Eronda «axloq politsiyasi» tugatilgani haqidagi xabar rad etildi
Eronda shariat qoidalariga muvofiq kiyinishni, xususan, ayollarning ro‘mol o‘rashini nazorat qiluvchi «axloq politsiyasi» tugatilgani haqidagi xabar rad qilindi.

Foto: AP
Bunday xabarlar mamlakat bosh prokurori Muhammad Ja’far Muntaziriy so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilingani sabab paydo bo‘ldi, deb yozdi Al-Alam.
Rasmiy idoralar axloq politsiyasi tugatilishi haqida hech qanday bayonot bermagan. Bu haqdagi mish-mishlar Eron bosh prokurorining axloq politsiyasi sud hokimiyatiga bo‘ysunmasligi haqida aytgan so‘zlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi bilan bog‘liq.
«Shayx Muntaziriy so‘zlaridan kelib chiqadigan asosiy xulosa shuki, axloq politsiyasi tashkil etilganidan buyon sud tizimi bilan bog‘lanmagan va sud idoralari jamiyatdagi xatti-harakatlar va yurish-turishni kuzatishda davom etadi», deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, bosh prokuror hukumat ayollarni ro‘mol o‘rashga majburlovchi qonunni o‘zgartirish ustida ish boshlaganini ma’lum qildi. U qanday o‘zgarishlar ekaniga aniqlik kiritmadi, biroq «bir-ikki hafta ichida hamma narsa oydinlashadi», deb qo‘shimcha qildi.
Sentyabr oyida axloq politsiyasi 22 yoshli Mahsa Aminiyni ro‘molni «noto‘g‘ri» o‘ragani uchun hibsga oldi. So‘ngra qiz shifoxonada sirli tarzda vafot etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, politsiya qizni qattiq kaltaklagan. Biroq, xavfsizlik kuchlari Aminiy yurak xurujidan vafot etgani haqida bayonot berdi.
Shundan keyin Eronda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Eron Ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik kengashi so‘nggi bir necha hafta ichida 200 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid

10:20
AQSh Eron bilan ortayotgan keskinlik fonida Iroqdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilmoqda

21:44 / 09.06.2025
O‘zbekiston TIV AQShdagi vatandoshlarni ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi

17:45 / 09.06.2025
Erondagi 25 shaharda itlarni ko‘chada sayr qildirish taqiqlandi

18:56 / 06.06.2025