«Bu yerda ko‘cha qonunlari amal qiladi»: dunyoning eng xavfli shaharlari
Ko‘pchilik xorijga sayohat qilishdan avval boradigan davlatidagi xavfsizlik masalasiga alohida qiziqadi. Albatta, hamma xavfsiz, tinch, rivojlangan maskanlarga safar qilishni istaydi. Bejiz ko‘pchilik davlatlar aholi va mehmonlar uchun “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini ilgari surmaydi. Ammo dunyoda shunday shaharlar ham borki, ularda bir kunning o‘zida yuzlab jinoyatlar yuz beradi, o‘nlab odamlar qurbon bo‘ladi.
«Shaharning katta qismida politsiyani deyarli uchratmaysiz...»
Jahondagi iste’mol mahsulotlari narxlari, jinoyat ko‘rsatkichi haqidagi statistik ma’lumotlarni taqdim etuvchi Numbeo portali Venesuela poytaxti Karakasni jahondagi eng xavfli shahar deya topgan.
Karakasda 2 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Aholining milliy va irqiy tarkibi o‘ta xilma-xil. Ko‘pchilik qismi ispanlar va hindular aralashuvidan tarkib topgan metislardir. Shuningdek, yevropaliklar avlodlari, qora tanlilar ham istiqomat qiladi.
Aytilishicha, Karakasda jinoyatchilik bilan vaziyat shu darajaga kelib qolganki, bu shaharda yolg‘iz va qo‘riqchisiz sayohat qilish, o‘z jonini katta xavfga qo‘yish bilan teng.
Venesuela bir necha yillardan beri kuchli iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Jahondagi eng katta neft zaxiralarini o‘zida jamlagan davlat epsiz boshqaruv va tuturiqsiz siyosat oqibatida jar yoqasiga kelib qoldi. Natijada ahvol juda yomonlashib, jinoyatchilik darajasi keskin oshib ketdi.
Oxirgi besh yilda Karakasda har ming kishiga o‘rtacha bitta qotillik to‘g‘ri keladi. Shaharda har kuni o‘nga yaqin kishi qotillik va banditlar hujumi sabab qurbon bo‘ladi.
Karakasda aholining 70 foizi xaroba uylarda istiqomat qiladi. Mutaxassislarga ko‘ra, shaharda jinoyatchilikning keskin ortib ketishiga uch asosiy sabab bor: moliyaviy inqiroz, ishsizlik va tushunarsiz iqtisodiy-ijtimoiy siyosat.
Karakasning katta qismida shunchaki ko‘cha qonunlari amal qiladi. Bu yerlarda politsiyani aytarli uchratmaysiz. Juda ulkan jinoyatlar yoki yirik operatsiyalar vaqtidagina ularni ko‘rishingiz mumkin. Ijtimoiy munosabatlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
«Aksariyat mahallalarga elektr yetib bormagan. Ayniqsa kechqurun chiroq yo‘q xaroba mahallalardan o‘tib borayotganda, sizga birov hujum qilmasligiga yoki tirik qolishingizga birov kafolat bera olmaydi», – deydi Karakasga tashrif buyurgan rossiyalik bloger Ilya Varlamov.
«Ugo Chaves davrida tartib-intizom bor edi. Maduro iqtisodiy inqiroz fonida politsiyadagi shtatlarni qisqartirdi. Aholi ham politsiyaga ishonmay qo‘ydi. Endi Karakasda ko‘chada, metroda, bekatda — qayerda qulay bo‘lsa sizni tunashga yoki o‘ldirishga urinishadi. Hukumat faqat boy kvartallar, tashkilotlar binolari joylashgan hududlarni nazorat qila oladi», deya yozadi bloger.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, boshboshdoqlik va og‘ir ahvol tufayli olti milliondan oshiq kishi Venesuelani tark etgan. 28 millondan oshiq nufusga ega davlat aholisining qariyb 20 foizi xorijda sarson-sargardon bo‘lib yurishga majbur...
JARdagi “jar”likka qulagan ko‘chalar
Janubiy Afrika respublikasining biryo‘la uch shahri — Yoxannesburg, Durban va poytaxt Pretoriya nafaqat mamlakatning, balki dunyoning eng xavfli manzillaridan sanaladi.
