Isroilni ogohlantirgan Eron, G‘azoga kelgan yordam va Putindan Sumini bosib olishni so‘ragan amaldor – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Vashingtonda Isroil elchixonasining ikki xodimi otib ketildi
21 may kuni kechki vaqtda Isroil elchixonasining ikki xodimi Vashington markazidagi Yahudiylar muzeyi yaqinida otib ketildi. Hujumda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olingan.
Isroil elchixonasi xodimini otib o‘ldirishda ayblanayotgan shaxs – 31 yoshli Elias Rodriges – payshanba kuni birinchi darajali qasddan odam o‘ldirish va boshqa jinoyatlarda ayblanib, federal sudga jalb etildi. FQB sudga taqdim etgan bayonotda aytilishicha, u hibsga olinayotganda «Men buni Falastin uchun qildim, G‘azo uchun qildim», degan.
Qurbonlar: isroillik 30 yoshli Yaron Lishinskiy elchixona xodimi bo‘lgan, 26 yoshli amerikalik Sara Milgrim ham Isroil elchixonasida ishlagan.
AQShning Vashingtondagi vaqtinchalik federal prokurori Janin Pirroning aytishicha, voqea terrorizm sifatida o‘rganilmoqda. Tergovchilar – oliy ma’lumotga ega, tibbiyot tashkilotida ishlagan va ijtimoiy faolligi bilan tanilgan gumonlanuvchining nima uchun poytaxtga xizmat safari bilan kelib, bu ishga qo‘l urganini aniqlashga urinmoqda. Suddagi dastlabki eshituvda Rodriges aybiga iqror bo‘lmadi.
Isroil rasmiylari voqeani G‘azodagi urush fonida kuchaygan antisemitizm oqibati sifatida baholadi. Bosh vazir Benyamin Netanyahu AQSh Prezidenti Tramp bilan telefon orqali gaplashib, antisemitizmga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
G‘azodagi urush davomida AQShda ham, butun dunyoda ham Falastinni qo‘llab, namoyishlar soni ortib bormoqda.
Sumi oblastini bosib olish so‘rovi va bufer zonalar
Rossiyaning Kursk oblasti Glushkovo rayoni rahbari Pavel Zolotarev mamlakat prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda uni Ukrainaning Sumi oblastini bosib olishga chaqirdi. TASS davlat agentligi xabariga ko‘ra, bu Putin va Kursk oblastidagi munitsipalitetlar rahbarlarining uchrashuvida sodir bo‘ldi. Ukraina kuchlarini chegaradan necha kilometr uzoqlashtirish kerakligi haqida gapirgan Zolotarev shunday dedi: «Sumi bizniki bo‘lishi kerak. Yarimoroldagidek yashay olmaymiz. Biz ko‘p bo‘lishimiz kerak. Hech bo‘lmaganda Sumi. Men shunday deb o‘ylayman».
«Shuning uchun ular Aleksandr Yevseyevichni (Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi) saylashdi, u ham ko‘proq narsani xohlaydi», deb javob bergan Putin.
Rossiya chegarasidan taxminan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Sumi shahri muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda. DeepState loyihalaridan birining ma’lumotlariga ko‘ra, Sumi oblastida Rossiya harbiylari tomonidan bosib olingan hududlar yo‘q. Rossiya armiyasi uni 2022 yil mart oyida, Kiyevga hujum muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin tark etgandi.
Bundan tashqari, Putin mamlakat qurolli kuchlari hozir Rossiya-Ukraina chegarasida xavfsizlik bufer zonasini yaratish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
«Chegara bo‘ylab zarur xavfsizlik bufer zonasini yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini allaqachon aytgandim. Qurolli Kuchlarimiz hozir bu muammoni hal qilmoqda. Dushmanning o‘q otish nuqtalari faol ravishda bostirilmoqda, ish olib borilmoqda», degan u.
G‘azo sektoriga gumanitar yordam yuklangan o‘nlab yuk mashinalari yetib keldi
Urushdan vayron bo‘lgan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami, jumladan, un, bolalar ovqatlari va tibbiy jihozlar ortilgan yana 100 ta yuk mashinasi yetib keldi. Bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida mamlakat Mudofaa vazirligi tarkibiga kiruvchi va insonparvarlik yordamini yetkazish uchun mas’ul bo‘lgan Isroilning COGAT hukumat tashkiloti yozgan.
«Barcha yordam xavfsizlik sinchkovlik bilan tekshirilgandan so‘ng o‘tkazildi. Bu Isroil armiyasi rasmiylari maslahati va siyosiy rahbariyat ko‘rsatmasiga muvofiq amalga oshirildi. Biz G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishda davom etamiz, bu yordam HAMAS tashkiloti qo‘liga tushmasligi uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz», — deyiladi postda. Xuddi shu manbaga ko‘ra, bir kun avval G‘azo sektoriga xuddi shunday gumanitar yordam yuklangan 93 yuk mashinasi yetib borgan.
Gumanitar yordam Isroil, Misr va G‘azo sektori chegaralari tutashgan joyda joylashgan Kerem-Shalom nazorat-o‘tkazish punktiga yetib keldi. Bu yerda gumanitar xodimlar uni keyinchalik mahalliy aholiga tarqatish uchun yuk mashinalariga o‘tkazishlari kerak. Butunjahon oziq-ovqat dasturi (World Food Programme, WFP) rahbari Antuan Renarning aytishicha, 78 ta yuk mashinasi «o‘z vaqtini kutmoqda».
