«Ular bizga omonat» - ko‘ngillilar sovuqda hayvonlarga g‘amxo‘rlik aksiyasini boshladi
Sovuq kunlar bilan nafaqat odamlar, balki hayvonlar ham qattiq kurashishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bir guruh yosh ko‘ngillilar jamoasi O‘zbekiston bo‘ylab qarovsiz, sovuqda qolib ketgan hayvonlarga ovqat tarqatyapti.
10–15 yanvar kunlari O‘zbekistonda anomal sovuq kuzatildi. Ob-havo harorati so‘nggi kunlari kunduzi 0 gradusga yaqinlashgan, aksar joylarda yerdagi qorlar hamon erimagan. O‘zbekistonlik bir guruh ko‘ngillilar ko‘chadagi qarovsiz hayvonlarga g‘amxo‘rlik aksiyasini boshladi.
Aksiya yetakchisi Feruzbek Sayfullayev Kun.uz bilan suhbatda «Odamlar bizning ko‘ngilli jamoa ekanimizni, davlat bu harakatlarimiz uchun bir so‘m ham to‘lamasligini tushunishlarini xohlardik... Tirik jon borki, ularga g‘amxo‘rlik qilish kerak», dedi.
«Tadbirkorlar ham hayvonlarga yordam beryapti»
Biz ko‘chadagi qarovsiz hayvonlarga oziq-ovqat mahsulotlarini doimiy ravishda berib kelardik. Lekin anomal sovuq kirib kelishi haqidagi xabar e’lon qilingach, 5 yanvarda sovuq kunlarda boshpanasiz hayvonlarni himoyaga olish borasida loyiha ishlab chiqdik. «Ekolog» nodavlat-notijorat tashkilotimiz tomonidan boshpanasiz hayvonlar qarorgohiga yordam qilib kelardik.

Lekin sovuq tushgach, tashqaridagi qarovsiz hayvonlarni ham himoyaga olish kerak, degan fikrga keldik. Sovuq tushishi bilan ko‘chada boshpanasiz hayvonlar soni 2 barobarga ko‘paydi, odamlar xonadonlarida boqayotgan hayvonlarini ham ko‘chaga chiqarib tashlagan holatlari kuzatildi. Lekin hamma hayvonlarni qamrab ololmasdik, viloyatlarda ko‘ngilli yoshlarimiz o‘z mablag‘idan imkon qadar loyihani amalga oshiryapti. Ayrim viloyatlarda tadbirkorlar ham qo‘llab-quvvatlayapti, ayniqsa, non ishlab chiqaradigan tadbirkorlar pishmay qolgan yoki kuygan nonlarni yetkazib berishdi.
«Odamlar moddiy yordam ko‘rsatyapti»
Buxoroda 8 kundirki, shu loyihani amalga oshiryapmiz. Imkoniyatimiz yetmagani sababli ijtimoiy tarmoqlar orqali moddiy ko‘mak so‘rab, o‘zimga tegishli bank kartasini joylashtirdim. Shu kartaga (18 yanvar holatiga ko‘ra) 2 mln 11 ming so‘m atrofida pul yig‘ildi, shundan 1 mln 600 ming so‘mini 4ta boshpanasiz hayvonlarni qaramog‘iga olgan qarorgohlarning hisobraqamiga ko‘chirdik. Chunki u yerdagi qarorgohlarda 500dan oshiq itlar, mushuk va xo‘tiklar saqlanadi. Ayovsiz kaltaklangan, bosib ketilgan, ahvoli og‘ir hayvonlar ham bor. Yana 400 ming so‘m pulimiz qoldi, shu pulni Buxorodagi «Mya-mya» degan qarorgohga ko‘chirib bermoqchimiz.
«Har bir viloyatda volontyorlarimiz bor»
Volontyorlar assotsiatsiyasining Buxorodagi volontyorlari bilan boshpanasiz hayvonlar uchun aksiya tashkil qildik. Shu paytgacha Buxoroda bu aksiyani bir o‘zim qilib turgandim, bugun o‘nga yaqin volontyorlar ijtimoiy tarmoqlardagi harakatlarimizni kuzatib, qo‘shilishdi.
Bu birgina Buxoroda emas, Jizzax, Toshkent shahri va Toshkent viloyati, umuman «Ekolog» NNTmizning har bir viloyatdagi kamida ikkitadan ko‘ngilli volontyorlari tomonidan amalga oshirilyapti.
«Vazir ham yordam berdi»
Xabaringiz bor, davlat Ekologiya qo‘mitasi Prezident farmoni bilan Tabiat resurslari vazirligiga aylantirildi. Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov ham loyihamizni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatladi, umuman kutilmagan holat bo‘ldi. Bu vazirning boshpanasiz hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilishga xayrixohligini bildiradi.
«Ekopartiya targ‘ibotga yordam berishini xohlardik»
Yutuqlarimiz bor, shu bilan birga kamchiliklarimiz ham. Bizda ekologik partiya ham bor, partiya rahbarlari, xodimlari imkon qadar moddiy tomondan qo‘llashyapti. Ammo bu yetarli emas. Bu partiyani nega tashkil qilganmiz, ularning vazifasi nima?
Partiyaning joylarda hududiy bo‘limlari bor, hech bo‘lmasa, haftada bir marta qushlar, boshpanasiz it va mushuklar uchun ovqat tarqatish aksiyasini tashkil qilsa, bizga shuning o‘zi yetadi. Hech bo‘lmasa, targ‘ibotini olib borishga ko‘maklashishsa, odamlarga tushuntirishga yordam berishsa, yaxshi bo‘lardi. Sovuq kunlarda nafaqat odamlarni, balki bioxilmaxillikni ham saqlab qolishimiz kerak. Buni targ‘ib qilish juda zarur.

