O‘zbekiston | 18:03 / 10.01.2024
64984
10 daqiqa o‘qiladi

Xuddi kinolardagidek: Toshkentda yirik tadbirkorning qizi va nabirasi o‘g‘irlanib, evaziga 10 mln dollar talab qilingan

2023 yil 9 mart kuni sodir etilgan mazkur jinoyatni amalga oshirish uchun AQSh, Qozog‘iston hamda Janubiy Koreyada istiqomat qilib kelgan jinoyat olami vakillari bir guruhga birlashgan. Unga AQShda yashovchi, qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi rahbarlik qilgan. O‘g‘irlangan ayol va uning voyaga yetmagan o‘g‘li boshlariga qop kiydirilgan holda 3 kun davomida ovloq joyda ushlab turilgan.

Muqaddam Abu Saxiy bozorida rahbarlik lavozimida ishlab kelgan, hozirda London shahrida yashovchi D.A.ning qizi va nabirasini o‘g‘irlab ketib, undan yirik miqdorda pul talab qilgan jinoiy guruh ishi sudda ko‘rib chiqildi.

Pinhona reja

Sud hujjatlaridan ko‘rinishicha, 2013 yildan buyon AQShda istiqomat qilib kelayotgan, jinoyat olamida «Roxa» taxallusi bilan tanilgan, sodir qilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun qidiruvda bo‘lgan Ravshan Karimov O‘zbekiston hududida odam o‘g‘irlash va buning evaziga uning yaqin qarindoshlaridan pul talab qilishni maqsad qiladi. U mazkur rejani amalga oshirish uchun katta jinoiy guruh tuzib, unga rahbarlik qilgan. Jinoiy guruhning “mo‘ljali” muqaddam Abu Saxiy bozorida rahbarlik lavozimida ishlab kelgan, hozirda London shahrida yashovchi D.A. edi.

Jinoiy guruhga ko‘plab shaxslar, jumladan, Qozog‘iston hamda Janubiy Koreyada istiqomat qilib kelayotgan jinoyat olami vakillari ham jalb etilgan. Guruh bir necha oy davomida D.A.ning Toshkent shahrida yashovchi qizi hamda nabirasini o‘g‘irlab ketish rejasini tuzadi. Guruhning har bir a’zosiga o‘z vazifalari taqsimlab berilgan. Asosiy “rol”ni esa D.A.ning qiziga haydovchilik qiluvchi Jahongir Mirxoliqov bajargan.

“Ish” bitgach, guruh a’zolarining har biriga katta miqdorda, qilgan ishiga qarab 100 ming dollargacha pul va’da qilingandi.

Jinoyatga tayyorgarlik

Guruh a’zolari jinoyatni amalga oshirish uchun bir necha oy tayyorgarlik ko‘rishgan. Jumladan, nishonga olingan ayol va uning o‘g‘lini qachon, qayerda va qanday tartibda o‘g‘irlash, qaysi mashinada olib ketish, qanday qo‘rqitish, qayerda saqlash kabi jihatlar ipidan ignasigacha o‘ylab chiqilgandi.

Jinoiy uyushmaning Qozog‘istondagi vakillari R.Sodiqov, Baxitjan Bekbergenov va tergovda aniqlashning imkoniyati bo‘lmagan boshqa shaxslar 2023 yilning 4 fevral, 12 fevral va 7 mart kunlari O‘zbekiston hududiga kelib, vaziyatni nazorat qilishgan. Ular Toshkent shahri, Chilonzor tumanida joylashgan «Shuhrat» nomli mehmonxonaga joylashgan holda Telegram va Whatsapp orqali «Roxa»dan topshiriqlarni olib turishgan.

Topshiriqqa ko‘ra, jinoiy guruh a’zolari R.Sodiqov, Baxitjan Bekbergenov, Dmitriy Tsoy, Andrey Don, Nurmuhammad Ismoilov gaplashib, jinoyatni Yashnobod tumani, Shohimardon ko‘chasi va Ohangaron ko‘chasi kesishmasida amalga oshirishga kelishib olishadi. O‘g‘irlanganlarni qo‘rqitish uchun do‘kondan suvenir to‘pponcha xarid qilinadi.

Ravshan Karimov jinoiy rejani amalga oshirish chog‘ida jinoiy sheriklari foydalanishi uchun O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi qarindoshi Raxmatullo Karimov, tanishi Jasur Ziyayev orqali Gentra, Cobalt mashinalarini ijaraga olib bergan. Shuningdek, xarajatlar uchun pul bilan ta’minlab turgan.

Guruh a’zolari ayol va uning o‘g‘lini o‘g‘irlashda foydalanilgan Cobalt mashinasiga 2023 yil 22 fevral kuni Yakkasaroy tumani hududida qarovsiz qoldirilgan «Opel Omega» rusumli mashinadan o‘g‘irlab olingan 01 Y 655 JA davlat raqamini taqib olishgan.

«Ertaga choyxonada osh, o‘ng taraf»

2023 yilning 8 mart kuni haydovchi Jahongir Mirxoliqov jinoiy guruh a’zosi Murod Irmatovga «ertaga choyxonada osh, o‘ng taraf» mazmunida SMS jo‘natadi. Bu 9 mart kuni jabrlanuvchi ayol va uning farzandini uyidan bog‘chaga olib borishda Yashnobod tumani, Shohimardon ko‘chasidagi mahalladan chiqib, o‘ng tomonga harakatlanishini bildirish edi. Murod Irmatov va Botir Xusniyev bu haqda guruh rahbari “Roxa”ga xabar beradi.

