O‘zbekiston | 21:17 / 24.05.2025
1955
7 daqiqa o‘qiladi

“Mudofaamizga yana tahdid yuzaga kelsa, jim o‘tirmaymiz” – Pokiston elchisi bilan suhbat

Kun.uz Pokistonning O‘zbekistondagi elchisi bilan suhbatlashdi. Diplomatga ko‘ra, Pokiston O‘zbekiston bilan savdo aylanmasini keyingi 4 yilda 2 mlrd. dollarga yetkazmoqchi. Yangi ikki yo‘nalishda aviareyslar ochilishi ham kutilmoqda. Elchi so‘nggi Hindiston-Pokiston mojarosiga munosabat bildirarkan, uning davlati hech qachon urushni istamaganini aytdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hindiston va Pokiston Pahalgamda ro‘y bergan fojiada bir-birini ayblab, mojaro keskinlashuvi oldini ololmadi. Hindiston buning javobgarligini Pokistonga yuklab, o‘ldirilganlar oilasi adolat istayotganini aytdi. Pokiston tomoni esa Hindiston iddaolarini rad etib, xalqaro tergov o‘tkazishga chaqirdi. Lekin baribir mojaro harbiy aralashuv bilan kengaydi. Kun.uz Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Ahmad Faruq bilan suhbatlashar ekan, diplomat o‘z davlati hech qachon urush tarafdori bo‘lmaganini gapirdi.

“Men buni to‘liq mas’uliyat bilan aytgan bo‘lardim: Pokiston hech qachon urushga intilmaydi, bu mojaroga ham intilmagandi. Biz tinchlikni xohlaymiz, asosiy muammomiz va e’tiborimiz – xalqimiz farovonligi. Xalqimizni qashshoqlikdan olib chiqishimiz kerak, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishimiz kerak. Pokiston xalqining hayot sifatiga ta’sir qiladigan ko‘plab muammolarni hal qilishimiz lozim. Bizning e’tiborimiz bu emasdi. Xuddi shunday, biz iqtisodiy taraqqiyot ustida ishlayapmiz. Demak, mojaro bizga yarashmaydi. Vaholanki, agar biror nimaga majbur bo‘lsak, qudratli, kuchli, suveren xalqning qadr-qimmati bilan javob qaytariladi, biz bunga javob beramiz” – Ahmad Faruq, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi

Mojaroda ikki davlat ham diplomatiya yo‘lini tutmadi, dunyo davlatlari esa tinchlikni xohlashini bayon qilgan bo‘lsa-da, parda ortidan bo‘linish yuz berdi. Milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda gigant davlatlar o‘z tomonini tanlab, unga yordam berdi. AQSh prezidenti Donald Tramp otashkesimda o‘z administratsiyasi roli beqiyosligini aytib chiqdi. Pokiston elchisiga ko‘ra, AQSh qatori boshqa do‘st davlatlar ham vaziyat nazoratdan chiqishini istamagandi.

“Vaziyat keskinlashgani sabab Amerika va boshqa do‘st mamlakatlarning nazoratidan chiqib ketish xavfi bor edi. Bilasizmi, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri ham Pokistonga, ham Hindistonga tashrif buyurdi, Hindiston bilan ham yaxshi munosabatda bo‘lgan juda qardosh davlat. Bizda parda ortida vositachilik qilayotgan boshqa davlatlar ham bor edi. Shunday qilib, bu kuchayish hech kimning foydasiga bo‘lmagani uchun juda ko‘p harakat qilindi. Bu 1,7 milliardga yaqin aholini birlashtirgan ikki mamlakat xalqi uchun qiyinchilik tug‘dirardi. Agar  falokatga duch kelinsa, bu butun dunyoni yo‘q qilishi mumkin” - Ahmad Faruq, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi

Otashkesim kelishuvidan keyin ikki davlat havo hududini ochgan, Pokistonga to‘xtatilgan suv yetkazib berish ham tiklandi. Lekin mojaroning bahsli tomonlari ancha, yechilishini kutayotgan aspektlar bor, deydi elchi Faruq.