G‘azo sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida mintaqa kasalxonalariga 107 nafar halok bo‘lgan va 247 nafar jarohatlangan shaxs olib kelingan. 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azo sektorida Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 53 762 kishiga, jarohatlanganlar soni esa 122 197 kishiga yetgan.
AQSh yana Rossiyagacha yetib boradigan raketani sinovdan o‘tkazdi
AQSh Minuteman III qit’alararo ballistik raketasini rejali sinovdan o‘tkazdi, deb xabar berdi Kaliforniyadagi Vandenberg havo kuchlari bazasi qo‘mondonligi. Raketa Mark-21 HFDE bir dona jangovar kallak bilan jihozlangan. Jangovar kallak Tinch okeanining markaziy qismidagi Marshall orollaridan Ronald Reygan ballistik raketaga qarshi mudofaa poligonigacha taxminan 6800 km masofani bosib o‘tdi.
«Ushbu sinov parvozi Amerika Qo‘shma Shtatlarining yadroviy to‘xtatuvchisi xavfsiz va 21-asr tahdidlarining oldini olishda samarali bo‘lib qolishi hamda ittifoqchilarimizga ishonch hosil qilishini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan tadbirlarning bir qismidir», deyiladi bayonotda.
Minuteman III qattiq yonilg‘idagi qit’alararo ballistik raketasi 1970 yildan beri AQSh armiyasida foydalanishda. Uning massasi taxminan 36 tonna, maksimal parvoz masofasi 9500 kilometrdan, tezligi esa soatiga 24 ming kilometrdan oshadi. Bu AQSh strategik yadroviy kuchlari tarkibidagi yagona shaxtada saqlanadigan qit’alararo ballistik raketa hisoblanadi. AQSh Harbiy-havo kuchlari veb-saytiga ko‘ra, hozirda Qo‘shma Shtatlarda bu raketalarning 400 tasi mavjud bo‘lib, ularning har biri uchtagacha yadroviy kallakni olib yurishga qodir.
Eron: Isroil Eron hududiga hujum qilsa, u halokatli va qat’iy javob oladi
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, agar Isroil Eronning yadro inshootlariga hujum qilsa, buning uchun AQSh javobgar bo‘lishini aytdi. Bu bayonot CNN telekanalining Isroil ehtimoliy hujumlarga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabari ortidan e’lon qilindi. Unda AQSh razvedkasi Isroil Eronning yadro inshootlariga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani bildirilgan edi. Isroil rasmiylari, jumladan Bosh vazir Benyamin Netanyahu, Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi uchun yadro obektlariga hujum qilish tahdidi bilan chiqqan, ammo hozircha hech qanday tayyorgarlikni rasman tan olmagan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga yo‘llagan maktubida shunday yozdi:
«Eron sionistik Isroil rejimining har qanday tahdidi yoki noqonuniy harakatiga qat’iy javob qaytaradi. Xalqaro hamjamiyatni Isroil tahdidlarining davom etishining oldini olish uchun samarali choralar ko‘rishga chaqirdim. Aks holda, Eron o‘z yadro inshootlari va materiallarini himoya qilish uchun maxsus choralar ko‘rishga majbur bo‘ladi», deya Eron bosh diplomatining so‘zlarini keltirmoqda Al-Jazeera nashri.
Uning aytishicha, agar Isroil hujum qilsa, Vashington bu harakatda «ishtirokchi tomon» sifatida qaraladi.
«Eron tomonidan ko‘riladigan chora-tadbirlarning tabiati, mazmuni va hajmi o‘z nizomiy majburiyatlariga binoan, oldini oluvchi choralariga mos va proporsional bo‘ladi», — dedi Aroqchi.
Eron Islomiy inqilobiy gvardiya korpusi, bevosita Xomanaiyga bo‘ysunuvchi kuchlar ham, agar Isroil Eron hududiga hujum qilsa, u halokatli va qat’iy javob olishini aytgan.
«Ular bizni urush bilan qo‘rqitmoqchi, lekin bu noto‘g‘ri hisob-kitob. Chunki ular Eron urush sharoitida safarbar etiladigan kuchli xalq va harbiy qo‘llab-quvvatlashdan bexabar», — degan korpus so‘zchisi Alimuhammad Nayin.
Keyinroq, Eron davlat telekanaliga intervyu bergan Aroqchi, agar AQShning maqsadi uran boyitishni tugatish bo‘lsa, unda hech qanday yadro kelishuvi bo‘lmasligini aytdi.
23 may kuni Eron va AQSh beshinchi marta yadro muzokaralarini o‘tkazishi kutilmoqda. Vashington bu boyitish Eronni yadroviy bomba yasash darajasiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Tehron esa doim bomba tayyorlash niyati yo‘qligini aytib keladi va yadro dasturining tinch maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidlaydi. AQSh bilan muzokaralar yakuniga ko‘ra, Eron uran boyitishni to‘xtatadi yoki cheklaydi, buning evaziga unga qarshi iqtisodiy sanksiyalar olib tashlanishi mumkin. Isroil esa bu kabi har qanday AQSh-Eron kelishuviga doimo qarshi bo‘lib kelgan.
Mavzuga oid

13:55 / 22.05.2025
AQSh osmonida «Oltin gumbaz», G‘arb diplomatlariga o‘q uzgan Isroil va Rossiya armiyasidan qochganlar – kun dayjesti

13:12 / 21.05.2025
Sanksiyalari yechilayotgan Suriya, yangi bomba yaratgan AQSh va imtiyozlari bekor qilinayotgan Isroil – kun dayjesti

13:32 / 20.05.2025
Isroilga qarshi xalqaro bosim, Tramp va Putinning suhbati hamda G‘azoga humanitar yordam – kun dayjesti

13:21 / 19.05.2025