«Qushlarga qo‘ygan donlarimizni odamlar tovuqlariga olib ketgan holatlar bo‘ldi»
Plastik idishlardan qushlar uchun don solinadigan qo‘lbola idishlar yasadik va shahardagi qushlar boradigan joylar, ekobog‘larga osib chiqdik. Har kuni o‘zim ichida doni bormi, shamolda tushib ketmadimi, deya nazorat qilib bordim. Bir safar borsam, ikkita daraxtga osilgan idishimizni bo‘shatib, ichiga qog‘oz solib ketishgan, unga «rahmat, uyda tovuqlarga don yo‘q edi, savobga qoldinglar», deb yozib qo‘yishgan.
Bir kilodan ziyod donlarni olib ketishgan. Bu bir marta bo‘ldi, boshqa takrorlanmaydi, deb o‘ylagandik, ammo ikkinchi kun ham xuddi shu holat takrorlandi. Hech qanaqa yozuvsiz, qushlar uchun solingan ovqatlarni olib ketishgan. Bu biz uchun juda hayratlanarli hol bo‘ldi. Nega odamlar o‘zi qilolmaydigan ishni boshqalar qilsa, qo‘llab-quvvatlamagani — mayli, xalal beradi? Qushlarning ovqatini joylashtirgan joyimizga «Iltimos, qushlarning ovqatiga tegmang», deb yozib qo‘yganmiz.
«Hayvonlar bilan muqolotda bo‘ladigan bolalar odamlar bilan tez chiqishadi»
Bizning harakatimizni qo‘llab-quvvatlaydiganlar bor. Shunday insonlardan biri qizalog‘i kichkina kuchuklarga ovqat berayotgani aks etgan rasmlarni yubordi. Hozir bu volontyor oila ikkita kuchuk bolasini himoyaga olib boqib turibdi, «sovuq kunda tashlab yubormaymiz» deyishdi. Oilada yaxshi tarbiya berilganidan, qizaloqning otasi ham yaxshi oilada tarbiya topganiga bir misol bu. Hayvonlarga g‘amxo‘rlik qiladigan, muloqotda bo‘ladigan bolalar odamlar bilan tezroq chiqishib ketadi. Ulardan yaxshi odamlar yetishib chiqadi. Hayvonlarga mehri bo‘lgan odamning qo‘lidan hech qachon yomonlik kelmaydi.

