Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqandda elektr va gaz ta’minoti korxonalarining 7 xodimi qamoqqa olindi
Korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan xodimlar Bosh prokuror o‘rinbosari o‘tkazgan yig‘ilishda qo‘liga kishan taqilgan holda olib chiqib ketilgan. Yig‘ilish o‘tkazilganidan bir kun o‘tib jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudi “Qoradaryo” elektr ta’minoti korxonasining 4 xodimiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida ajrim chiqardi.

Foto: Energetika vazirligi
Samarqandda Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.Aminov ishtirokida energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilgan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilish 14 fevral kuni o‘tkazilgan. Unda “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari Samarqand viloyati hamda tuman va shaharlar filiallari xodimlari, shuningdek, boshqa mas’ullar ishtirok etgan.
Yig‘ilishda ta’minot korxonalarining korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblangan 7 nafar xodimi hibsga olingan. Gumondorlar yig‘ilishning o‘zida qo‘liga kishan taqilgan holda olib chiqib ketilgan.
Kun.uz'ning aniqlashicha, 15 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi “Qoradaryo” elektr ta’minoti korxonasining 4 xodimiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash haqida ajrim chiqargan. Ular yig‘ilishda qamoqqa olinganlardan bo‘lishi mumkin.
Xususan, sud ajrimi bilan “Qoradaryo” elektr ta’minoti korxonasi huquqshunosi O.Q., inspektori Yu.N., nazoratchisi S.N. hamda muhandisi Z.Z.ga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Sud hujjatida keltirilishicha, Yu.N., S.N. va Z.Z. til biriktirgan holda bir guruh bo‘lib, Kattaqo‘rg‘on tumani Valijon mahallasida yashovchi fuqaroning elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilgani haqida tuzilgan dalolatnomani ijobiy hal qilib berish evaziga 7 mln so‘m va 200 AQSh dollarini qo‘lga kiritishgan.
Huquqshunos O.Q. esa tumanning Alijon mahallasida yashovchi, tarmoqqa noqonuniy ulangani uchun 27 mln so‘m zarar hisoblangan fuqaroga tuzilgan dalolatnomani ijobiy hal qilib berish uchun 2,7 mln so‘m so‘ragan. U kirakash orqali 2,7 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mavzuga oid

22:00 / 05.07.2025
«Samarqand qog‘ozi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

08:25 / 05.07.2025
Samarqandda inspeksiya bosh mutaxassisi pora bilan qo‘lga tushdi

11:37 / 04.07.2025
Samarqand no‘xatsho‘ragi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

19:49 / 03.07.2025