Sport | 20:12 / 15.12.2021
10843
2 daqiqa o‘qiladi

Akmal Shorahmedov futbolchilik faoliyatini yakunladi

2021 yilgi mavsumda Farg‘onaning «Neftchi» klubi bilan Pro ligadan Superligaga yo‘llanma olgan Akmal Shorahmedov 35 yoshda futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qilgan.

Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi murabbiylik faoliyatini boshlaydi. U Toshkentning «Lokomotiv» klubida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlaydi. Bu haqda «Lokomotiv» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq shifokori Abror Pirriyev kanalida ma’lum qilgan.

Foto: Tribuna.uz

«Denis Korostichenko bugun klub rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng «Lokomotiv» bosh murabbiyiga aylandi. Ammo men uchun boshqa bir yosh murabbiy – jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yangi mutaxassis – Akmal Shorahmedovning jamoamiz murabbiylar shtabida ish boshlashi e’tiborliroq. Chunki futbolchilik faoliyatiga uzoq yillar bevosita guvoh bo‘lganim – Akmalning murabbiylik ostonasiga qadam bosishi va uning natijalari men uchun qiziq. Ilgari milliy jamoada Shorahmedovni futbolchi sifatida kuzatgan bo‘lsam, endilikda uning «Lokomotiv» murabbiyi maqomidagi natijalarining guvohi bo‘lish imkoni tug‘ildi», - deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 35 yoshli himoyachi joriy mavsum yakunlangach, Toshkentda Osiyo Futbol Konfederatsiyasining «V» toifasidagi diplomi uchun murabbiylik kurslarida tahsil olgan edi.

Foto: O‘FA

Eslatib o‘tamiz, «Neftchi» joriy mavsum Pro liga g‘olibi sifatida Superligaga yo‘llanma olgandi. Shorahmedov farg‘onaliklar safida 22tadan bahsda maydonga tushgan.

Mavzuga oid