«Ko‘ngillilar harakati davlatdan pul olmasligini odamlarimiz tushunishini xohlardim»
Odamlarimizdan iltimos qilardik: mayli tashqaridagi qarovsiz hayvonlarga ovqat berishmasin, ammo xonadonlaridagi hayvonlarini sovuq kunda ko‘chaga tashlab yuborishmasin. Sovuqda mushuklar, itlarning bolalarigacha chiqarib tashlashdi. Biz hammasini qamrab ololmaymiz.
Ko‘ngillilarning harakatini davlat tashkilotidan oylik oladigan shaxslarga tenglashtirishadi. Ayrim paytlarda yoshi katta onaxonlar, ayollar telefon qilib, «qaranglar, davlat sizga shuncha pul beradi, ko‘cham it-mushukdan to‘lib ketdi» yoki «o‘ldirib yuboraylikmi, olib ketmaysanlarmi?» deb qo‘pol muomala qilishadi.
Odamlar bizning ko‘ngilli jamoa ekanimizni, davlat bu harakatlarimiz uchun bir so‘m ham to‘lamasligini tushunishlarini xohlardik. Boshpanasiz hayvonlarni olib ketganimiz uchun davlat pul oladi, deb o‘ylashadi. Boshpanasiz hayvonlar qarorgohlarida ishlaydigan ko‘ngillilarni ham davlatdan katta-katta pul oladi, shuning uchun 500–600 hayvonni boqadi, manfaati bo‘lmasa, nima keragi bor, deb o‘ylashadi. Yo‘q, oramizda insoniylik jihatidan hayvonlarni o‘ldirmaslik uchun ko‘ngilli sifatida harakat qiladigan odamlarimiz bor.

Bilasizmi, jamiyatimizdagi hayvonlarga shafqatsiz munosabat tashqi imijimizga ham ta’sir qiladi. Buni ham tahlil qiladigan xalqaro tashkilotlar bor. Tirik jon borki, ularga yordam berish, g‘amxo‘rlik qilish kerak. Agar hayvonlarning tabiatda hech qanday roli bo‘lmasa, Xudo ularni bekorga yaratmagan bo‘lardi.
«Hayvonlarga g‘amxo‘rlik aksiyasi davom etadi»
Turistlar Singapurga borib daraxtlarga mehrni, tozalikka havas qilishadi, Turkiyada hayvonlarni, mushuklarni ko‘rishadi, itlar bilan rasmga tushadi. Shou-biznes vakillari ham hayvonlarga g‘amxo‘rlikni targ‘ib qiladi. Ammo nega o‘zimizda shuni qilishmaydi? Biz ham, Turkiya ham musulmon davlat, ammo bizda boshpanasiz hayvonlarning taqdiri hech kimga qiziq emas.

Tashkilotimiz atrofiga birlashgan yoshlar imkon qadar yordam berishyapti. Aksiyamiz yana davom etadi, ko‘ngillilar buni to‘xtatib qo‘ymaslikni so‘rayapti. Chunki hali ob-havo normallashmadi, bir isib, bir soviyapti. Shuning uchun aksiyani 15 fevralga qadar davom ettirmoqchimiz. Fevraldan ob-havo ham biroz yumshashi mumkin.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Urushlar endi o‘zgacha: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi haqida
Jahon | 22:27 / 02.06.2025
“Saviyasiz millat o‘zini o‘zi yo‘q qiladi” – Qozoqboy Yo‘ldoshev
Jamiyat | 15:21 / 01.06.2025
Ish staji yetarli bo‘lmasa ham pensiya tayinlanadimi?
O‘zbekiston | 10:03 / 31.05.2025
Eng ko‘p tug‘ilish qayd etilgan hudud ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 11:34 / 30.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Asialuxe Travel” Qurbon hayiti sharafiga aksiya e’lon qildi – 50% gacha chegirma
Jamiyat | 17:00 / 02.06.2025
-
Jismoniy faollik saratondan o‘lim xavfini 30 foizga kamaytiradi - tadqiqot
Fan-texnika | 01:29
-
Rossiyada o‘zbekistonlik ishchining boshiga ichida sement bo‘lgan chelak tashlab yuborildi
Jahon | 00:44
-
Qurbon hayiti munosabati bilan qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston | 00:17
Mavzuga oid

07:44 / 06.01.2024
O‘zbekistonda yanvar oyida anomal sovuq kutilmayapti

12:33 / 13.12.2023
Sog‘liqni saqlash vaziri shifoxonalarning sovuq kunlarga tayyorligini tekshirdi

13:45 / 10.12.2023
Qozog‘istonda sovuqda qolib ketgan avtobusdan o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilindi

09:46 / 09.12.2023