Umid Ahmadjonov Superliga klublari direktorlari, bosh murabbiylari va hakamlar bilan yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: ufa.uz
20 may kuni O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Superligada qatnashayotgan klublar direktorlari, bosh murabbiylari va hakamlar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda O‘FA tomonidan hakamlar saviyasini oshirish, yosh hakamlarni tayyorlash borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi. Shunga qaramay, hakamlar tomonidan qabul qilinayotgan ba'zi qarorlar borasida ko‘plab bahs-munozaralar yuzaga kelayotgani, natijada hakamlarga nisbatan noto‘g‘ri fikr shakllanib qolayotgani qayd qilindi. Ataylab qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yadigan, turli qing‘ir ishlarga aralashib yuradigan hakamlar qat'iy jazolanishidan yana bir bor ogohlantirildi.

Shu bilan birga, hakamlar ba'zan insoniylik omili tufayli xatolarga yo‘l qo‘yishi kuzatilayotgani aytib o‘tildi. Bunday holatlarda bosh murabbiylar o‘yin paytida o‘z hissiyotlarini jilovlab, hakamlarga nisbatan haqoratomuz iboralarni ishlatishdan tiyilishi kerakligi ta'kidlandi.
O‘FA ekspertlar guruhi tomonidan har bir hakamning harakatlari kuzatib, tahlil qilib boriladi. O‘yin natijasiga ta'sir etuvchi qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganlar tegishli tartibda jazolanadi. Ba'zi qarorlar o‘yin vaqtida muxlislarga shubhali tuyulsa-da, mutaxassislar guruhi tomonidan o‘rganib chiqilganidan keyin, hakamlar to‘g‘ri qaror qabul qilgani oydinlashgan vaziyatlar ham bo‘layotgani tilga olindi.

Shulardan kelib chiqib, klublar bosh murabbiylari va mutasaddilari doimo O‘FA va PFL rahbariyati bilan o‘zaro aloqada bo‘lib, xato va kamchiliklarni birgalikda bartaraf etib borish taklif qilindi.
Mavzuga oid

14:08 / 14.04.2025
«Paxtakor» yana yutqazdi, peshqadam yana o‘zgardi

14:40 / 07.04.2025
«Paxtakor» «So‘g‘diyona»ga ham yutqazdi, «Bunyodkor» birinchi o‘rinda

17:43 / 30.11.2024
Superliga. «Metallurg» «Nasaf»ni mag‘lub etib «Lokomotiv»ni Proligaga ravona qildi, OKMK o‘z tarixida ilk bor kumush medallarni qo‘lga kiritdi

19:03 / 18.11.2024