanganning «Go‘zal» mavzesidagi ikkita metan «zapravka»da 5 kilometrlik turnaqator navbat. Viloyat hududidagi barcha metan gaz quyish shoxobchalarida shu ahvol. Suratlarni ko‘ring», deydi tahririyat bilan aloqaga chiqqan murojaatchi.
Shu kunning ertasiga Andijon shahri atrofidagi hududlarda ham uzundan-uzun navbatlarga guvoh bo‘ldik. Andijon tuman Xirabek qishlog‘ida joylashgan «zapravka»dagi mashinalar sonini sanab tugatib bo‘lmadi.
«Besh-olti soatdan beri navbatda turibmiz. Sababini bilishga yordam bering. Qachongacha, bu holat davom etadi», deydi haydovchilar.
Farg‘onalik haydovchilar ham uzunligi to‘rt kilometrlik mashinalar navbatini videolavhaga olib jo‘natishibdi. Tasvirlarni ko‘rdik. Darhaqiqat, Uchko‘prik tumani va Qo‘qon shahridagi haydovchilarga havas qilib bo‘lmaydi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Murojaat qilgan kishilar muammoning sababini so‘rashmoqda. Biz esa metan gaz shoxobchalaridan savolga javob izlaymiz.
Sabablar doimgidek:
1. Tizimdagi gaz bosimi tushib ketgan;
2. Aholini tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida kechki payt soat 20:00dan keyin metan «zapravka»lar yopilmoqda.
Tushunarsiz va tushunarli, qiziq holat. Gaz o‘z xossasiga xos ravishda sovuqda quyuqlashadi. Har yili qishda quyuqlashadi va bosim pasayadi. Soha kishilari, hech shu holatning oldini olish, yoki bosimni ko‘tarishni imkonini topish to‘g‘risida bosh qotirisharmikin?
Kechqurun soat 20:00da aholiga tabiiy gaz yetib borishi uchun «zapravka»larni yopish bilan atrofdagi mahallalarda tabiiy gaz tanqisligi bartaraf etilmayotgani ham aniq.
Shoxobchalardagi navbatlar ortida oddiy aholini qiynaydigan muammolar kelib chiqyapti. Vodiy xalqi jamoat transporti sifatida «Damas»dan foydalanadi. Ko‘chada transport kamligi bois ish joyi, o‘quv muassasasiga o‘z vaqtida borish muammosi paydo bo‘lyapti. Yo‘lkira narxlari oshadi.
Hammani faqat bitta umumiy savol qiynaydi. «Qachongacha?». Yillar o‘tib boryapti. Muammoga esa yechim yo‘q.
Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid

16:09 / 18.07.2025
Tomda mehmonxona qurish mumkinmi?

09:04 / 18.07.2025
Toshkent va Farg‘onada ichki ishlar sohasidagi pensionerlar huquqbuzarliklar profilaktikasiga jalb qilinadi

13:40 / 16.07.2025
Jinoyat olamida bunaqasi kam uchraydi: yashirin ustaxona va g‘oyib bo‘lgan 276 ta mashina

15:07 / 15.07.2025