Misr Erdo‘g‘anning Mursiy haqidagi so‘zlari uchun Turkiyaga norozilik bildirdi
Turkiyaning Qohiradagi vaqtinchalik vakili Misr tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, unga norozilik notasi topshirilgan. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar berdi.
Ta'kidlanishicha, Misr Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning BMT Bosh assambleyasi 74-sessiyasidagi bayonotlari bo‘yicha norozilik bildirilgan. Erdo‘g‘an o‘z nutqida Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiyning o‘limini jiddiy tanqid qilgan va bu uchun javobgarlikni Misr hukumati zimmasiga yuklagan.
Erdo‘g‘anning bu so‘zlaridan keyin Misr tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ahmad Hofiz Turkiya yetakchisini yolg‘onchilikda ayblagan va dunyo hamjamiyatini uni Suriyadagi va boshqa davlatlardagi terrorchilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha javobgarlikka tortishga chaqirgan. U, shuningdek, Erdo‘g‘anni o‘z davlatidagi qatag‘onlarda ayblagan.
Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiy 17 iyunda josuslik ishi bo‘yicha sud majlisida vafot etgan. Misr televideniyesi ma'lumotlariga ko‘ra, Mursiy yurak xuruji oqibatida jon bergan.
O‘shandayoq Erdo‘g‘an Misr hukumatini Mursiyni qasddan o‘ldirishda ayblagan va BMTni Mursiy o‘limi tafsilotlarini tergov qilishga chaqirgan. Turkiya prezidenti Misr rahbariyatini xalqaro tribunalda javobgarlikka tortish, bunga Islom hamkorligi tashkilotini jalb qilish va masalani G20 sammitida ko‘tarish uchun barcha zarur ishni qilishga va'da bergan.
Erdo‘g‘an Mursiyning o‘limini jurnalist Jamol Qoshiqchining Istanbulda o‘ldirilishiga qiyoslagan va Anqara Mursiy ishini tergov qilishda barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishini aytgan.
Mavzuga oid

17:01
Turkiyada «Sulton Sulaymon» 1 yil 10 oy shartli qamoq jazosiga hukm qilindi

15:49
O‘zbekiston Shusha deklaratsiyasiga qo‘shilgani haqidagi xabarlar rad etildi

21:12 / 23.05.2025
Turkiyada 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga aloqador o‘nlab harbiylar hibsga olindi

14:56 / 22.05.2025