Kaliforniya qirg‘oqlarida dengiz sherlari va delfinlarning jasadi ko‘paymoqda - bunga sabab nima?
Santa Barbaradagi Ledbetter plyaji sohilida Kaliforniya dengiz sherining bolasi o‘lik holda topildi. U olimlar va qutqaruvchi tashkilotlar Kaliforniya qirg‘oqlaridagi misli ko‘rilmagan holat deya baholagan hodisaning so‘nggi qurboni.

Iyun oyining boshidan beri dengiz sherlari va delfinlar jasadi janubiy Kaliforniyaning barcha sohillariga tarqagan. Ular Batterflay hamda Miramar kabi kichik sohillaridan janubga yoyilib, Los Anjyelesdagi Santa Monika sohiliga va hatto undan ham olisroqdagi Orenj okrugi Laguna sohiligacha yetgan. Misli ko‘rilmagan epidemiya olimlarni xavotirga solib qo‘ydi, chunki sohillarda halok bo‘layotgan hayvonlar soni rekord darajada o‘sgan.
“Shlyuzlar ochildi, ahvol kundan kun og‘irlashyapti. Soatiga o‘ttiztadan oltmishtagacha, kuniga esa 300 dan ortiq xabar kelib tushmoqda”, — dengiz sutemizuvchi hayvonlarini qutqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Santa Barbaradagi Normand orollari dengiz va yovvoyi tabiat instituti (CIMWI) asoschilardan biri Rut Dover.
Bunga psevdo-nitsshia nomli suv o‘ti sababchi bo‘lgan. Undan ajralib chiquvchi aminokislota neyrotoksinday ta’sir qilishi mumkin. O‘tgan yili shunga o‘xshash holat o‘nlab dengiz sherlari va boshqa dengiz jonivorlarini nobud qilgandi. Ammo ko‘pchilik bu safargisi undan ham battar deb hisoblamoqda. CIMWI’ning yana bir asoschisi va veterinariya bo‘yicha direktori Sem Dover shunday deydi: “Bu o‘ttiz besh yillik faoliyatimizdagi eng katta inqiroz bo‘ldi”.
Kaliforniyadagi zararli suv o‘tlari xavfini xaritalash (C-Harm) tizimi Santa Barbarani ushbu epidemiya o‘chog‘i deb tan olgan. Tizim suv o‘tlarini o‘rganadi. Shuningdek, o‘zidan domoik kislota ajratib chiqaruvchilarni ham. Bu episentr bolalash mavsumi vaqtida vujudga keldi: 70 mingdan ortiq urg‘ochi dengiz sherlari iyun oyida bolalash uchun Santa Barbaradagi Normand orollariga borishi mumkin.
Har bir zararli suv o‘tining gullashi (HAB) o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, shu noodatiy gullash qirg‘oqdan ancha uzoqroqda yuz berayotgan ko‘rinadi. Bu shuni anglatadiki, Kaliforniya sohillari bo‘ylab taxminan mingdan ortiq kasal va o‘layotgan dengiz sherlaridan tashqari, yana 110 ta delfin nobud bo‘lgan. Bu raqamlar dengizda yoki Normand orollarida o‘lishi mumkin bo‘lgan jonivorlarni o‘z ichiga olmaydi.

