Inson a'zolari donorligi bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. Deputatlar nimadan xavotirda?
21 may kuni O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida «Inson a'zolari va to‘qimalari donorligi hamda ularni ko‘chirib o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishda taklif etilayotgan ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, o‘z a'zosini (organini) berishni istagan tirik donor bemorning yaqini yoki qarindoshi bo‘lishi talab etilmaydi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur norma deputatlar o‘rtasida keskin bahs-munozaralar keltirib chiqargan. Bir tomon bu modda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishini aytgan bo‘lsa, ikkinchi tomon esa bunday erkinlik berilishi natijasida inson tana a'zolari oldi-sotdisi avj olib ketishidan xavotirda.
Inson a'zolari donorligi va ularni ko‘chirib o‘tkazishni erkinlashtirish qanchalik to‘g‘ri?
Bugungi kunda transplantatsiya amaliyotlari hukumat qarori bilan tasdiqlangan «Qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi haqida»gi vaqtinchalik nizom asosida o‘tkaziladi. Hujjatda tirik qarindosh donorlar – qonunchilik asosida, o‘zaro birinchi, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajada qarindosh shaxslar o‘rtasida bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda 3 mingga yaqin buyrak donor kutayotganlar bor.
Deputat Doniyor G‘aniyevning aytishicha, yangi kiritilayotgan normadan mamlakatda organ transplantatsiyasi uchun donorlar kutayotgan bemorlarga yordam berish, tibbiyotda transplantologiya sohasini rivojlantirish kabi ijobiy maqsad ko‘zlangan bo‘lsa-da, qonunga bu normani kiritish xato hisoblanadi.
«Chunki odatda aqli-hushi joyida, sog‘lom inson tirikligida o‘z organlarini ikki sababga ko‘ra berishga rozi bo‘lishi mumkin. Birinchisi, bu muhabbat. Ya'ni inson dard chekayotgan bemor yaqiniga unga bo‘lgan muhabbati, mehridan o‘z organini berishga rozi bo‘lishi mumkin. Ikkinchi sababi esa tabiiyki, bu pul, moddiy manfaat. Albatta, uchinchi sabab ham bo‘lishi mumkin. Shunchaki hech qanday manfaatsiz, tanimagan odamiga kimdir o‘z organini berishi mumkin, lekin bu bizning jamiyat uchun deyarli istisno holat, deb o‘ylayman.
Shundan kelib chiqib, agar qonun bilan tirik donorlar tushunchasida barcha shaxslarning (bemorga aloqasi bo‘lmagan) donor bo‘lishi mumkinligi belgilansa, qo‘rqamanki, aholi daromadi ancha past, ishsizlik darajasi yuqori va to‘y-hasham, orzu-havas yo‘lida hamma narsaga tayyor bizning jamiyatda bu ijtimoiy qiynalgan aholi qatlami tomonidan organlarni sotish holatlari, shu jumladan, organ sotish bilan bog‘liq (asosan buyrak) jinoyat ishlari ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Garchi, qonun bilan inson a'zolarining oldi-sotdisi taqiqlanayotgan bo‘lsa-da, lekin bu amaliyotda noqonuniy «buyrak bozori» paydo bo‘lmasligini kafolatlamaydi», deydi deputat.
Ayni paytda FHDYoda tuzilgan nikoh asosida kamida uch yil birgalikda yashagan er-xotinlar va ularning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan barcha qarindoshlari, shuningdek, o‘gay aka-uka va opa-singillar hamda uch yil muddat oldin qonunchilikda belgilangan tartib asosida farzandlikka olingan bolalar (farzandlikka oluvchi ota-onalari bilan o‘zaro) tirik qarindosh donorlar bo‘lishi mumkin. Qonun loyihasida esa tirik donorlar tushunchasida barcha shaxslarning donor bo‘lishi belgilanmoqda.
Shuningdek, loyihada xususiy klinikalarga ruxsat berish ham ko‘rsatilgan. Amalda esa faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi roziligi bilan davlat tibbiyot muassasalariga ruxsat berilmoqda.
Bunda transplantologiya sohasida xususiy sektorning rivojlanishi, ushbu sohaga investitsiyalarning ortishi va tibbiy turizm rivojlanishi bilan birga, organ sotish bilan bog‘liq jinoyat ishlari ortishi, donor bo‘lishga barchaga ruxsat berilayotgani sabab O‘zbekistonda ijtimoiy qiynalgan va tibbiy madaniyati yetarli bo‘lmagan aholi qatlamining pul evaziga chet eldan kelgan bemorlarga organlarini sotishi holatlari ortib ketishiga olib keladi.
Donor sog‘lig‘i uchun kim javobgar bo‘ladi?
Bugungi kunda transplantologiyada asosiy talab buyrak hamda jigar transplantatsiyasiga bo‘lmoqda va ushbu yo‘nalishlarda donorlarning yetishmasligi kuzatilmoqda.