JAR dunyoda jinoyatchilik eng ko‘p tarqalgan mamlakatlardan biridir. Statistikaga ko‘ra, davlat hududida bir kunda 50 dan oshiq qotillik sodir etiladi. Bir yilda bu raqam 18 mingdan oshiqni tashkil etadi. Bundan tashqari yana 18 mingdan oshiq suiqasdlar bo‘ladi.
Mamlakat Afrika qit’asidagi nisbatan rivojlangan davlatlardan biri sanalsa-da, sayyohlar u yerga borishdan avval xavfsizlik va ehtiyotkorlik masalasiga alohida e’tibor berishsa ziyon qilmaydi.
JARda jinoyatchilik 1980-yillardan keyin keskin ko‘paya boshladi va yangi asr bo‘sag‘asida o‘zining cho‘qqisiga yetdi. Shaharlarda asosan qotillik, o‘g‘rilik va zo‘rlash holatlari ko‘p tarqalgan. Sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan mintaqalarda esa moliyaviy qalloblik va cho‘ntakkesarlik ko‘p uchraydi.
Travel Ask ma’lumotlariga ko‘ra, JAR poytaxti Pretoriya mamlakat markazi, sayyohlar uchun qulay maskan bo‘lishiga qaramasdan, dunyoning eng xavfli manzilgohlari reytingida yuqori o‘rinlarda turadi. Shahar oq tanli irqchilar uyasi ham sanaladi. Aparteid oqibatida yuzaga kelgan notenglik va irqlararo kelishmovchilik hanuz kuzatiladi.
Aparteid va ijtimoiy adolatsizlik oqibatlari
Jamiyatshunoslar fikricha JARdagi mazkur noxush statistika sababi yillar davomida yuritib kelingan adolatsiz ijtimoiy siyosat va irqiy ajratuv siyosati (aparteid) mahsuli hamdir.
Respublikada ko‘pincha oq tanli ozchilik yaxshi sharoitlarda yashaydi, ammo qora tanlilar orasida qashshoqlik, giyohvandlik ko‘p tarqalgan. Ijtimoiy notenglik odamlarni jinoyat qilishga undaydi, deyiladi ma’lumotlarda.
Janubiy Afrika xavfsizlik muammolarini o‘rganish instituti vakili Yoxan Burgerga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi yillarda jinoyat olami jilovlanyapti, masalan 2010-yillarga kelib, qotilliklar 1995 yilga nisbatan 44 foizga kamaydi.
Shunday bo‘lsa ham, mamlakatga kelayotgan turistlar ma’lum xavfsizlik choralarini ko‘rishi maqsadga muvofiq.
Burger sayyohlarga qator ogohlantirishlar berib o‘tishni lozim topgan. Jumladan, ko‘chaga chiqqanda odamlarga qimmatbaho buyum va hamyonlarni ko‘rsatmaslikka harakat qiling, ularning e’tiborini tortmaslikka urining. Jinoiy to‘dalar mavjud hududlarga yolg‘iz bormang. Iloji boricha mahalliy aholidan yaxshi tanish orttirgan ma’qul. Qayergadir borishdan avval u bilan maslahatlashib yo‘lga otlanish kerak.
Mazkur qoidalarga amal qilmaslik JARda ko‘ngilsiz voqealar qahramoniga aylanishga olib kelishi mumkin. JARning nisbatan xavfsiz va tinch shaharlari Keyptaun, Blumfonteyn va Kimberlidir.
Rio-de-Janeyro: usti chiroyli, ichi xavfli...
Braziliyaning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Rio-de-Janeyro o‘zining go‘zalligi va turistik salohiyati bilan sayyohlarning e’tiborini tortib keladi. Ammo...
Rio-de-Janeyro xavflilik darajasi bo‘yicha biz yuqorida aytgan Karakas, Pretoriya kabi shaharlardan qolishmaydi. Shaharda hatto 2010 yilda hukumat kuchlari va narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi kuchlar o‘rtasida chinakam urush yuz bergan.
