Jamiyat | 23:54 / 26.05.2025
15212
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» vaqtida qizlarning sochi yonib ketdi

Bunga gaz bilan to‘ldirilgan sharlarning portlashi sabab bo‘lgan. Mazkur holatdan keyin maktab direktori ishdan olindi.

Foto: Videodan kadr

Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Chortoq tumanidagi maktabda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirida yuz bergan holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda maktabda o‘tkazilgan bayram tadbiri vaqtida bitiruvchi o‘quvchilar qo‘llariga ko‘tarib olgan gaz bilan to‘ldirilgan sharlar portlagani, natijada, ba’zi qizlarning sochi yongani tasvirlangan video tarqaldi.

Qayd etilishicha, mazkur holat Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 48-umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani, tashkilotda o‘rnatilgan ichki mehnat tartib qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani, o‘ziga yuklatilgan lavozim vazifalarini lozim darajada bajarmagani va bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Shuningdek, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va sinf rahbariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llangan.

Avvalroq O‘zbekiston maktablarida o‘tkazilgan «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida o‘quvchilar tomonidan avtomobilni noqonuniy boshqarish holatlari aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid