Jahon | 14:00 / 26.12.2022
13763
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada harbiy aerodromdagi kuchli portlash haqidagi ma’lumot tekshirilyapti

Saratov viloyatidagi Engels harbiy aerodromi yaqinida kuchli portlash yuz berdi, deb yozadi Baza va "Krovavaya barynya" Telegram-kanallari. 

Foto: Picture Alliance

Ushbu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q. Telegram'da tarqalayotgan videolardan birida go‘yoki Engelsdagi havo trevogasi sirenalarining ishlashi aks etgan.

Huquq-tartibot idoralari Engels harbiy aerodromidagi hodisa haqidagi ma’lumotlarni tekshirmoqda, dedi Saratov viloyati gubernatori Roman Busargin. 

Engelsdagi turar joy mavzelarida hech qanday favqulodda vaziyatlar ro‘y bermadi, deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Shu bilan birga, Roman Busargin fuqarolik infratuzilmasi obektlari zarar ko‘rmaganini qo‘shimcha qildi.

Bundan oldin, dekabr oyi boshida Rossiya hududi ichkarisidagi ikkita harbiy aerodrom hujumga uchragandi - Ryazan yaqinida va Saratov oblastidagi Engels aerodromida portlashlar ro‘y bergandi. Ikki aviabazada ham yadroviy qurol tashib yuruvchi strategik aviatsiya samolyotlari joylashgan.

Rossiya hukumati bu hodisalarga ukrainlar dronlar orqali hujum qilgani sabab bo‘lganini ma’lum qildi. RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, dronlar Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilgan, ammo parchalar qulashi oqibatida uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, to‘rt nafari yaralangan, yana ikki samolyot korpusi shikastlangan.

Mavzuga oid