Jahon | 09:08 / 02.06.2023
7537
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo bo‘ylab millionerlar soni sezilarli darajada kamaydi

Capgemini konsalting kompaniyasi so‘nggi 10 yil ichida millionerlar sonining eng katta qisqarishini qayd etdi. Mutaxassislar buni makroiqtisodiy va geosiyosiy beqarorlik omillari bilan izohladi.

Foto: Shutterstock

O‘tgan yili dunyo bo‘ylab millionerlar soni sezilarli darajada kamaydi. Fransiyaning Capgemini konsalting firmasi 1 iyun, payshanba kuni ma’lum qilishicha, 2022 yilda 21,7 millionga yaqin kishi – o‘tgan yilga nisbatan 3,3 foizga kam – ko‘chmas mulkni hisobga olmaganda, 1 million dollardan ko‘proq mablag‘ga ega bo‘lgan. Natijada dunyoning eng badavlat kishilarining umumiy boyligi 3,6 foizga kamayib, 83 trillion dollarni tashkil qildi.

"Bu makroiqtisodiy va geosiyosiy noaniqlik tufayli o‘n yil ichida eng katta qisqarish", deya bildirdi Capgemini. Kompaniyaning moliyaviy ekspertlari 71 davlatdagi mulk holatini tahlil qildi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p - 7,4 foizga - Shimoliy Amerikadagi mulk kamaydi. Yevropada minus 3,2, Osiyo va Tinch okeani mintaqasida esa 2,7 foiz darajasida qayd etilgan. Shu bilan birga, Afrika, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqdagi mulk, aksincha, Ukrainadagi urush fonida, birinchi navbatda, neft va gaz narxining ko‘tarilishi tufayli ortdi.

Capgemini moliyaviy tadqiqotlar bo‘limi rahbari Elias Ganem millionerlar sonining qisqarishi va fond bozorlaridagi vaziyat o‘rtasida bevosita bog‘liqlikni ko‘ryapti. AQShning NASDAQ indeksi o‘tgan yili 33 foiz, Fransiyaning CAC 40 - 9,5 foiz va Germaniyaning DAX - 12 foiz yo‘qotdi.

Mavzuga oid