Jahon | 10:10 / 27.04.2021
6897
4 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an AQSh armanlar genotsidini tan olganini «qonunga va tarixga zid» deb atadi 

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AQSh prezidenti Jo Baydenning armanlar genotsidi tan olinishi bilan bog‘liq bayonotidan ranjigani va u «qonunga va tarixga zid» ekanini aytdi.      

«Bu qonunga, tarixga zid va nohaq so‘zlardir. Ular bizni ranjitdi. Bu so‘zlar biror tarixiy yoki huquqiy asosga ega emas», deb aytgan Erdo‘g‘an.  

Turkiya yetakchisining ta'kidlashicha, «turklarga qarshi va arman doiralarining radikal tashabbuslari» AQSh prezidenti genotsidni tan olganiga olib keldi. Erdo‘g‘an «100 yil avvalgi voqealarni o‘rganish uchun tarixchi olimlardan iborat qo‘shma komissiyani tashkil etish taklifi hamon kuchda ekanini, biroq unga hech qanday javob yo‘qligini» qo‘shimcha qildi. 

«Biz arxivlarni ochishga tayyormiz. Bizda 1915 yil haqida hujjatlar bor. Keling, o‘rganing. Biroq AQSh o‘z tarixi haqidagi hujjatlarni ocha oladimi?» deb ta'kidlab o‘tgan Erdo‘g‘an.  

«Baydenning 24 apreldagi bayonoti ortida munosabatlarimiz ancha orqaga ketdi. Umid qilamanki, ikkimiz o‘rtamizda iyunga belgilangan uchrashuvda o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochishga muvaffaq bo‘lamiz. Biz Bayden bilan begona odamlar emasmiz, davlatlarimiz o‘rtasida munosabatlar bor», deb aytgan Turkiya rahbari.  

«Biz ikkita muhim davlatmiz, NATO bo‘yicha muhim ittifoqdoshmiz. Siz Turkiyani alyansga hech qanday aloqasi yo‘q bo‘lgan arman lobbisiga qanday almashdingiz? Hozirda biz munosabatlarimizni zaharlovchi mavzularni ko‘tarmasligimiz va olg‘a borish yo‘llari haqida o‘ylashimiz lozim», deb ta'kidlab o‘tgan Erdo‘g‘an.  

«AQSh o‘z sanksiyalari, F-35, FETO va Kurdiston ishchi partiyasini qo‘llab-quvvatlashi bilan munosabatlarimizga putur yetkazdi. Bu biz uchun qizil chiziq hisoblanadi. Biroq sharoitlar qanday bo‘lmasin, biz maqsadlarimiz sari olg‘a borishimiz lozim. Bizni to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishga majbur qilishga urinayotganlaridan charchadik», deb qo‘shimcha qilgan Turkiya prezidenti.       

Uning ta'kidlashicha, u «AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan teng huquqli asosda munosabatlarni davom ettirishga tayyor hamda bahs, adolatsiz munosabatlar va ikkilik standartlarini istamaydi».    

O‘z navbatida, Bloomberg axborot agentligining yozishicha, Turkiya ushbu voqeadan keyin AQSh bilan mudofaa paktini muzlatib qo‘yishi mumkin. Anqara Turkiya va AQSh o‘rtasida mudofaa va iqtisodiyot sohalarida 1980 yilda tuzilgan kelishuvlarning amal qilishini to‘xtatishni o‘ylamoqda. Bu kelishuvlarga ko‘ra, AQSh Turkiyaga moliyaviy va iqtisodiy yordam ko‘rsatadi hamda turk harbiy mudofaasi va armiyasini rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha hamkorlik qiladi.   

24 aprelda Bayden Usmoniylar imperiyasida XX asr boshlarida yuz bergan hodisalarni «armanlar genotsidi» deb atadi. AQShning Baydendan avvalgi prezidentlari shu paytgacha bunday bayonotlar berishdan o‘zlarini tiyib kelgandilar.

Mavzuga oid