O‘zbekiston | 20:06 / 11.05.2020
16561
3 daqiqa o‘qiladi

«Har bir qadamimizni G‘arb yoki Sharqni o‘ylab tashlasak, natijaga erisha olmaymiz» - Ne'matov YeOIIga kuzatuvchi bo‘lib kirish haqida

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne'matov Senat yig‘ilishida YeOIIda kuzatuvchilik maqomi boshqa mamlakatlar bilan aloqalarga ta'sir qilmasligini ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne'matov senator Behzod Yo‘ldoshevning O‘zbekistonning YeOIIdagi kuzatuvchilik maqomi boshqa mamlakatlar bilan aloqalarga ta'sir ko‘rsatishi haqidagi savoliga javob berdi.

«Prezidentimiz ham murojaat davomida yoki boshqa yig‘ilishlarda ko‘p ta'kidladilarki, tashqi siyosatda har bir qilayotgan ishimiz birinchi navbatda bizning milliy manfaatimizdan kelib chiqishi kerak. Suveren davlat sifatida har bir bosgan qadamimizga qarab G‘arb nima derkin, Sharq nima derkin deydigan bo‘lsak, hech qanday natijaga erishmaymiz. Shuning uchun suveren davlat sifatida milliy manfaatimizdan, siyosiy, iqtisodiy, madaniy manfaatimizdan kelib chiqishimiz kerak.

G‘arb yoki Sharqqa qarab o‘tirsak, bu izolyatsiyaga hech qanday natija bo‘lmaydi, izolyatsiya yana davom etadi. Buni berkitish kerak emas, ko‘p yillar davomida izolyatsiyada bo‘ldik, hozir izolyatsiyadan chiqdik desak bo‘ladi. Izolyatsiyada hech qanday raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi. Shuning uchun men o‘ylaymanki, bu juda to‘g‘ri bo‘lyapti.

Ikkinchi bir misol, YeOIIning a'zolari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Belarus – hammasi G‘arb davlatlari bilan hech qanday muammosiz aloqalarni rivojlantirib kelyapti: investitsiya olib kelishyapti, siyosiy, iqtisodiy aloqalar rivojlanyapti. Shuning uchun xavfsirashga shubha yo‘q. 

Uchinchidan, bu juda to‘g‘ri bo‘lyapti, biz bu tashkilotga kuzatuvchi sifatida kiryapmiz. Kuzatuvchi sifatida kirish bizga nima imkoniyat beradi? Kuzatuvchilik davrida uni chuqur o‘rganib, agar qandaydir salbiy ta'sirlar bo‘ladigan bo‘lsa, unga yo‘l xaritasini ishlab chiqib, kerakli ishlarni olib borish», dedi Ilhom Ne'matov.

U YeOII bo‘yicha o‘rganishlar olib borilgani haqida gapirdi.

«Oldin ham 2006 yildan boshlab 2008 yilgacha YeOIIda ishtirok etganmiz. O‘shandan bizga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan salbiy tomonlarini bilamiz. Shunga biz oldindan yo‘l xaritasi ishlab chiqdik. Bizning boshqa aloqalarimizga ta'sir qiladi degan hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak», dedi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.

Mavzuga oid