“Men Vallomovman!” – Farg‘onada bezorilar kompyuter klub xodimlarini kaltakladi
Farg‘ona shahridagi kompyuter klubida shovqin solib, boshqalarga xalaqit qilgan 8 nafar yigit ulardan tinchlanishni so‘ragan xodimlarni kaltakladi. Klubda shovqin-suron ko‘tarib, fuqarolarni kaltaklashni boshlagan yigit o‘zini «Otabek Vallomov» deb tanishtirgan hamda “kerak bo‘lsa klubni sotib olishi”ni aytgan. Manbaga ko‘ra, u farg‘onalik mashhur tadbirkorning o‘g‘li.

21 fevral kuni Farg‘ona shahridagi kompyuter o‘yinlari klubida katta janjal sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uzʼga obunachilar video-dalillar yubordi.
Videoda ko‘rinishicha, klubda kompyuter o‘ynab o‘tirgan yigitlar dastlab shovqin solib, boshqalarga xalaqit qilishgan. Shundan so‘ng kompyuter klubi xodimlari kelib, shovqin solmaslikni so‘ragan. Shovqin to‘xtamagach, yigitlarni kompyuterni o‘chirib qo‘yish bilan ogohlantirishgan. Shundan so‘ng dahanaki gap talashishlar mushtlashuvga aylangan: klubda guruh bo‘lib o‘yin o‘ynayotgan 8 nafar yigit 2 nafar administratsiya xodimini kaltaklagan.
Klubdagi shovqin-suron va fuqarolarni kaltaklashni boshlagan yigit o‘zining “Otabek Vallomov” ekanini aytib, kerak bo‘lsa klubni sotib olishini bildirgan. “Xohlagan odamingni boshlab kel”, deb baqirgan. Shuningdek, videoda u klub xodimlarini eng ko‘p kaltaklagani ko‘ringan.
Aytishlaricha, Otabek Vallomov Farg‘onadagi mashhur tadbirkor Baxtiyor Vallomovning o‘g‘li. U hozirda Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismi (badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib, bezorilik qilish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda ayblanib, qidiruvga berilgan.
Klubda kaltaklangan 2 nafar yigit esa og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
Kun.uz holatga oydinlik kiritish uchun Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmati bilan bog‘landi. IIB rasmiysi holatdan xabari yo‘qligini, o‘rganib ma’lumot berishini bildirdi.
Kun.uz ixtiyorida “Otabek Vallomov” manba aytganidek tadbirkor Baxtiyor Vallomovning o‘g‘li ekani haqida aniq dalil mavjud emas.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor Vallomov 2018 yilda Marg‘ilondagi “Fayz-binokor Oltiariq” korxonasi rahbari o‘rinbosari sifatida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvonini olgan edi.
Mavzuga oid

08:00 / 02.06.2025
Farg‘onada bank mas’ullari va hokim yordamchilarining qing‘ir ishlari aniqlandi

07:40 / 31.05.2025
Farg‘onada sifati kafolatlanmagan 8 mlrd so‘mlik dorilarning savdoga chiqarilishi oldi olindi

18:37 / 29.05.2025
Farg‘onada tanishini qasddan bosib o‘ldirgan haydovchiga hukm o‘qildi

17:02 / 15.05.2025