Jahon | 22:47 / 20.05.2025
7421
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming chet ellik Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda - Bastrikin

RF Tergov qo‘mitasi rahbariga ko‘ra, ular orasida Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklar ham bor. «O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistonda yashashni negadir yoqtirmaydigan 20 ming „yosh“ Rossiya fuqarosi Ukrainaga qarshi urushga yuborilgan», – deydi Aleksandr Bastrikin.

Foto: chitamedia.su

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Ukrainadagi harbiy harakatlar hududiga Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming kishi yuborilganini ma’lum qildi.

«Harbiy tergov boshqarmamiz reydlar o‘tkazmoqda. Rossiyaning 80 ming nafar fuqarosini „ovladik“, ular harbiy harakatlar hududiga borish u yoqda tursin, hatto harbiy komissariatga ham borishni istashmaydi. Bu 80 ming kishini „ovlab“, harbiy ro‘yxatga kiritdik. Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistonda yashashni negadir yoqtirmaydigan 20 ming nafar „yosh“ Rossiya fuqarosini jang maydoniga jo‘natdik», – deydi Bastrikin.

Rossiya huquq-tartibot organlari muntazam ravishda reydlar o‘tkazib, Rossiya fuqaroligini olgan migrantlarga chaqiruv qog‘ozlarini topshirmoqda yoki ularni harbiy komissariatlarga olib ketmoqda. Qator holatlarda fuqarolik olgan migrantlar Rossiya pasportini yo‘qotish va mamlakatdan deportatsiya qilish tahdidi ostida shartnomalar imzolashga majbur bo‘lmoqda.

2024 yil iyunda Bastrikin Rossiyada mamlakat fuqaroligini olgan, biroq harbiy hisobga qo‘yilmagan 30 ming chet ellik ushlanganini ma’lum qilgandi. O‘shanda ularning 10 mingga yaqini front ortiga – «okoplar qazish»ga yuborilgan.

Jang maydonidagi o‘zbekistonliklar

Bundan oldinroq, Rossiya harbiylariga o‘z ixtiyori bilan asirga tushishda yordam berish uchun yaratilgan Ukrainaning «Xochu jit» loyihasi Rossiya qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan va Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan/qatnashayotgan O‘zbekiston fuqarolarining nomma-nom ro‘yxatini e’lon qilgandi. O‘zbekiston tomoni bu ma’lumotni tekshirmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi o‘zbekistonliklar uchun uchinchi davlatlar hududida va ular tomonida harbiy harakatlarda ishtirok etish jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida bir necha bor ogohlantirgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksining 154−1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha (112,5 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, xizmatga yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 Avvalroq yaralanib, shifoxonada yotgan o‘zbekistonlik Kun.uzʼga yo‘llagan murojaatida majburan urushga yuborilgani, uning qismida boshqa o‘zbeklar ham bo‘lganini so‘zlab bergandi.

Mavzuga oid