O‘zbekiston | 16:57 / 27.12.2018
3120
5 daqiqa o‘qiladi

«Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar» respublika tanlovi o‘tkaziladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar” respublika tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, O‘zbek milliy maqom san'ati markazining “Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar” respublika tanlovini 2018 yildan boshlab har yili bir marotaba o‘tkazilishi to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Shuningdek, “Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar” respublika tanlovining Tashkiliy qo‘mitasi;

“Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar” respublika tanlovining Nizomi tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (Sayfullayev), O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi (Abdullayev)ga:

respublika tanlovini o‘tkazish bo‘yicha barcha tashkiliy va ijodiy ishlarni muvofiqlashtirish;

respublika tanlovi g‘oliblarini aniqlash maqsadida maqom san'ati ustalari (bastakor, musiqashunos, shoir, xonanda va sozandalar)dan iborat respublika komissiyasini tuzish va tasdiqlash;

respublika tanlovi sovrindorlariga beriladigan diplom, sertifikat va statuetka namunalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

respublika tanlovini yuqori saviyada o‘tkazish uchun taniqli san'atkorlar, maqom ustalari, bastakorlar, malakali mutaxassislarni jalb etish vazifalari yuklatiladi.

Belgilab quyilishicha:

respublika tanloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar, shuningdek, g‘oliblarni pul mukofotlari bilan taqdirlash Madaniyat vazirligining xarajatlar smetasida madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun har yili nazarda tutiladigan byudjyet mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi.

Nizomga ko‘ra, tanlov maqom yo‘llarida ijod qilib kelayotgan bastakorlar, maqom san'ati ijodkorlari tomonidan yaratilgan yangi asarlarni izlab topish, maqom ijrochilari uchun keng imkoniyat yaratish, maqom san'atini yanada ommalashtirish va targ‘ib etish maqsadida Respublika miqyosida o‘tkaziladi.

Tanlovning asosiy maqsad va vazifalari

Maqom san'atini milliy an'analar asosida yanada rivojlantirish, maqom ijodiyotini maqom ijrochiligi namoyandalari ijro va ijod an'analari asosida qayta shakllantirish, zamonaviy bastakorlik ijodiyoti an'analariga singdirish va maqomlarining zamonaviy namunalarini yaratish, maqom yo‘nalishida ijod qilib kelayotgan bastakorlarni kashf etish.

Shuningdek:

maqom yo‘nalishlari bo‘yicha ijod qilib kelayotgan bastakorlar uchun ijodiy muhit yaratish;

maqom san'ati bo‘yicha yangi asarlar yaratish jarayonlariga san'atkorlar va sohaning yetuk mutaxassislarini jalb etish;

maqom ijro uslubida yaratilgan asarlar ko‘lamini yanada kengaytirish;

yosh maqom san'ati ijodkorlarini izlab topish;

maqom yo‘llarida ijod etayotgan san'atkor va bastakorlarni rag‘batlantirish.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan hamkorlikda maqom yo‘llarida ijod qilib kelayotgan bastakorlar o‘rtasida har yili bir marotaba Respublika miqyosida o‘tkaziladi.

Tanlovda maqom yo‘llarida ijod etayotgan bastakorlar hamda musiqa san'ati ijodkorlari (sozanda, xonanda va boshqa musiqa ijrochiligi mutaxassislari) maqom yo‘llarida yaratgan asarlari (kuy, ashula) bilan ishtirok etish huquqiga ega.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar tomonidan tanlov o‘tadigan yilning 30 noyabriga qadar O‘zbek milliy maqom san'ati markaziga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

- yaratgan asari (asar matni va nota materiali) ikki nusxada;
- asarning ijro etilgan (magnit tasmasi yoki mini, CD diskka yozilgan) namunasi;
- nomzodning 10 x 15 o‘lchovdagi uchta rangli fotosurati;
- nomzodning tanlovda ishtirok etishi bo‘yicha arizasi
- nomzodning pasport nusxasi;
- nomzodning ma'lumotnomasi.

Tanlov g‘oliblari (asarlar) ikkita yo‘nalish (ashula va musiqa) bo‘yicha aniqlanadi hamda asarlar (mualliflar) maxsus diplom, statuetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Tanlov g‘oliblari quyidagicha rag‘batlantiriladi:

I o‘rin – eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mablag‘lari, tanlovning I darajali diplomi hamda statuetka;
II o‘rin – eng kam ish haqining 40 barobari miqdorida pul mablag‘lari hamda II darajali diplomi;
III o‘rin – eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida pul mablag‘lari hamda III darajali diplomi bilan taqdirlanadi.

Tanlov ishtirokchilariga Komissiya tavsiyasiga ko‘ra “Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar” respublika tanlovi sertifikati yoki faxriy yorliqlar beriladi. 

Mavzuga oid