Isroil HAMAS bilan muzokaralar uchun delegatsiya yubormadi
HAMAS garovga olinganlar haqida ma’lumot bermaguncha Isroil Qohira muzokaralarida qatnashmaydi.

Foto: Reuters
Isroil delegatsiyasi hozirda mart oyining ikkinchi haftasida Qohirada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va falastinlik mahkumlar evaziga garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar navbatdagi bosqichida ishtirok etish niyatida emas. Bu haqda 3 mart, yakshanba kuni isroillik isroillik mulozimga tayanib, The Times of Israel nashri xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarni boykot qilishiga HAMAS vakillari guruh ushlab turishda davom etayotgan tirik garovga olinganlar ro‘yxatini hozircha taqdim etmagani va Isroil qamoqdan qancha falastinlik mahbusni ozod etishi kerakligini ko‘rsatmagani sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, HAMAS, shuningdek, muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Qatar va AQSh delegatsiyalari allaqachon Misrga yetib borgan. Shu fonda AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris guruhdan olti haftalik otashkesimga rozi bo‘lishni talab qildi, shuningdek, Isroilni G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berishni ko‘paytirishga yordam berishga chaqirdi.
CNN: hammasi HAMASga bog‘liq
Isroil 7 oktyabr kuni kibutsalar va mamlakat janubidagi musiqa festivaliga hujum chog‘ida HAMAS jangchilari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan omon qolgan garovga olinganlar ro‘yxatini taqdim etgan taqdirdagina guruh bilan keyingi muzokaralar olib borish mumkinligini bir necha bor ta’kidlagan. Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS tomonidan garovda qolgan 130 nafar isroillikdan kamida 31 nafari halok bo‘lgan. Noyabr oyi oxirida Isroil o‘nlab odamlarni ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan qisqa muddatli sulh tugaganidan beri HAMAS garovga olinganlar haqida yangi ma’lumot bermadi.
Quddus G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish va HAMASning garovga olinganlarni falastinlik mahbuslar bilan almashish taklifini «asosan qabul qildi», deb ta’kidladi Amerikaning CNN telekanali AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati vakiliga tayanib. CNN manbasiga ko‘ra, «hammasi HAMASga bog‘liq bo‘lib turibdi».
Biroq so‘nggi kunlarda bir qator Isroil ommaviy axborot vositalari Isroil rasmiylari orasida HAMAS bilan muzokaralar bo‘yicha pessimistik kayfiyatlar borligi haqida xabar berdi. Fevral oyi oxirida Bayden kelishuv musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyi boshlanadigan 10 martgacha tuzilishi mumkinligini ta’kidladi.
HAMAS Isroilni urushni butunlay to‘xtatishga majburlamoqchi
HAMAS yetakchilaridan biri Yahyo Sinvar muzokaralar jarayonini kechiktirmoqchi, bu Isroil chegaralari, Iordan daryosi g‘arbiy sohili, shuningdek, Quddusda bayram marosimlari o‘tkaziladigan joylarda turli keskinliklarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi OAV suhbatdoshlari.
HAMAS Isroilni olti haftalik sulhga emas, balki G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatishga majburlamoqchi, deb yozadi CNN guruhdagi manbaga tayanib. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS TsAHAL qo‘shinlarini hududdan olib chiqib ketishni va falastinliklarga Isroil armiyasining quruqlikdagi amaliyoti tufayli evakuatsiya qilingan hudud shimolidagi shaharlarga qaytishiga ruxsat berishni talab qilmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, o‘z navbatida, FOX News telekanalida kelishuv tuzishga tayyorligini, biroq HAMAS rahbariyati «boshqa sayyoradan turib» qo‘ygan talablaridan voz kechishi kerakligini aytdi. Shu bilan birga, Isroil hukumati fuqarolarning guruh bilan kelishuvga erishishga chaqirayotgan noroziliklariga qaramay, TsAHAL «XAMAS to‘liq yo‘q qilinmaguncha» G‘azo sektorida harbiy amaliyotlar o‘tkazishi haqidagi pozitsiyaga amal qilishda davom etmoqda.