Qonun loyihasida o‘zidan a'zosi yoki to‘qimalari olinganligi sababli sog‘lig‘ini tiklash zarurati bilan bog‘liq xarajatlarning kompensatsiya qilinishi va tirik donordan uning a'zosi yoki to‘qimalari olinganligi munosabati bilan uning sog‘lig‘ini tiklash zarurati bilan bog‘liq xarajatlarni berish tartibi va kompensatsiya qilish miqdorlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonunchilikda esa bunday emas.
Shuningdek, ko‘rib chiqilayotgan hujjatda o‘zidan a'zosi yoki to‘qimalari olinganligi munosabati bilan yuzaga kelgan mehnatga qobiliyatsizlik davri uchun ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini olish ham belgilanmoqda.
Yana bir qiziq jihati, qonunchilikka muvofiq o‘zidan a'zosi yoki to‘qimalari olinganligi munosabati bilan yuzaga kelgan asoratlar tufayli Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalarida davolanish va kuzatuvda bo‘lish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Amaldagi nizomda bu ko‘zda tutilmagan.
Masalaning ijobiy tomonlaridan biri – donorlarning qo‘llab-quvvatlanishi natijasida ularning soni ortadi. Ammo pul evaziga chet eldan kelgan bemorlarga organlarini sotish holatlarida xarajatlar davlat budjetiga qo‘shimcha yuklama bo‘lishi va vaqt o‘tishi bilan donor bo‘lgan shaxslar o‘rtasida nogironlik holatlari ko‘p kuzatilishi ham mumkin.
Agar yangi qonun loyihasi tasdiqlansa, O‘zbekiston jamiyati uni qanday qabul qilishi mumkin?
Bu savol ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. Ma'lum qilinishicha, ayrim deputatlarda respublikada buyrak transplantologiyasi bo‘yicha tibbiy turizm markaziga aylanib qolish xavfi bor, degan fikr ham bor.
Bugungi kunda Filippin, Misr, Nigeriya, Xitoy, Hindiston va Pokiston davlatlari transplantatsiya markaziga aylangan. Masalan, u yerda Saudiyadan kelgan bemor o‘sha davlatlar klinikasiga 40 ming dollar to‘lab, buyrak sotib oladi. Ammo buyragini bergan odamga 4-5 ming dollar tegadi. Bu davlatlarda inson a'zolari oldi-sotdisi yirik biznesga aylanib borayotgani aytiladi.
Deputat Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, nazariy jihatdan bu tizim yaxshi ishlaydi. Lekin aholining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy tafakkuridan kelib chiqilsa, muammolar paydo bo‘lishi mumkin.
«Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yillik 63 ming buyrak transplantatsiyasining 10 foizdan ortig‘i kambag‘al davlat fuqarolari o‘z organlarini boy davlatlar fuqarolariga pul evaziga berishi hisobiga amalga oshadi. Bizda ham qonun bilan donor bo‘lishga barchaga ruxsat berilishi sababli, iqtisodiy-ijtimoiy qiynalgan aholi qatlamining pul evaziga chet eldan kelgan bemorlarga o‘z organlarini sotish holatlari ko‘payib ketishi mumkin. Bu hatto katta biznesga aylanib ketishi ham hech gap emas.
Ko‘rinib turibdiki, aholining hozirgi iqtisodiy ahvoli, tibbiy va huquqiy bilimidan kelib chiqib, tirik donorlar tushunchasini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘ri bo‘ladi.
Bunda, birinchi navbatda, organ transplantatsiyasida (ayniqsa buyrak) tirik donorlarni faqat Oila kodeksining 57-moddasida belgilagan qarindoshlar bilan cheklash, shuningdek, mamlakatda doimiy yashamaydigan chet el fuqarolariga O‘zbekiston fuqarolarining donor bo‘lishlarini taqiqlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tirik donorning organi yaqin qarindoshlar yoki oila a'zolariga to‘g‘ri kelmaydigan holatlarda esa begona donorlardan organlarni faqatgina barter asosida, ya'ni deylik «buyrak uchun buyrak» prinsipi asosida ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berilishi lozim.
Bundan tashqari, qonun bilan vafot etgan donorlardan a'zolarni olib o‘tkazishga ruxsat berilishi orqali buyrak hamda jigar transplantatsiyasida donorlar yetishmasligi muammosini qisman yechish mumkin», deydi deputat.
Parlament vakilining aytishicha, ayni paytda mazkur qonun loyihasini muhokama qilishda davom etilmoqda. Hujjatda ko‘zda tutilayotgan normalar yuzasidan o‘zaro fikr almashilyapti.
Mavzuga oid

20:41 / 09.10.2024
Turkiy davlatlar transplantatsiya bo‘yicha yagona axborot tizimini yaratadi

18:06 / 31.05.2024
Bolalar kuni munosabati bilan donorlik aksiyasi o‘tkazilyapti

22:48 / 04.11.2022
O‘zbek xirurgiyasi tarixida ilk bor bir paytning o‘zida yurak va buyrakda noyob operatsiya o‘tkazildi

20:50 / 09.08.2022