Holat tabiiy ravishda ro‘y berayotganiga qaramay, olimlarning aytishicha, uning intensivligi oshib borayotganga o‘xshaydi. “Men domoik kislotani o‘ttiz yildan beri o‘rganaman. Tinimsiz yangilanayotgan rekordlarga qaraganda, vaziyat tobora og‘irlashib borayotgan ko‘rinadi. O‘tgan yili hayvonlar to‘qimasida domoik kislotaning eng yuqori ko‘rsatkichi qayd etilgan”, — deydi Skripps okeanografiya institutidagi Janubiy Kaliforniya okeanni tadqiq qilish tizimining (SCCOOS) ijrochi direktori Klarissa Anderson. Hayvon namunalaridagi kislota darajasi hali ham shu yilgi epidemiya uchun tekshirilyapti. Lekin aytishlaricha, namunalardagi domoik kislota miqdori kamaymagan va hatto ko‘paygan bo‘lishiyam mumkin.
Zaharli gullar qay holatda yuzaga keladi?
Okeandagi bir hujayrali organizmlar ozuqaviy zanjirning pastki qismida joylashgan filtrlovchi baliqlar uchun turli ozuqaviy moddalar va yog‘li kislotalar ishlab chiqaradi. Psevdo-nitsshia ham normal sharoitda ular kabi zararsiz bo‘lishi mumkin. Biroq okean suvidagi murakkab va dinamik o‘zgarishlar suv o‘tlari o‘sishi hamda ko‘payishiga olib keladi. Natijada, domoik kislota miqdori ham oshib, zararli vaziyatni yuzaga keltirishi mumkin.
Ba’zi dengiz jonzotlariga domoik kislota umuman ta’sir qilmasa-da, ozuqaviy zanjirning pastki qismida joylashgan hayvonlar tanasida neyrotoksin yig‘ilib, yuqoriroqdagilarga zarar yetkazishi mumkin. Filtrlovchi baliqlar uchun suv o‘tlari asosiy ozuqa manbayi hisoblanadi. O‘layotgan jonzotlar esa filtrlovchi baliqlar bilan oziqlangan. Dengiz sherlari yilning bu mavsumida bolasiga sut g‘amlash yoki homiladorlikni saqlash uchun katta miqdorda zararlangan filtrlovchi baliqlar va boshqa organizmlarni iste’mol qiladi. Domoik kislota ham ularga neyrotoksin kabi ta’sir qilayotgan ko‘rinadi.
Suv o‘tlari qayerda va qachon ozuqaviy zanjirga qo‘shilishiga qarab, qushlar va delfinlarga ham ziyon yetkazishi mumkin. Qisqichbaqasimonlar organizmiga tushsa, odamlarga ham ta’sir qiladi. Shu sabab bu sanoat juda qattiq tartibga solingan. U kislorodsiz zonalarni yaratish orqali baliqchilikka va mahalliy baliqchilar ishiga ham ta’sir qila oladi. Nafaqat Kaliforniyada, balki butun dunyoda, hatto chuchuk suv havzalarida tuli-tuman zararli suv o‘ti gullari uchraydi.
Bu epidemiya qay holatda yuzaga kelgani yoki nima uchun tez sur’atda rivojlanib borayotganiga javob berish qiyin. Okean suvi xlorid, natriy, sulfat, magniy, kalsiy, kaliy, shuningdek, dengiz o‘simliklari va hayvonlarining yashashida muhim o‘rin tutgan boshqa ko‘plab tarkibiy qismlardan iborat mazali sho‘rvaga o‘xshaydi. Uglerod, bor, stronsiy, bromid kabi moddalar bilan bir qatorda o‘simliklar va suv o‘tlarining o‘sishiga yordam beruvchi fosfor va azot ham mavjud.
Bu sho‘rva muvozanatdan chiqsa, suv o‘tlarining gullashi xavfli tus olishi mumkin. Muvozanat buzilishiga olib keladigan omillar qatoriga El Niño yoki suv osti vulqonlari kabi butun okean bo‘ylab katta siljishlar, tabiiy okean sikllari, suv o‘tlari uchun zarur bo‘lgan temir yoki boshqa ozuqaviy moddalar yetishmovchiligi, tozalanganidan keyin ham tarkibida karbamid miqdori yuqori bo‘ladigan oqova suvlar va qishloq xo‘jaligi suvlari kiradi. Sovuq suv ko‘tarilishi ham yana bir omil hisoblanadi. Bu muhim tabiiy jarayon bo‘lib, okeanning chuqur, sovuqroq qismidagi suv shamol oqimlari ta’sirida yuqoriga ko‘tarilib, barcha turdagi suv o‘tlari va baliqlarning o‘sishida muhim sanalgan ozuqaviy moddalarni olib chiqadi.
Olimlarning aytishicha, iqlim inqirozi ham ikki yo‘l bilan nomutanosiblikni keltirib chiqaradi: okeanda kislota miqdori oshishi zararli suv o‘tlari ko‘proq o‘sishiga sharoit yaratadi, okean haroratining oshishi esa zaharli suv o‘ti turlari ko‘payib, global miqyosda gullashiga turtki beradi.

Dengiz sheri juda aqlli mavjudot hisoblanadi. U o‘ynoqi xulq-atvori tufayli olimlar orasida “dengiz iti” degan laqabni olgan. Ular yo‘qolib borayotgan turlar toifasiga kiradi. “Dengiz sherlari ko‘mir konidagi kanareykaga o‘xshaydi. Ular atrof muhit buzilishi ancha jadallik bilan va katta miqyosda ro‘y berayotganini bizga ko‘rsatmoqda”, — deydi Dengiz fanlari instituti direktori hamda Santa Kruz universitetining taniqli professori Den Kosta.
Inqirozga qarshi kurash
Olimlar hozircha bir masala ustida bosh qotiryapti: epidemiya bu hududga nima uchun qattiq zarba berdi? Suv o‘tlari nima uchun va qachon xavf tug‘dira boshlaydi? Kaliforniyada C-Harm kabi domoik kislotalar tarqashini oldindan aniqlab beruvchi prognoztik modellar yaratilgan. Qutqaruvchi tashkilotlar quruqlikda dengiz sherlarini imkon qadar ko‘proq tekshirishda, kuzatishda va ularga yordam berishda davom etyapti. Ular yo‘l-yo‘lakay o‘z topilmalari haqida xabar berib, namunalarni olimlarga yubormoqda.
Inqirozga olib keladigan inson omiliga bosqichma-bosqich o‘zgartirishlar kiritilyapti. Masalan, San Fransiskodagi oqova suvlarni qayta ishlash dasturi va ko‘rfazga tushuvchi oqova suvlar tarkibidagi qo‘shimcha ozuqaviy moddalar miqdorini kamaytirish infrastrukturasi ajratilgan pullar shular jumlasidan. Lekin uzoq muddatli muammo shundaki, butun dunyo bo‘ylab okeanlarda katta miqyosda buzilish yuz beradi.
Santa Kruzdagi Kaliforniya universitetining okean fanlari kafedrasi rahbari, taniqli professor Rafayel Kudelaning ta’kidlashicha, ba’zi suv o‘tlari va domoik kislotalar okean ekotizimining faqat bir qismi hisoblansa-da, suv o‘tlari pH darajasi pasayishidan, yuqori haroratdan va okean suvi ozuqaviy moddalar bilan ifloslanishidan ta’sirlanadi. Natijada, shunday inqiroz yuzaga keladi.
Mavzuga oid

08:00 / 09.06.2025
Kaliforniya rasmiylari Trampdan Milliy gvardiyani chaqirib olishni talab qildi

21:32 / 27.05.2025
Olimlar yaqin yillar ichida Kaliforniyada halokatli zilzila yuz berishidan ogohlantirdi

20:14 / 27.01.2025
Kaliforniyada AQSh tarkibidan ajralib chiqish tarafdorlari imzo to‘play boshladi

18:54 / 17.01.2025