Jahon | 19:32 / 24.05.2025
1411
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ukraina 307 nafar harbiy asirni almashtirdi

Istanbul kelishuvlari doirasidagi asirlar almashinuvining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Ukraina bilan harbiy asirlarni almashtirishning ikkinchi bosqichi doirasida 307 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi Rossiyaga qaytdi. O‘z navbatida, Rossiya tomonidan asirga olingan Ukraina qurolli kuchlarining 307 nafar askari Kiyevga topshirildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

«Rossiya tomoni tashabbusi bilan boshlangan keng ko‘lamli almashinuv davom etadi», deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan asirlar almashinuvining navbatdagi bosqichi yuz berganini tasdiqladi. 24 may kuni 307 nafar harbiy xizmatchi Ukrainaga qaytib keldi. Ular orasida Ukraina Qurolli kuchlari, Davlat chegara xizmati va Ukraina Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari bor.

Rossiya va Ukraina 16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida «1000 ga 1000» tamoyili bo‘yicha keng ko‘lamli harbiy asirlar almashinuvini o‘tkazishga kelishib oldi. Keyinroq Ukraina va Rossiya manbalari almashinuv bir necha bosqichda amalga oshirilishi haqida xabar berdi.

23 may kuni Ukraina asirligidan 270 nafar harbiy asir va 120 nafar tinch aholi Rossiyaga qaytarildi. Qaytarilganlar orasida Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan asirga olingani aytilayotgan Kursk viloyatining tinch fuqarolari ham bor. Xuddi shu kunning o‘zidayoq Ukrainaga xuddi shunday miqdordagi harbiy asirlar va tinch aholi qaytarildi.

Mavzuga oid