Sport | 12:05 / 05.10.2021
23236
4 daqiqa o‘qiladi

«Jasur aqlbovar qilmas pullarni rad etgandi». Ja'far Irismetov Yaxshiboyevning «Real»ga urgan goli va «Paxtakor»ga nega kerak bo‘lmagani haqida

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi, o‘z vaqtida Moskvaning «Spartak» klubida to‘p surgan, hozirda «Paxtakor» klubi sport direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan Ja'far Irismetov «Match TV» telekanaliga bergan intervyusida Jasur Yaxshiboyevning «Paxtakor» klubida nega qolmagani, «Real»ga urgan goli va boshqa savollarga javob qaytardi.

Foto: Quality Sport Images / Getty Images

— Ja'far, o‘z vaqtida siz «Spartak» safida amalga oshira olmagan ishni Jasur Yaxshiboyev bajarib, Chempionlar ligasida gol urdi. Buni qanday qabul qildingiz?

— Juda ham xursand bo‘ldik, «Real»ga o‘zimizning o‘zbek yigiti gol urdi, axir. O‘z vaqtida Chempionlar ligasida gol ura olmaganim haqida esa umuman o‘ylamayman. Yaxshiboyevning «Real»ga gol urgani «Paxtakor» klubimizda ham bayramona qarshi olindi. Bu hammamizning umumiy g‘alabamiz. O‘z vaqtida Yaxshiboyev «Paxtakor»da to‘p surgandi, ammo kuchli raqobat sababli boshqa klublarda ijarada yurdi. U tarkibimizdan o‘rin ololmadi. Ammo doim Jasurning yaxshi futbolchi ekanligini bilardik. Endi barqaror o‘ynashi lozim, Madridda «Real»ga gol urdim deb, yo‘qolib qolmaslik kerak.

— Jasur nega «Paxtakor»ga kerak bo‘lmadi?

— Ochig‘ini aytsam, o‘zbek futbolchilari orasida Yaxshiboyevdan yaxshiroq vingerni uchratmadim, ammo u bilan kundalik hayotda muammo bor edi. Jasurni o‘rinbosarlar tarkibidan olib chiqqanimda uning xarakteri og‘irligini payqagandim. U o‘z dunyosida yashaydi, tanqidni yomon qabul qiladi. Ehtimol, u hozir ulg‘aygandir. Unda o‘zini ko‘rsatish va top-klubga o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi. «Sherif» Jasur uchun tramplin vazifasini bajarishi kerak. Shunga qaramay, «Sherif» yaxshi klub. O‘z vaqtida bu klub ko‘rigida ishtirok etgandim, bilishimcha klub prezidenti hali ham Gushan ekan.

Foto: FK "Shaxter"

— Yaxshiboyev ketganidan afsuslanmaysizmi?

— Nega afsuslanish kerak? U bizda asosiy tarkibda boshlagandi, keyin esa zaxirada qolib ketdi. Biz esa bunday saviyadagi o‘yinchi asosiy tarkibda to‘p surishini istadik. U o‘z tajribasini oshirib keyin safimizga qaytishini istagandik, ammo Jasurni sotishimizga to‘g‘ri keldi. Bu ikki tomon uchun ham manfaatli qaror bo‘ldi. «Paxtakor»da uning ishlari yurishmagandi, Belarusda esa u bir oyoqda o‘ynab eng yaxshi o‘yinchi edi. Keyin esa yanada kuchliroq «Legiya»ga o‘tib, to‘xtab qoldi. «Sherif»ga o‘tgani esa yana uning foydasiga ishladi.

Foto: Piotr Kucza /Newspix

— Yaxshiboyevni Eldor Shomurodov bilan taqqoslash mumkinmi?

— Hali erta. Shomurodov «Rostov»da bir necha yil to‘p surib tajribasini oshirdi. Unga yuqori saviyada to‘p surish nisbatan osonroq. Yaxshiboyev esa hali o‘smoqda, garchi 24 yosh futbolchi uchun ayni kuchga to‘lgan davr bo‘lsa ham. Aslida esa Yaxshiboyev ham juda iqtidorli yigit va Shomurodov kabi pulni emas, karerani tanladi. Odatda, bizning futbolchilar Rossiya yoki Yevropadan ancha ko‘proq maosh beradigan Osiyo klublari, aytaylik BAA yoki Qatar singari chempionatlarga yo‘l olishadi. Yaxshiboyev «Paxtakor»ga tegishli bo‘lgan vaqtda Osiyo klublari Jasurga aql bovar  qilmas pullar taklif qilishgandi, ammo u har doim pulni rad etib, Yevropada to‘p surishni istagandi.

Usmon Ibodov tarjimasi.

Mavzuga oid