Jahon | 14:23 / 10.11.2022
2788
3 daqiqa o‘qiladi

Jorjiyadagi saylovlar AQSh Senatidagi ko‘pchilik o‘rin uchun kurashni hal qiladi

Jorjiya shtatida birinchi turda hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmadi. Bu shtatdagi saylovlar AQSh Senatidagi ko‘pchilik o‘rin uchun kurashda asosiy omil bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Jorjiyada AQSh Senatiga saylovning ikkinchi bosqichi 6 dekabrga belgilangan. Bu haqda 9 noyabr, chorshanba kuni Jorjiya shtati davlat kotibi Bred Raffensperger ma’lum qildi

Birinchi ovoz berish jarayonida hech bir nomzod ushbu shtatda g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan ovozlarning yarmidan ko‘pini ololmadi. Demokratik nomzod, Jorjiya shtatidan amaldagi senator Rafael Uornok 49,4 foiz, uning respublikachi raqibi Xershel Uoker 48,5 foiz ovoz oldi. Uchinchi nomzod Cheyz Oliverning natijasi esa 2,1 foizni tashkil etdi. 

Jorjiyadagi ikkinchi tur natijalari AQSh Kongressining yuqori palatasi, Senat ustidan nazoratni kim - demokratlar yoki respublikachilar qo‘lga kiritishini aniqlab berishi ehtimoli yuqori. Yana ikkita muhim shtat - Arizona va Nevadada hamon ovozlarni sanash davom etyapti. Arizona shtatida, byulletenlarning 67 foizi qayta ishlangandan so‘ng, demokrat Mark Kelli 51 foiz ovoz bilan, Nevada shtatida esa, byulletenlarning 77 foizi qayta ishlangandan so‘ng, respublikachi Adam Laksal 50 foiz natija bilan g‘alaba qozonyapti.

Agar bu shtatlarda mavjud tendensiyalar davom etsa, aynan Jorjiyadagi saylovlar natijasi demokratlar Senatdagi 100 o‘rindan 50 tasini qo‘lga kirita olishini aniqlashtirib beradi. Agar ular bunga muvaffaq bo‘lsa, unda bu ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritish uchun yetarli bo‘ladi - chunki qonunga ko‘ra, har ikki partiyadan teng miqdordagi senatorlar bo‘lgan holatda AQSh vitse-prezidenti ovoz berish huquqiga ega. Hozirda bu lavozimni demokratlar vakili Kamala Xarris egallab turibdi. 

Shu bilan birga, Respublikachilar partiyasi a’zolari AQSh Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil qilishi va gubernatorlik saylovlari Kongressga oraliq saylovlar bilan bir vaqtda o‘tkazilayotgan AQShning aksariyat shtatlari va hududlarida ko‘pchilik o‘ringa erishishi mumkin. 

Bred Raffensperger - respublikachi. Biroq, 2020 yilgi AQSh prezidentlik saylovlari paytida, OAV xabarlariga ko‘ra, u o‘zining partiyadoshi, o‘sha paytdagi prezident Donald Trampning Jorjiya davlat kotibidan Bayden ustidan g‘alaba qozonishi uchun yetishmayotgan 11 780 ovozni «topib berishni» talab qilganiga qarshilik ko‘rsatgan. Buni The Washington Post nashri chop etgan suhbatning audioyozuvi tasdiqlaydi. 

Mavzuga oid