Natijada 40 kishi qurbon bo‘lgan, 2 mingdan ortiq kishi hibsga olingan, 181 dan oshiq mashina va avtobuslar yoqib yuborilgan. Bundan tashqari jinoyatchilik sabab, 2018 yil Braziliya senati shaharga armiyani kiritishga majbur bo‘lgan, shaharda amalda harbiy holat joriy etilgandi. Shaharda istiqomat qiluvchilarga ko‘ra, hali-hanuz politsiya va jinoiy to‘dalar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berib turadi.
Braziliyada istiqomat qiladigan, asli kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan Tatyana Torresga ko‘ra, nafaqat Rio, balki butun Braziliyada bir yilda 5 mingdan oshiq ayollar zo‘ravonlik ortidan o‘ldiriladi. Bu bir kunda deyarli 12 braziliyalik degani.
«Men xavfsizroq tumanda istiqomat qilaman. Umuman olganda ko‘chaga chiqishda o‘z qoidalarim bor. Taqinchoqlar va qimmatbaho buyumlar bilan ko‘chaga chiqmayman. Faqat ishonchli va rasmiy taksi xizmatlaridan foydalanaman. Ko‘proq turistlar bor joylarda to‘xtashga harakat qilaman, chunki u yerlarda politsiya ishlayotgan bo‘ladi. Shaharning yarim aholisi xaroba uylarda istiqomat qiladi. U taraflarga bormagan ma’qul», – deydi Tatyana Torres.
Ko‘pchilik shaharlar kabi Rio-de-Janeyroda tabaqaviy bo‘linish va sinfiylik juda kuchli. Aholining katta qismi kambag‘al hududlar – favelalarda yashashadi. Har bir favelalar hatto o‘z jinoiy to‘dalariga ega, bu joylarda hatto maktab, shifoxona kabi ijtimoiy obektlar ham yo‘q.
Markaziy Osiyoda vaziyat qanday?
Crime Index by Country taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda Afg‘oniston poytaxti Kobul jahonning eng xavfli shaharlaridan biridir.
Afg‘onistonda yarim asrdan beri davom etayotgan taloto‘plarni hisobga olsak, bunda siyosiy omil yuqori ekanini ko‘ramiz.
Possovet Markaziy Osiyo hududida Qirg‘iziston jinoyat darajasi yuqoriroq davlat sanaladi, undan keyingi pog‘onani esa Qozog‘iston egallagan.
Numbeo reytingida Qozog‘istonning eng yirik megapolisi Olmaota anchagina yomon natijani qayd etgan, u hatto Bag‘dod, Bayrut, Tehron kabi shaharlaridan ko‘ra xavfliroq deya e’tirof etilgan.
O‘zbekiston esa umumreytingda Vengriya, Norvegiya kabi Yevropa davlatlari bilan bir qatorda xavfsiz mamlakatlar qatoridan joy olgan.
Abror Zohidov
Tavsiya etamiz
Ish staji yetarli bo‘lmasa ham pensiya tayinlanadimi?
O‘zbekiston | 10:03 / 31.05.2025
Eng ko‘p tug‘ilish qayd etilgan hudud ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 11:34 / 30.05.2025
Alonso «Real»da. Endi kim o‘zgaradi – klub yoki murabbiy?
Sport | 11:37 / 29.05.2025
Chet ellik jangchilar, xususan o‘zbeklar Suriyadan quviladimi?
Jahon | 21:35 / 28.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ukraina delegatsiyasi Istanbuldagi muzokaralarning navbatdagi raundiga yo‘l oladi - Zelenskiy
Jahon | 20:07
-
Xitoyda erkak terrakota armiyasidagi ikkita qadimiy haykalga shikast yetkazdi
Jahon | 19:29
-
Rossiyada terrorchilar uchun o‘lim jazosini joriy etish taklif qilindi
Jahon | 19:01
-
FVV 7 magnitudali zilzila bo‘lishi haqidagi xabarlarni rad etdi
O‘zbekiston | 18:54
Mavzuga oid

13:53 / 07.05.2025
BAA dunyoda birinchi bo‘lib qonunlarni yozishda sun’iy intellektdan foydalanmoqchi

17:14 / 19.04.2025
Deputatlar sun’iy intellektda yaratilgan noqonuniy kontent uchun jazoga izoh berdi

20:06 / 14.04.2025
Qonun loyihasiga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati kengaytirildi

09:52 / 21.02.2025