Ukraina Markaziy Osiyo yetakchilari Moskvadagi paradda ishtirok etishini «do‘stona bo‘lmagan qadam» deb atadi
Ukraina TIV Putin o‘z nutqida «ukrainlarning o‘ldirilishi, ukrain shahar va qishloqlari vayron qilinishi, ukrain bolalarining o‘g‘irlanishi hamda Ukrainaning bosib olingan hududlari aholisiga qarshi qatag‘onlarni oqlagani»ni ta’kidlagan.

Foto: Yuriy Smityuk / TASS
Ukraina TIV Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlarining 9 may kuni Moskvadagi Qizil maydonda o‘tkazilgan G‘alaba paradidagi ishtiroki yuzasidan bayonot berdi.
«Ishtirokchilarga o‘ninchi yildirki Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz tajovuzkor urushida qatnashayotgan harbiy texnikalari namoyish etildi», – deyilgan bayonotda.
Ukraina TIV qayd etishicha, «harbiy jinoyatlarda ayblanib qidiruvga berilgan» Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin o‘z nutqida «ukrainlarning o‘ldirilishi, ukrain shahar va qishloqlari vayron qilinishi, ukrain bolalarining o‘g‘irlanishi hamda Ukrainaning bosib olingan hududlari aholisiga qarshi qatag‘onlarni oqladi».
«Marosimdan bir kun oldin RF ukrain zaminiga yanada ko‘proq o‘lim va ko‘proq vayrongarchiliklar keltirish uchun Ukraina bo‘ylab 25 ta qanotli raketa, jumladan 15 tasini Kiyevga qarata uchirdi», – deyilgan bayonotda.
Bayonotda ushbu mamlakatlar rahbarlarining ishtiroki «Ukrainaga nisbatan do‘stona bo‘lmagan qadam sifatida baholangan. «Biz ushbu xorijiy mamlakatlar rahbarlarining Yevropada Ikkinchi jahon urushi davridan buyon misli ko‘rilmagan urushni boshlagani bilan maqtanayotgan harbiy jinoyatchi yonida turib ommaviy tadbirda ishtirok etishini Ukrainaga nisbatan axloqsiz va do‘stona bo‘lmagan qadam, o‘z hayoti va ozodligi uchun kurashayotgan ukrain xalqiga nisbatan iltifotsizlik ko‘rinishi sifatida qaraymiz», – deyilgan bayonotda.
Shuningdek, unda 78 yil muqaddam natsizm ustidan qozonilgan g‘alabaga Markaziy Osiyo va Kavkaz xalqlari beqiyos hissa qo‘shgani ta’kidlanadi: «Ular endi Kreml tomonidan natsizm ustidan g‘alaba qozonganlar bilan hech qanday aloqador bo‘lmagan soxta aksiyada ishtirok etish uchun foydalanish taqdiriga loyiq emas».
Paradda nutq so‘zlagan Vladimir Putin «yana bir bor Rossiyaga qarshi haqiqiy urush ochilgani»ni aytib, o‘zi tomonidan Ukrainada boshlangan urushni Rossiya davlatchiligi kelajagi bilan bog‘ladi. Shu bilan birga, u an’anaviy qadriyatlar, rusofobiya haqida ham gapirdi va «Donbass aholisini himoya qilish»ga va’da berdi.
O‘z navbatida, Ukraina hukumatini Putin «jinoiy rejim» deb atadi, Ukrainani qo‘llayotgan G‘arbni esa mojaro qo‘zg‘ashda aybladi. «Tizginsiz ambitsiyalar, takabburlik va tiyiqsizlik muqarrar ravishda fojialarga aylanadi. Ukraina xalqi hozir boshdan kechirayotgan falokatning sababi aynan shu. U davlat to‘ntarishi va uning asosida shakllangan g‘arb xo‘jayinlarining jinoiy rejimining garoviga aylandi, ularning shafqatsiz, xudbin rejalarini amalga oshirishda savdo vositasi bo‘ldi», – dedi RF prezidenti.
MDH davlatlari rahbarlarining ishtirokini u «ajdodlarimizning jasoratiga minnatdorlik munosabati» deb atadi: «Ular birgalikda kurashdilar va birgalikda g‘alaba qozonishdi – SSSRning barcha xalqlari umumiy G‘alabaga hissa qo‘shishdi».
Putinning chiqishini sobiq SSSR hududidagi yetti davlat rahbarlari tinglashdi – Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston.
Avvaliga paradda Putinning yonida faqat Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bo‘lishi kutilayotgandi, ammo so‘nggi lahzalarda Rossiya diplomatiyasi MDHning boshqa mamlakatlari yetakchilarini ham Moskvaga safar qilishga ko‘ndirgani ma’lum bo‘ldi.
Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 78 yilligi bilan tashkillashtirilgan paradda 8 ming atrofida harbiy xizmatchi, jumladan Ukraina hududidagi harbiy harakatlar qatnashchilari hozir bo‘lishdi. Paradda xavfsizlik nuqtayi nazaridan aviatsiya harakatlanmadi, shuningdek Qizil maydondagi harbiy texnikalar ham oldingi yillardagidan ancha kamroq edi, maydondan o‘tgan yagona tank T-34 bo‘ldi.
Mavzuga oid

19:52
Foto: Xerson oblasti ma’muriyati binosi yakson etildi

17:35
Chernihiv oblastidagi fojia: o‘t o‘chiruvchi o‘z uyi dron zarbasiga uchragani ustidan chiqdi

13:45
SBU «Pautina» operatsiyasining yangi kadrlarini ko‘rsatdi

13:40