Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Rossiya va Ukraina: dronlar urushi va asirlar almashinuvi
Istanbuldagi tinchlik muzokaralari deyarli muvaffaqiyatsizlikka uchragach, ikki tomon o‘zaro zarbalarni kuchaytirmoqda. Xususan, Rossiya harbiylari 25 mayga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab ballistik raketalar va dronlar qo‘llagan holda yopirilma hujum amalga oshirdi. Eng yirik havo hujumlaridan birida 300 ga yaqin dron va 70 ta raketa qo‘llangan.
Zarbalar oqibatida mamlakat bo‘ylab kamida 12 kishi halok bo‘lib, 60 dan ortiq kishi yaralangan. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmatiga ko‘ra, 13 region zarbalar ostida qolgan.
«Bu kombinatsiyalashgan, tinch aholiga qaratilgan shafqatsiz zarba bo‘ldi. Dushman yana bir bor shuni ko‘rsatdi: uning maqsadi – qo‘rquv uyg‘otish va o‘ldirish», – degan Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy RF qo‘shini «ongli ravishda oddiy shaharlar bo‘ylab zarbalar» berayotgani va bunday terrorchilik zarbasi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar uchun yetarli sababligini aytdi.
O‘z navbatida, RF mudofaa vazirligi 24 may kuni kechqurun va ertalab havo hujumidan mudofaa vositalari Rossiyaning olti oblastida ukrainlarning yuzdan ortiq dronlari urib tushirilgani haqida xabar berdi. Tun davomida Ukrainaning 110 ta droni urib tushirildi va tutib olindi, jumladan 13 tasi Moskva oblasti hududida, deyiladi vazirlik xabarida.
Shu bilan birga, 25 may kuni Rossiya va Ukraina «1000 ga 1000» formatida asirlar almashinuvini yakunladi. Almashinuv uch kun davom etdi.
Muvofiqlashtiruvchi shtabga ko‘ra, muzokaralar jarayoni va almashinuvlar doirasida 2022 yil mart oyidan buyon Ukrainaning jami 5757 nafar fuqarosi ozod qilingan. Yana 536 nafar ukrainalik ayirboshlashsiz qaytarilgan.
Hamasning harbiy operatsiyasi
HAMASning harbiy qanoti «Al-Qassam» brigadasi G‘azo janubidagi hujumlar chog‘ida Isroil askarlari o‘ldirilgan va yaralanganini ma’lum qildi. Anadolu nashrining Al-Qassamga tayanib xabar berishicha, «murakkab harbiy operatsiya» Xon-Yunus shahrida amalga oshirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hamas jangchilari Isroil askarlari yashiringan uyga portlovchi moslama qo‘llagan. Shuningdek, u yerga Isroil harbiylari va vertolyotlari yetib kelgan paytda yana bir tunnel portlatilgan. Isroil armiyasi hozircha bu ma’lumotga izoh bermagan.
Ayni vaqtda kuchli xalqaro bosimlar bo‘lishiga qaramay Isroil G‘azodagi urushni to‘xtatmayapti, bu esa tinch aholi orasida qurbonlar sonining ortishiga olib kelmoqda. Xususan, Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bir sutka ichida bombardimonlar natijasida 38 kishi halok bo‘lgan, yana 204 kishi jarohat olganini bildirdi.
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil armiyasining G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 53 939 kishiga yetdi, jarohat olganlar soni esa 122 ming kishidan oshib ketadi.
Tramp Yevroittifoqqa e’lon qilgan 50 foizlik bojlarni 9 iyulgacha kechiktirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Yevropa Ittifoqidan olib kiriladigan barcha mahsulotlarga 50 foizlik boj joriy etishni 9 iyulgacha kechiktirishini e’lon qildi. Bu qaror savdo muzokaralariga yana biroz vaqt berish maqsadida qabul qilindi.
Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida Tramp Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen bilan suhbatlashganini ma’lum qildi. Tramp ilgari, agar bir hafta ichida savdo bitimiga erishilmasa, 1 iyundan bojlar kuchga kirishini aytgan edi.
Tramp Yevropa Ittifoqi bilan olib borilayotgan muzokaralardan noroziligini bildirib, 90 kunlik murosa oynasi davomida Ittifoq tomonidan yetarli yon berishlar bo‘lmaganini tanqid qilgan edi. Biroq keskin bojlar tahdidi dunyoning eng yirik iqtisodiyotlaridan biri bilan savdo urushiga olib kelishi xavfini oshirdi.
Yakshanba kuni Tramp bu masalada vaqtinchalik orqaga chekindi, deb yozmoqda New York Times.
Fon der Lyayyen esa alohida ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Tramp bilan «yaxshi suhbat» bo‘lganini, savdo bitimi tuzish uchun Yevropa tomoniga qo‘shimcha vaqt kerakligini bildirgan. U muzokaralar «tez va qat’iy» tarzda davom ettirilishini aytdi.
Trampning Yevropaga qarshi boj tahdidi, u Xitoy importlariga qo‘yilgan 145 foizlik bojlarni vaqtincha yumshatishga rozi bo‘lganidan bir necha hafta o‘tib e’lon qilindi.
