O‘zbekiston | 17:37 / 29.10.2022
8595
2 daqiqa o‘qiladi

Endi Toshkentda vaqtinchalik propiska planshet orqali rasmiylashtiriladi – hukumat qarori

2022 yil 1 noyabrdan 2023 yil 1 sentabrga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida fuqarolar vaqtincha turgan joyi asosida maxsus planshet qurilmalari orqali ro‘yxatga olish bo‘yicha tajriba-sinov o‘tkaziladi. Elektron ro‘yxatga olish ichki ishlar organlari tayanch punktlari hamda profilaktika inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.

Foto: Reuters

27 oktyabrda qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning tajriba-sinov tariqasidagi yangi tartibi joriy etilmoqda.

Qarorda 2022 yil 1 noyabrdan 2023 yil 1 sentabrga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida fuqarolarning vaqtincha turgan joyi asosida maxsus planshet qurilmalari orqali elektron ro‘yxatga olish bo‘yicha eksperiment o‘tkazilishi ta’kidlanadi. Ushbu vazifa ichki ishlar organlari tayanch punktlari hamda mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan amalga oshirilishi ko‘zla tutilgan.

Hukumat qarori bilan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlangan.

Tajriba-sinov doirasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtinchalik propiska fuqarolarning xohishiga ko‘ra, qulay manzildagi profilaktika inspektorlari, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali tomonidan rasmiylashtirib beriladi.

IIV hukumat qarorida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun AKT vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha yashash uchun kelgan fuqarolarni maxsus planshet qurilmasi yordamida vaqtincha ro‘yxatga olish tizimini ishga tushirishi hamda vazirlikning Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi elektron tizimi bilan integratsiya qilishi kerak.

Bundan tashqari, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari ikki oy ichida maxsus planshet qurilmalari bilan to‘liq ta’minlanishi zarur.

2023 yil 1 sentabrga qadar eksperiment natijalari tahlili asosida kelgusida mazkur amaliyot respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mana bu yerda to‘liq tanishish mumkin.

Mavzuga oid