“O‘t ochishni to‘xtatishga kelishilgan bo‘lsa-da, u qisman davom etmoqda. Osmon parvozlar uchun ochildi va ishlar normallashdi. Lekin shuni aytmoqchimanki, hali ham muhim masalalar bor. Chunki bu ish qanday boshlanganini bilasiz: birinchidan, hal qilinmagan Kashmir masalasi. Ikkinchidan, hal qilinmagan suv shartnomasi, chunki bu suv shartnomasi biz uchun juda muhim. Bu Pokiston uchun hayot-mamot masalasidir. Suvsiz bilasizmi, hayot yo‘q. Demak, bu Pokiston uchun muammo. Shunday qilib, bu suv shartnomasi bekor qilindi. Bu nimani anglatishini bilmayman, lekin bu hal qilinishi kerak bo‘lgan juda jiddiy narsa. Xalqaro hamjamiyat bunga g‘amxo‘rlik qilishi kerak.

Uchinchidan, terrorizm masalasi. Bilasizmi, Pokistonda ishonchli dalillar bor. Sizga aytsam, Pokistonning o‘zi terrorizm qurboni bo‘lgan” - Ahmad Faruq, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi

Elchi suhbat chog‘ida xalqaro tashkilotlar reaksiyalariga ham to‘xtaldi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari amalda ishlaganida mojaro allaqachon yechilardi, deydi u.

“BMT dunyodagi, men aytgan bo‘lardim, eng keng qamrovli va eng muhim ko‘p tomonlama siyosat institutidir. Va bu Xavfsizlik kengashi ham bo‘lib, u Pokiston, Hindiston va xalqaro hamjamiyatni Kashmir muammosini hal qilishga chaqirib, Kashmir xalqiga o‘z kelajagi qanday bo‘lishini tanlash huquqini beradi. Shunday qilib, ha, BMT juda muhim. Uning ma’naviy, siyosiy, huquqiy roli ham bor. Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari esa qonuniydir. Agar Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari amaliyotda ishlasa edi, ishoning, bizda shunday yechim topilardi, bir daqiqada bizda yechim bo‘lardi” - Ahmad Faruq, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi

Suhbat chog‘ida elchidan Markaziy Osiyo bilan aloqalar, O‘zbekiston bilan strategik rejalar xususida ham so‘radik. Uning ma’lum qilishicha, Pokiston Markaziy Osiyoga dengizni taklif qiladi.

Pokiston Markaziy Osiyo uchun dengizga eng qisqa yo‘lni taklif qiladi. Va dengizda bo‘lganingizda, butun dunyo sizniki. O‘zbekiston juda noyob davlat. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan mamlakat. Yaqin 4 yil ichida savdo aylanmamizni 2 milliard dollarga olib chiqishga qaror qilganmiz, bu quruq shior yoki quruq va’da emas. Buning ortida ko‘p qirrali strategiya yotadi. Koviddan keyin reyslar to‘xtatilgan edi, lekin o‘tgan yilning noyabr oyida Lahor va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar qayta tiklandi, hozir haftada 2 reys bor. Yaqinda Islomobod-Toshkent reysi ham qo‘yiladi, haftasiga ikki marta parvozlar amalga oshiriladi. Biz uchinchi liniyani ochish ustida ham ishlayapmiz, bu biroz vaqt talab qilishi mumkin. Yangi yo‘nalish Karachi bilan bo‘ladi” - Ahmad Faruq, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi

Elchi shuningdek, Pokiston yadroviy mas’uliyatni his qilishini, lekin buni xalqaro hamjamiyat zaiflik deb qabul qilmasligi kerakligini ham qo‘shimcha qildi.

Suhbatni Kun.uz ning YouTube platformasidagi sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid