O‘zbekiston | 18:29 / 30.10.2019
3177
10 daqiqa o‘qiladi

Saylov kodeksini qabul qilishdan ko‘zlangan maqsadlar qanday edi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida Konstitutsiya inson huquqlariga sodiqlikni e'lon qilib, demokratiyaga sadoqatni namoyon qilib, xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab qabul qilinganligi ko‘rsatilgan.

Shu yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga bo‘lib o‘tadigan saylov Vatanimiz yangi tarixida g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea bo‘lib hisoblanadi. Zero, mamlakatimiz kelajagi, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning sur'ati va davomiyligi, ichki va tashqi siyosatimiz saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog‘liq.

O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar uzviy, bosqichma-bosqich va izchil, tadrijiy ravishda davom etmoqda. Eng muhimi Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan islohot yo‘nalishlari o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, bir-birini taqozo etadi. Misol uchun, saylov erkinligini ta'minlamasdan turib davlat va jamiyat qurilishini demokratlashtirishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yoki bo‘lmasa, saylovchilarning huquqlarini sud tomonidan himoya qilinishini ta'minlamasdan, demokratik saylov tizimini yaratib bo‘lmaydi.

Mamlakatimizda demokratiya va inson huquqlarini, xususan saylovga oid huquqlarni ta'minlashda xalqaro standartlar muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Saylovga oid xalqaro standartlar Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Parlamentlararo ittifoq, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) kabi tuzilmalarning bir qator hujjatlarida o‘z ifodasini topgan.

Saylovga oid muhim qoidalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida (1948 yil), Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda (1966 yil), Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida xalqaro konvensiyada, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida BMT deklaratsiyasida, Erkin va adolatli saylov prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiyasida, YeXHTning Insoniylik mezonlari bo‘yicha Kopengagen hujjati, MDHga ishtirok etuvchi davlatlarda demokratik saylovlar, saylovga doir huquqlar va erkinliklar standartlari to‘g‘risidagi Konvensiyada mustahkamlab qo‘yilgan.

Qayd etish joizki, o‘tgan yillar mobaynida milliy saylov qonunchiligimiz ushbu xalqaro saylov standartlariga muvofiq rivojlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 6 noyabrdagi PQ-4004-sonli Qarorida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish, shuningdek, fuqarolar konstitutsiyaviy saylov huquqlarini amalga oshirilishini ta'minlash bo‘yicha umume'tirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarni hisobga olgan holda, saylov tizimi va qonunchiligini bosqichma-bosqich liberallashtirish O‘zbekiston Respublikasi saylov tizimini yanada takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlaridan birinchisi etib belgilangan.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksini qabul qilishni maqsadlaridan biri ham aynan zamonaviy xalqaro saylov standartlarini hisobga olgan holda saylov tizimining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish edi.

Yuqoridagi Qarorga asosan Markaziy saylov komissiyasi tarkibida Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etilgan bo‘lib, milliy saylov qonunchiligining umume'tirof etilgan xalqaro prinsiplari va standartlariga muvofiqligini tizimli ravishda monitoring qilib borish mazkur markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to‘g‘risidagi Deklaratsiyaning 4-bandida doimiy haqiqiy erkin va adolatli saylovlar o‘tkazish uchun xalqaro huquqiy majburiyatlarga muvofiq ravishda davlatlar huquqlarni kafolatlashni ta'minlash maqsadida qonunlar qabul qilishlari va boshqa choralarni ko‘rmoqliklari lozimligi belgilangan. Saylov kodeksning qabul qilinishi ham mamlakatimizni aynan mazkur talabni og‘ishmay, izchillik bilan bajarganidan dalolatdir.

Xalqaro huquqiy hujjatlarda saylovga oid standartlar, eng asosiy prinsip va qoidalar sifatida umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylash, erkin va adolatli, haqiqiy saylov o‘tkazish va shu kabilar belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarni davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekanliklari, har bir saylovchi bir ovozga egaligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan.

Asosiy qonunimizga muvofiq saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 4-moddasiga asosan fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma'lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat'i nazar, teng saylov huquqiga egadir.

Konstitutsiyamizning 117-moddasiga kirgan o‘zgartishlarga hamda Saylov kodeksimizga asosan endilikda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylovda ishtirok etish, ya'ni saylash huquqi berildi. Bu esa ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligini Kodeksning 10, 27-moddalarida mustahkamlash imkoniyatini berdi. Bularning barchasi esa umumiy saylov huquqi prinsipini yanada kengroq ta'minlanganidan, xalqaro standartlar talablarini implementatsiya qilinganidan dalolat beradi.

Saylov kodeksida “bitta saylovchi-bitta ovoz” tamoyilini amalga oshirishni ta'minlaydigan O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatiga oid qoidalar belgilandi.

Xalqaro standartlarda davlatlar milliy qonun chiqaruvchi organning hech bo‘lmasa bir palatasidagi hamma mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining obekti bo‘lishiga yo‘l qo‘yishlari lozimligi belgilangan.

Shu ma'noda Saylov kodeksimizdagi eng katta yangiliklardan biri bu – siyosiy maydon to‘liq siyosiy partiyalarga berilishi, Ekologik harakatga qo‘yilgan kvota chiqarib tashlanganida namoyon bo‘ladi. Endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tadigan saylovda 135 emas, balki to‘liq 150 ta saylov okrugida nomzodlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladilar, bu esa milliy qonun chiqaruvchi organning bitta palatasidagi barcha mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining obekti bo‘lishini ta'minlaydi.

Xalqaro standartlarda har bir ishtirokchi-davlatlar ayollarga erkaklar bilan bir xil sharoitlarda hech bir kamsitishsiz saylovlarda ovoz berish huquqi va ochiqdan-ochiq saylanadigan organlarga saylanish huquqi ta'minlashlari lozimligiga oid talablar belgilangan.

Konstitutsiyamizning 46-moddasiga ko‘ra xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbuslariga ko‘ra 2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning 4-bobi alohida “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”ga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga ega. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta'minlanadi.

Mamlakatimizda o‘tgan barcha saylovlarda xotin-qizlarning huquqlari ta'minlanganini mazkur masala bo‘yicha biron marta sudlarga shikoyat kelib tushmaganidan ham bilib olish mumkin.

Agar avvallari qonunlarda faqat Markaziy saylov komissiyasiga nisbatan faoliyatining huquqiy asoslari, mustaqillik, ochiqlik prinsiplari, faoliyatiga aralashmaslik kabilar qayd etilgan bo‘lsa, endilikda Saylov kodeksida barcha saylov komissiyalari va ularning a'zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshirishi belgilab qo‘yildi.

Avvallari mahalladan kuzatuvchilar faqat xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovidagina ishtirok etishi nazarda tutilgan edi. Endilikda Saylov kodeksiga ko‘ra fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar barcha saylovlarda qatnashishi mumkinligi qayd etildi. Bu saylovlar ustidan fuqarolik kuzatuvini, shaffoflikni ta'minlashga, saylov jarayoniga jamoatchilik ishonchini oshishiga omil bo‘lib xizmat qiladi.

Yuqorida bayon etilgan fikrlarning barchasi milliy saylov qonunchiligimiz asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlardagi umum e'tirof etilgan saylov prinsiplari va standartlari talablariga muvofiq kelishidan, fuqarolarning davlat vakillik organlariga saylash va saylanishi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirilishi uchun mustahkam kafolatlar belgilab qo‘yilganidan dalolat beradi.

Nilufar Said-G‘oziyeva
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining katta eksperti, yuridik fanlar doktori

Mavzuga oid