Iqtisodchilar bunday bojlar va u bilan bog‘liq noaniqliklar dunyo bo‘ylab biznes sarmoyalarining susayishiga va ta’minot zanjirlarining buzilishiga olib kelayotganini ogohlantirib kelmoqda. Ko‘plab tahlilchilar global inqiroz ehtimolini oshgan deb baholamoqda.
Putin Kurskka borganida vertolyoti dronlar hujumi markazida bo‘lgan
Vladimir Putinning Kursk oblastiga safari chog‘ida uning vertolyoti «Ukraina dronlarining keng ko‘lamli hujumi markazida bo‘ldi», deb xabar berdi harbiy xizmatchi Yuriy Dashkin «Rossiya» davlat telekanali efirida.
«Oliy bosh qo‘mondon bo‘lgan bortning Kursk oblasti osmonidagi parvozi chog‘ida hujum intensivligi sezilarli darajada oshdi. Shuning uchun biz bir vaqtning o‘zida havo hujumiga qarshi jang olib bordik va prezident vertolyotining havodagi xavfsizligini ta’minladik. Vazifa bajarildi: dushman dronlarining hujumi qaytarildi va barcha havo nishonlari yo‘q qilindi», – degan Dashkin.
U prezident Kursk oblastida ishlayotgan vaqtda dushman dronlar bilan misli ko‘rilmagan hujum uyushtirgani, bu hududdagi havo hujumidan mudofaa guruhi samolyot tipidagi 46 ta dronni yo‘q qilgani haqida gapirgan. «[Prezident vertolyoti] amalda dushman dronlarining ommaviy hujumini qaytarish markazida edi», – deya qo‘shimcha qilgan u.
Putin 20 may kuni Kursk oblastiga tashrif buyurgandi, biroq uning tashrifi haqida faqat keyingi kuni rasman e’lon qilindi. «Kommersant» muxbiriga ko‘ra, prezident korteji oblast bo‘ylab harakatlanayotganda osmonda Ukraina qurolli kuchlari dronlari bo‘lgan.
Tramp: Eron bilan «juda yaxshi» muzokaralar o‘tkazildi
AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni AQSh muzokarachilari Eron delegatsiyasi bilan «juda yaxshi» muzokaralar o‘tkazganini aytdi. Bu Trampning Eronni yadroviy qurol yaratishdan tiyish bo‘yicha kelishuvga erishish harakatlari doirasida bo‘ldi.
«Menimcha, Eron masalasida yaxshi yangiliklarga ega bo‘lishimiz mumkin», — dedi Tramp Nyu-Jyersida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida.
Tramp muzokaralarda jiddiy siljish bo‘lganini bildirdi, biroq AQShning maxsus vakili Stiv Uitkof va Eron delegatsiyasi o‘rtasidagi Rimdagi muzokaralarning tafsilotlarini ochiqlamadi.
«Keyingi ikki kun ichida sizlarga yaxshi yoki yomon xabar berishim mumkin, bilmayman. Lekin ichimda nimadir yaxshi bo‘lishi mumkin degan tuyg‘u bor», — deya Trampdan iqtibos keltirmoqda Reuters nashri.
AQSh va Eron muzokaralarining navbatdagi raundi Rim shahridagi Ummon elchixonasida bo‘lib o‘tmoqda. Unda Eronning yadroviy dasturini cheklash evaziga AQSh tomonidan joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalarni yumshatish masalalari muhokama qilingan.
Eron delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi boshchilik qilayotgan bo‘lsa, AQSh tomonidan Yaqin Sharq bo‘yicha elchi Stiv Uitkoff hamda Davlat departamentining siyosiy rejalashtirish direktori Maykl Anton ishtirok etdi.
AQSh hukumati Pentagondagi jurnalistlar faoliyatini chekladi
Pentagon rahbari Pit Hegset jurnalistlarga Mudofaa vazirligi binosining aksariyat hududiga maxsus hamrohsiz kirishni taqiqlovchi buyruqni imzoladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar maxfiy ma’lumotlar himoyasini kuchaytirish uchun zarur.
«Pentagon oldingidek shaffoflik tamoyiliga sodiq bo‘lsa-da, idora shu bilan birga maxfiy va sir tutilishi lozim bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini himoya qilish majburiyatiga ham ega. Bunday ma’lumotlarning ruxsatsiz oshkor qilinishi AQSh harbiy xizmatchilari hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin», — deydi Hegset.
Buyruqqa ko‘ra, akkreditatsiyaga ega jurnalistlar Pentagon shtab-kvartirasiga kirish uchun rasmiy ruxsat olishi kerak. Bino bo‘ylab harakatlanishida esa ularga maxsus xodim hamrohlik qiladi.
Idora press-puli manfaatlarini targ‘ib qiluvchi Pentagon matbuot assotsiatsiyasi yangi qoidalarni OAV erkinligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid deb atadi. Ularning ta’kidlashicha, jurnalistlar har doim, hatto 2001 yil 11 sentabr teraktidan keyin ham Mudofaa vazirligi bo‘ylab to‘siqsiz harakatlangan.
Mavzuga oid

13:40
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti

13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti

14:21 / 24.05.2025
Harvarddagi mojaro, geosiyosiy tanlov oldida qolgan Serbiya va Rossiyaga tahdid qilgan G7 – kun dayjesti

13:49 / 23.05.2025