Jahon | 22:39 / 01.07.2021
8924
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng badavlat kishisi fazoga o‘zi bilan birga 82 yoshli ayolni olib ketadi

Jyeff Bezos va Uelli Fank

82 yoshli Uelli Fank dunyoning eng badavlat kishisi Jyeff Bezos bilan birga fazoga yo‘l oladi. Bezos va keksa ayol fazoga milliarderning Blue Origin kompaniyasi ishlab chiqqan New Shepard kemasida parvoz qiladi.

«Uelli Fank butun umrlik orzusi – astronavt bo‘lish istagini amalga oshirib, 20 iyulda New Shepard kemasida faxriy mehmon sifatida fazoga yo‘l oladi», deyilgan xabarda. Ayol fazoga Bezos, uning ukasi Mark va New Shepard’da parvoz qilish huquqini 28 mln dollarga sotib olgan, ismi oshkor qilinmayotgan yana bir kishi bilan birga uchadi.

«Hech kim bunchalik uzoq vaqt kutmagandi. Buning vaqti keldi. Jamoaga xush kelibsiz, Uelli. 20 iyulda faxriy mehmonimiz sifatida biz bilan birga parvoz qilishingizdan xursandmiz», deb yozgan Bezos.

Xabarda ta'kidlanishicha, Fankning astronavt sifatidagi yo‘li uzoq 1960-yillarda boshlangan. U o‘z vaqtida fazoga jo‘natilishi rejalashtirilgan ayollarni tanlash loyihasida ishtirok etgan. Keyinroq ushbu loyihaning barcha ishtirokchilari fazoga parvoz qilish uchun barcha ruhiy va jismoniy sinovlardan o‘tishgan, biroq loyiha yopilib, fazoga uchish ular uchun armon bo‘lib qolgan.

 Fank AQSh federal aviatsiya boshqarmasining birinchi ayol inspektori va transportdagi xavfsizlik bo‘yicha milliy kengashning aviatsiya xavfsizligi sohasidagi birinchi ayol tergovchisi bo‘lgan.

 Blue Origin’da ta'kidlanishicha, Fank fazoga uchadigan tarixdagi eng keksa inson bo‘ladi.

Rejaga ko‘ra, New Shepard kemasi Texasdagi kosmodromdan uchib, 105 km balandlikka ko‘tariladi. O‘rtacha hisobda bunga 10–15 daqiqa vaqt ketadi.

 

Mavzuga oid