Jahon | 19:13 / 23.05.2025
1011
2 daqiqa o‘qiladi

Litva 1 iyundan Rossiyaning nobiometrik xorijga chiqish pasportini tan olmaydi

Mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, nobiometrik pasportlarni soxtalashtirish nisbatan oson va RF maxsus kuchlari ulardan chet eldagi operatsiyalarini amalga oshirishda foydalanishi mumkin.

Foto: Reuters

Rossiya fuqarolari biometrik bo‘lmagan xorijga chiqish pasportlari bilan endi Litva hududiga kira olmaydi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bunday qaror tashqi siyosiy idora va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda qabul qilingan.

Ta’kidlanishicha, nobiometrik pasportlarni soxtalashtirish nisbatan oson. Ularning hisoblashicha, bunday hujjatlar Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan chet eldagi operatsiyalarini amalga oshirishda foydalanilishi mumkin.

RF fuqarolari 2025 yil 1 iyundan nobiometrik pasport bilan Litvaga kira olmaydi. Istisno tariqasida «demokratik kuchlar vakillari, rejimga muxolif shaxslar, mustaqil OAV va jamoatchilik vakillari» agar, «ularning safar maqsadi Litva manfaatlariga mos kelsa» — bunday turdagi pasport bilan Litvaga kirishlariga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, bu kabi holatlarning har biri individual tartibda ko‘rib chiqiladi.

Litva yoki Yevroittifoq, Yevropa iqtisodiy zonasi yoki Shengen kelishuvi tarkibidagi boshqa davlatlarda yashovchi RF fuqarolari nobiometrik pasport bilan 2025 yil 1 dekabrga qadar mamlakatga kira oladi.

Yangi qoida Rossiya fuqarolarining Kaliningraddan temiryo‘lda Litva hududi orqali tranzit o‘tishiga taalluqli emas.

Yevroittifoqda chet el fuqarolari taqdim etishi kerak bo‘lgan hujjatlar mamlakatlar darajasida qabul qilinadi. Oldinroq Chexiya, Estoniya, Fransiya, shuningdek, Daniya va Islandiya ham nobiometrik RF pasportlari qabul qilinishi to‘xtatilishini e’lon qilgandi.

Rossiya fuqarolari xorijga chiqish pasportini o‘zlari tanlashi mumkin — biometrik yoki nobiometrik. Biometrik ma’lumotlarsiz pasportlar qisqaroq muddatda tayyor bo‘ladi va ularning to‘lovi kamroq. Nobiometrik pasportlarni Rossiya diplomatik vakolatxonalari taqdim etishi mumkin, biometrik pasportlar esa Rossiyada tayyorlanadi va diplomatik pochta orqali yuboriladi.

Mavzuga oid