Jahon | 11:49 / 03.12.2021
31948
4 daqiqa o‘qiladi

«Tepkini bosganim yo‘q». Alek Bolduin suratga olish jarayonidagi fojiadan keyin ilk marta intervyu berdi

Aktyor Alek Bolduinning ma'lum qilishicha, u to‘pponcha tepkisini bosmagan. O‘shanda fojiali voqea natijasida suratga olish maydonchasida operator halok bo‘lgandi.

JEFF NEIRA

Hodisa joriy yil oktabr oyida vestern janridagi «Zang» (The Rust) filmini suratga olish jarayonida sodir bo‘ldi. Aktyor Alek Bolduin filmda ham aktyor, ham prodyuser sifatida ishtirok etayotgandi.

«Men qurolni hech qachon odamga yo‘naltirmagan va tepkini bosmagan bo‘lardim. Hech qachon», — dedi aktyor BBC telekanaliga fojiadan keyin bergan katta intervyusida. U o‘tgan seshanba kuni yozib olingan, telekanal efirida chorshanba kuni e'lon qilingan, payshanba kuni kechki payt esa to‘liq namoyish etildi.

Avvalroq Bolduin sodir bo‘lgan voqeani uni kutib turgan jurnalistlar uchun faqat bir marta qisqa ravishda izohlagandi hamda o‘zi va oilasini tergov yakuniga qadar ta'qib qilmaslikni so‘ragandi.

Shu paytgacha prokuraturaning asosiy versiyasi shundan iborat ediki, Alek Bolduin Hatchinsga rekvizit qurolni yo‘naltirgan va sahna repetitsiyasi vaqtida u o‘qlanganini bilmay, o‘q uzgan. Quroldan otilgan yana bir o‘q film rejissyori Joel Souzening yelkasiga tekkan.

Amerikalik mashhur jurnalist Jorj Stefanopulosga bergan intervyusida Bolduin jangovar patronlar qanday qilib to‘pponcha ichida paydo bo‘lganini bilmasligini aytgan.

«Kimdir uni solib qo‘ygan. Bunday patron maydonchada umuman bo‘lmasligi kerak edi», — dedi aktyor.

Jorj Stefanopulosning so‘zlariga ko‘ra, ularning bir yarim soatlik suhbati og‘riqli va chuqur hislarga to‘la bo‘lgan.

«Men BBC’dagi 20 yillik faoliyatim davomida minglab intervyu olganman. Bu amaliyotimdagi eng og‘iri bo‘ldi», dedi Stefanopulos.

«Hali ham ishonmayapman»

Tergov materiallarida aytilishicha, suratga olish jarayonida qurolni Bolduinga rejissyor yordamchisi Deyv Holls bergan. U tartibga amal qilgan holda «cold gun», ya'ni kinochilar tilida qurol xavfsiz (jangovar patron bilan o‘qlanmagan) deya baqirgan.

Hollsning o‘zi to‘pponchani qurol rekvizitlari bo‘yicha menejyer Xan Guterres-Riddan olgan. Uning advokatlarining aytishicha, u quroldagi jangovar patron qayerdan paydo bo‘lganini bilmaydi. Hozirda bu tergov javob berishga harakat qilayotgan eng muhim savol.

«Hatto hozir ham bu haqiqatan sodir bo‘lganiga ishona olmayman. Noreallik hissi mavjud», — dedi aktyor BBC’ga bergan intervyusida.

Mazkur haftada tergovchilar kinos'yomkalar uchun qurollar yetkazib beruvchi kompaniyalardan birida tintuv o‘tkazishga order oldi.

«Uni hamma yaxshi ko‘rardi»

GETTY IMAGES

42 yoshli Galina Hatchins ko‘kragidagi jarohat bilan shifoxonaga olib kelingan va tez orada joni uzilgan. U Ukrainada tug‘ilib o‘sgan va oxirigacha Ukraina fuqaroligini saqlab qolgan.

«Xalqaro jurnalistika» mutaxassisligi bo‘yicha Kiyev universitetini tamomlab, Buyuk Britaniyada hujjatli filmlarni suratga olish jarayonlarida ishlagan.

2015 yilda AQShda kinematografiya bo‘yicha ta'lim oldi va Hollivudda operator va tasvir bo‘yicha rassom sifatida muvaffaqiyatli karera  qildi.

2019 yilda American Cinematographer jurnali uni AQSh kinematografiyasining ko‘tarilayotgan yulduzlaridan biri deb atadi. Boshqa filmlar qatorida u «Maks Fist» (Archenemy) va «Darlin» (Darlin) filmlarini suratga oldi.

Alek Bolduinning so‘zlariga ko‘ra, ular Galina bilan suratga olish maydonchasidan tashqarida do‘st bo‘lishgan.

«U bilan ishlaganlarning hammasi uni yaxshi ko‘rardi, unga qoyil qolishardi», — dedi aktyor va yig‘lab yubordi.

Mavzuga oid