Jahon | 22:56 / 23.05.2025
1554
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik taykonavtlar ochiq kosmosda 8 soatlik missiyani amalga oshirdi

Ular «Tyangun» stansiyasi moduliga chiqindilardan himoyalanish uskunalarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Xinhua

Xitoy orbital kosmik stansiyasida bo‘lib turgan «Shenchjou-20» ekipaji taykonavtlari ochiq kosmosga chiqish bo‘yicha o‘zlarining birinchi missiyasini muvaffaqiyatli yakunladi.

Bayonotga ko‘ra, ekipaj komandiri Chen Dun va muhandis Chen Szunjuy stansiyadan tashqariga chiqqan, ekipajning uchinchi a’zosi Van Tsze esa operatsiyani ichkaridan muvofiqlashtirib turgan.

8 soatli missiya doirasida taykonavtlar birinchi marta «Tyanxe» asosiy modulini tark etgan va kosmik chiqindilardan himoya qiluvchi qurilmalarni o‘rnatgan. Qayd etilishicha, bu «Tyangun» dasturi doirasida ochiq kosmosga 21-marta chiqish hisoblanadi. «Shenchjou-20» ekipaji olti oy davomida orbitada bo‘ladi.

AQSh Xitoyga Xalqaro kosmik stansiya dasturida ishtirok etishga ruxsat bermaganidan keyin mamlakat o‘zining kosmik stansiyasini qurgan. «Tyangun» stansiyasi bitta asosiy va ikkita laboratoriya modulidan iborat. Shuningdek, «Syuntyan» orbital teleskopini ham qo‘shish rejalashtirilgan.

«Tyanxe» asosiy moduli 2021 yil 29 aprelda, laboratoriya modullari esa 2022 yilning iyul va oktyabr oylarida orbitaga chiqarilgan. Natijada, stansiya T-simon konstruksiyaga ega bo‘lgan.

Taykonavtlar stansiyaga «Shenchjou» kosmik kemalar seriyasi yordamida yetkaziladi, ta’minot esa «Tyanchjou» transport modullari yordamida amalga oshiriladi. Stansiyada muntazam ravishda uchta taykonavt rotatsiya asosida faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid