Sport | 09:40 / 31.01.2020
3656
2 daqiqa o‘qiladi

Brunu Fernandesh «MYu» bilan shartnoma imzoladi

«Sporting» yarimhimoyachisi Brunu Fernandesh rasman «Manchester Yunayted» o‘yinchisiga aylandi. Bu haqda ingliz klubi rasmiy sayti ma'lum qildi.

Mankunianliklar 25 yoshli futbolchi bilan 5,5 yillik shartnoma imzolanganini e'lon qilishdi. Shuningdek, bitimni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati ham bor.

Avvalroq yarimhimoyachi Manchester klubida yiliga 6 mln yevro maosh olishi haqida aytilgandi. «MYu» Fernandesh uchun 55 mln yevro to‘ladi. Bu qiymat bonuslar hisobiga 80 mlnga ham yetishi mumkin.

Brunu Fernandesh yangi klubidagi ilk fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Manchester Yunayted»ga bo‘lgan muhabbatim Krishtianu Ronalduning o‘yinlarini tomosha qilganimda boshlangan. O‘shandan beri ushbu katta klubning muxlisiman.

«Manchester Yunayted»da ekanligimga ishona olmayotgandekman. Men bunga erishish uchun ko‘p ishladim. Bu jamoa muxlislari, libosi, logotipi uchun borimni beraman va jamoaga ijobiy natijalar hamda kuboklarni olib kelishga yordam beraman. «Sporting»ga barchasi uchun minnatdorchilik bildiraman.

«MYu»ning sobiq futbolchilari men haqimda aytgan yaxshi gaplarni eshitish kutilmagan bo‘ldi. Olega va jamoadagi barcha insonlarga ishonchlari uchun katta rahmat», – deb Fernandeshning so‘zlarini keltiradi klub rasmiy sayti.

Ma'lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 2003-2009 yillarda «MYu»da o‘ynagan.

Mavzuga oid