2023 yilning 9 mart kuni tongda uzoq rejalashtirilgan jinoyat amalga oshiriladi: oilaning haydovchisi Jahongir Mirxoliqov ayol va bolani mindirgan holda mashinani “reja” bo‘yicha haydaydi. Ularni belgilangan manzil – Yashnobod tumani, Shohimardon ko‘chasi va Ohangaron ko‘chasi kesishmasida jinoiy guruh a’zolari Normuhammad Ismoilov, Baxit Bekbergenov, Akmaljon Isoqov va Javohir Nishonboyev Cobalt mashinasida kutib o‘tirgandi.

Soat 7:39 larda Jahongir Mirxoliqov boshqaruvidagi Captiva Yashnobod tumani, Yangilik 1-proyezd ko‘chasidan Shohimardon ko‘chasiga harakatlanib, u yerdan o‘ngga, Ohangaron ko‘chasi tomonga buriladi. Shu payt guruh a’zolari Cobalt mashinasida ularning oldini to‘sib to‘xtatadi. Normuhammad Ismoilov va Baxit Bekbergenov tezkorlik bilan ikki tomondan Captiva’ning orqa o‘rindig‘iga o‘tiradi hamda sotib olingan suvenir to‘pponchani ayolga tirab, qo‘rqitgan holda boshiga qop kiydiradi. So‘ngra haydovchiga mashinani Cobalt ortidan haydashni buyuradi. Jinoyatchilar yo‘l-yo‘lakay ayolning yonidagi jami 34,8 mln so‘mlik pul va buyumlarini tortib olishgan.

Yarim yo‘lda o‘g‘irlanganlar Cobalt mashinasiga o‘tkaziladi va Captiva Yashnobod tumanidagi 145-sonli avtosaroy hududida qoldirib ketiladi.

Shu tariqa, ayol va uning voyaga yetmagan farzandi Toshkent shahar, Yangihayot tumani, Binokor qo‘rg‘onidagi «Universal savdo maxsus ekspress» MChJga qarashli binoga olib kelinib, ruhiy tazyiq o‘tkazilgan holda o‘ldirish va zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, 2023 yil 12 mart kuni soat 00:30 larga qadar ushlab turiladi.

Amalga oshmagan “plan”

Bu orada jinoiy guruh rahbari Ravshan Karimov D.A.ning Toshkent shahridagi yordamchisiga aloqaga chiqib, ayol va uning o‘g‘li O‘zbekistondan olib chiqib ketilgani, ularning talablari bajarilmagan taqdirda jabrlanuvchilarni o‘ldirish bilan qo‘rqitgan. U kriptobirjadan ochilgan kriptohamyonga 10 mln AQSh dollari ko‘chirib berishni talab qilgan.

Ammo, reja ish bermagan. Jabrlanuvchining ko‘rsatmalarida keltirilishicha, ular yashirin joyga olib borilgach, ayolning oyoqlari va boshidagi qop skotch bilan bog‘lab qo‘yilgan. Ayol bilan noma’lum shaxs rus tilida gaplashib, turli savollar bergan. Shuningdek, haydovchi Jahongir Mirxoliqov o‘zini go‘yoki bu ishlardan xabarsizdek tutib, jabrlanuvchidan kim tufayli bunaqa bo‘layotganini so‘ragan holda tez fursatlarda chiqib ketishlarini bildirib turgan.

Oradan ikki kundan o‘tgan. Uchinchi kun soat taxminan 00:30 larda rus tilida gaplashib turgan shaxs ayolga uni uyiga olib borib qo‘yishini aytgan. Ayol uxlab yotgan o‘g‘lini uyg‘otgan. Noma’lum shaxs ularni mashinaga mindirib, taxminan 15 daqiqa yurgan va to‘xtagan. So‘ngra mashinani boshqargan shaxs ko‘chada taksi to‘xtatib, manzilni aytgan holda ularni mindirib yuborgan. Shu tariqa jabrlanuvchi va o‘g‘li uyiga yetib olgan.

Taksiga minguncha ayolning boshida qop bo‘lgani sababli u o‘zi hamda farzandini qanday mashinada, kim va qayerdan olib kelganini ko‘rmagan.

Bundan ko‘rinadiki, jinoiy guruh a’zolari garovdagilarni o‘zlari qaytarishga qaror qilishgan.

Jazo

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tergov harakatlari natijasida jinoiy guruhning 9 nafar a’zosi qo‘lga olingan.

Sud hukmiga ko‘ra, guruhning ushlangan a’zolari Jinoyat kodeksining 242-moddasi (jinoiy uyushma tashkil qilish) 1-qismi, 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 3-qismi «b» bandi, 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi «v» bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi «a,v» bandlari, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi «a,b» bandlari, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 2-qismi «b» bandi, 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismi «a,b,v» bandlari, 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

2023 yil 12 dekabr kuni o‘qilgan sud hukmi bilan Jahongir Mirxoliqov, Baxitjan Bekbergenov (Qozog‘iston fuqarosi), Akmaljon Isoqov, Andrey Don, Nurmuhammad Ismoilov, Botir Xusniyevga hamda Murod Irmatovga 18 yil, Javohir Nishonboyevga 16 yil va Mohinur Zaitovaga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sud hukmidan norozi tomonlar 20 kun ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berishi mumkinligi tushuntirilgan.

Ruslan Saburov,

Kun.uz

Mavzuga oid