Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida chiqindilarni boshqarishning yangi kompleks tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Orol bo‘yi mintaqasi - Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida chiqindilarni boshqarishning yangi kompleks tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Yunusov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida shu haqida ma'lum qildi.
"Bugungi kunda respublikamizda eng ustuvor bo‘lib turgan vazifalardan biri, albatta, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orol bo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik holatni yaxshilashga yo‘naltirilgan yangi loyihalarni amalga oshirish hisoblanadi. Bu borada Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan bugunga qadar qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida chiqindilarni boshqarishning yangi kompleks tizimini joriy qilishga yo‘naltirilgan investitsion loyihani amalga oshirish bo‘yicha birlamchi kelishuvlarga erishildi", - deydi Yunusov.
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorov o‘z intervyusida birgina Qoraqalpog‘istonning o‘zida 31 ta chiqindi poligoni borligi, ularning sonini qisqartirish kerakligi haqida aytgan edi.
"Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan kelishuv asosida ushbu loyihani boshladik. Shunday bo‘lsa-da, loyiha boshqa donor-davlatlar uchun ham ochiq", - deydi Qo‘chqorov.
Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Yunusovning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo yuqori darajali VI konferensiyasi davomida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Italiyaning Atrof-muhit, yer va dengiz resurslari vazirligi o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
"2018 yilda O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvi ratifikatsiya qilindi. Buning natijasida O‘zbekiston tomon kelgusida iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi gazlarning havoga tashlamalarini kamaytirish bo‘yicha, global isishga qarshi bir qator choralar ko‘rilishi belgilandi. Italiya tomon bilan o‘zaro muzokaralar davomida ushbu yo‘nalishda ham yangi texnologiyalarni joriy qilish va Italiyaning atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishdagi ko‘nikmalari va amaliyotini O‘zbekistonga jalb qilish masalalariga katta e'tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Markaziy Osiyoda Yevropa Ittifoqi ko‘magida bir qator loyihalar amalga oshirilgan bo‘lib, ularning asosiy yo‘nalishlari - bioxilma-xillikni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan", - deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i.
Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo yuqori darajali VI konferensiyasi doirasidagi takliflar ichida eng avvalo mintaqada, xususan O‘zbekistonga Yevropadan investitsiyalar jalb qilish, atrof-muhit, ekologiya sohasiga yangi, innovatsion g‘oyalarni kiritish va shunga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsion muhitni yaxshilash, Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar hamda u yerda faoliyat yuritayotgan xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
"Shuni alohida ta'kidlash joizki, yaqin kunlarda Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda Orol bo‘yi mintaqasida, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasida tabiiy hududlarni kengaytirish va ularni rivojlantirishga yo‘naltirilgan katta texnik ko‘mak loyihasi ishlab chiqilib, Global ekologiya jamg‘armasiga taqdim etildi. Kelajakda ushbu loyiha amalga oshirilgan holda Qoraqalpog‘istondagi tabiiy hududlar maydonini 3 mln gektardan ortiqqa kengaytirish va ularning infratuzilmasi, qolaversa shu yerlarda ekologik turizmni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish belgilab qo‘yildi", - deydi mutaxassis.
Umuman olganda, bugungi kunda O‘zbekistonda suv resurslari, atmosfera havosini muhofaza qilish va uning sifatini yaxshilash, tabiiy resurslarni tejovchi va energotejamkor, kamchiqim va chiqindisiz innovatsion texnologiyalarni kengroq jalb qilish masalalariga ham katta e'tibor qaratilmoqda.
"So‘nggi davrda amalga oshirilgan ishlarga qaraydigan bo‘lsak, eng muhim jihatlardan biri bu O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil 21 aprelda imzolangan farmon va qaroriga asosan ekologiya atrof-muhit muhofazasi sohasi tubdan takomillashtirildi, yangidan tashkil qilindi. Oxirgi ikki yil davomida, ayniqsa, chiqindilarni boshqarish sohasida mutlaqo yangi, bugungi kun talablariga javob beradigan qonunchilik bazasi yaratildi. Bundan tashqari, joylarda sanitar-tozalash masalalari, chiqindilarni qayta ishlash va ularni kompleks boshqarish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirish jarayonida turibmiz. O‘ylaymizki, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi kelgusida O‘zbekistonda ushbu sohada umuman yangi va insonlar salomatligi va mamlakat rivoji uchun ijobiy ekologik muhitni ta'minlashga asos bo‘lib xizmat qiladi", - deya xulosa qiladi Nodirjon Yunusov.
Mavzuga oid

18:18 / 12.11.2024
Jahonda 10 yil davomidagi tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 2 trillion dollardan oshdi

16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya

23:00 / 04.11.2024
“Afsus, vijdon issiqxonada o‘smaydi" - Sherzodxon Qudratxo‘janing posti e’tirozlarga sabab bo‘ldi

10:56 / 03.11.2024