O‘zbekiston | 17:30 / 18.08.2023
13894
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent mahalliy aeroporti binosi oldiga avtomobillar kirishi mumkin bo‘ladi

Toshkent aeroporti mahalliy terminali oldidagi panjara demontaj qilinib, rekonstruksiya ishlari boshlandi. Binoga mashinada kirib borish va 5 daqiqagacha qolish mumkin.

Foto: Uzbekistan Airports

Uzbekistan Airports kompaniyasi «Toshkent-3» mahalliy aviaqatnovlar terminali oldidagi maydonni rekonstruksiya qilishni boshladi. Loyihaga ko‘ra, avtotransport vositalarining terminal oldiga kirishi soddalashtiriladi.

Kompaniya matbuot xizmati xabar berishicha, uchta alohida yo‘lak ajratiladi: aeroportning rasmiy taksilari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar, shuningdek, hududga 5 daqiqagacha kirishga ruxsat berilgan barcha avtomobillar uchun.

Avtomobillarning odamlarni kutib olish va kuzatish yo‘lagi xalqaro aviaqatnovlar terminalidagi yo‘l o‘tkazgich (estakada) tamoyili asosida ishlaydi. Avtomobilning yo‘lakda turish vaqti 5 daqiqadan oshib ketgan taqdirda o‘rnatilgan va YHXB bilan integratsiyalashgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarimalar yuboradi.

Vokzal maydonini rekonstruksiya qilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 17 apreldagi 159-sonli «Aeroportlar, temiryo‘l va avtovokzallarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Rekonstruksiya ishlarini 2023 yil avgust oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2024 yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda ham terminal atrofi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Mavzuga oid