O‘zbekiston | 07:35 / 07.05.2022
4481
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda restavratsiya qilinadigan obidalar ro‘yxati shakllantirildi

2022 yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar bermoqda.

Foto: Madaniy meros agentligi

Unga ko‘ra, ro‘yxatdan jami 34 ta madaniy meros obekti o‘rin olgan va ularni ta’mirlash-tiklash ishlari uchun jami 75 mlrd so‘m sarflanishi rejalashtirilgan. Har yili respublika bo‘yicha avariya holatidagi yoki e’tibordan chetda qolgan madaniy meros obektlarini restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari uchun milliy ro‘yxat shakllantiriladi.

Joriy yilgi ro‘yxatga ko‘ra, ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan Bahodir Yalangto‘shbiy madrasasi, Talipoch qal’a qoldiqlari, «Ulug‘bek» madrasasi, Amir Olimxon madrasasi, Ko‘k gumbaz, Oq Saroy, Islom Xo‘ja yozgi qarorgohi, Chodra hovli kabi obektlarda restavratsiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

Buxoro «Ark» qo‘rg‘oni majmuasidagi Qushbegi, Saisxona, Salomxona, Taxtxona madaniy meros obektlarida ham ta’mirlash tiklash ishlari olib boriladi. Eng e’tiborga molik loyihalardan biri esa — «Ark» qo‘rg‘oni majmuasi vayronalari qismida «Arxeologik park» tashkil qilish. Buxoro shahridagi «Masjidi Kalon» (Poi Kalon majmuasi) qulab tushgan qismlar va ta’mirtalab devorlarini ta’mirlash-qayta tiklash, atrofini obodonlashtirish ishlarini ham 2022 yilning IV choragida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bundan oldin madaniy meros yodgorliklariga zarar yetkazilgani haqida ishonch telefoni orqali xabar berish yo‘lga qo‘yilgandi.

Mavzuga oid